Prezidentimiz Yashil ipak yo‘li doirasidagi xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi

20.10.2023, 10:00

Prezidentimiz Yashil ipak yo‘li doirasidagi xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pekin shahrida “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumining ochilish marosimida hamda “Inson va tabiat uyg‘unligi yo‘lida “Yashil ipak yo‘lini” birgalikda barpo etish” mavzusidagi yalpi yig‘ilishida ishtirok etdi va va bir qator takliflarni ilgari surdi.

Xitoyning har tomonlama strategik sherigi sifatida O’zbekiston birinchilardan bo‘lib “Makon va yo‘l” tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan va mazkur tashabbusning asosiy maqsad va vazifalarini yanada ilgari surishning qat’iy tarafdoridir. Shu sababdan ham davlatimiz rahbari “Yashil ipak yo‘li” tashabbusi mohiyat e’tibori bilan umumiy “yashil” kelajak kun tartibini shakllantirishini ta’kidladi.

O’zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan maxsus rezolyutsiya doirasida Orolbo‘yida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududlarini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni amalga oshirayotgani ta’kidlandi.

Markaziy Osiyoda “yashil” taraqqiyot sohasidagi maqsadlarga erishish yo‘lida fikr almashish va sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun O’zbekiston rahbari 2024 yilda Samarqand xalqaro iqlim forumini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi. Mamlakatimiz “Yashil ipak yo‘li” doirasida keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Shu munosabat bilan O’zbekiston yetakchisi Xitoy hamda “Makon va yo‘l” tashabbusining boshqa ishtirokchilari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Markaziy Osiyoning “yashil” kun tartibi” va “Yashil ipak yo‘li” konseptual tashabbuslarini o‘zaro bog‘lash doirasida iqtisodiyot tarmoqlarini “yashil” taraqqiyot talablari asosida transformatsiya qilish va raqamlashtirish, transport va energetika tarmoqlarida barqaror infratuzilmani yaratish, “yashil” sanoat quvvatlarini ishga tushirish, kambag‘allikni qisqartirish va “aqlli” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish choralari va loyihalarini o‘z ichiga olgan “Yashil” taraqqiyot dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari kam uglerodli iqtisodiyot va “toza” texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqa mamlakatlarida yuqori ekologik standartlarni joriy etish maqsadida O’zbekistonda “Yashil moliyalashtirish” jamg‘armasini ta’sis etishni taklif qildi. Shuningdek, O’zbekiston yetakchisi “yashil” mahsulotlar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining o‘zaro savdosidagi cheklov va to‘siqlarni kamaytirishga chaqirdi.

“Yashil” energetikaga o‘tish bo‘yicha muloqotni faollashtirish va “Makon va yo‘l” tashabbusiga qo‘shilgan mamlakatlar vazirlarining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish taklifi bildirildi.

O’zbekiston Prezidenti Orolbo‘yi xalqaro innovatsiyalar markazi negizida “yashil” bilim va yechimlarni transfer qilish bo‘yicha ilmiy-axborot platformasini ishga tushirish tashabbusini ilgari surdi.

“Yashil” taraqqiyot va ekologiya sohasi uchun malakali kadrlar tanqisligi ortib borayotganini hisobga olib, davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti negizida yetakchi xorijiy oliygohlar va ta’lim markazlari bilan hamkorlikda “Yashil” taraqqiyot va ekologiya sohasida mutaxassislar tayyorlash va akademik almashuvni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dastur ishlab chiqishni taklif etdi.

Umuman olganda, Markaziy Osiyo jahondagi iqlim o‘zgarishi oqibatlaridan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan mintaqalardan biri ekanini hisobga olsak, davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan tashabbuslar mintaqamizdagi anomal ob-havo sharoitlari, tez-tez yuz berayotgan qurg‘oqchilik va chang bo‘ronlari, yerlarning shiddat bilan degradatsiyaga uchrashi va cho‘llanishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi ko‘rinishida namoyon bo‘layotgan murakkab ekologik vaziyatni oldini olishga xizmat qiladi.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    133
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+