Guliston shahrida aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish hamda oziq-ovqat xavfsizligi borasida amalga oshirilgan ishlarning holati qay darajada

06.11.2023, 10:01

Guliston shahrida aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish hamda oziq-ovqat xavfsizligi borasida amalga oshirilgan ishlarning holati qay darajada

Ma’lumki, bugun dunyoda yuzaga kelgan tahlikali vaziyat, global siyosiy taranglashuv natijasida dunyo bozorlarida yuzaga kelgan keskin tebranishlarning ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga salbiy ta’sirini kamaytirish, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz va kafolatli ta’minlash, bozorlarda narxlar barqarorligini saqlab turish davlat siyosatining ustuvor maqsadlaridan biridir.

Shuningdek, rivojlangan va rivojlanayotgan har qanday davlatning asosiy va dolzarb muammolaridan biri bandlik masalasidir. Birinchi raqamli deb aytilayotgan mazkur muammoni O’zbekiston sharoitida hal qilishning birdan bir yo‘li tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ularga tashkiliy va huquqiy yordam ko‘rsatish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratishdir.

Yuqoridagi dolzarb masalalar yuzasidan hududlarni mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yilning iyul-avgust oylarida viloyatlarga tashrifi davomida qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, hududlarga investitsiyalarni keng jalb etish, sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, borasida bir qator vazifa va topshiriq berilgan edi.

Mazkur masalalar doirasida joylarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari A.Xaitov rahbarligidagi Qonunchilik palatasining deputatlaridan iborat ishchi guruh Sirdaryo viloyatinig Guliston shahrida jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganishlar olib bordi.

Ushbu masalalarni joyida o‘rganish maqsadida, Ishchi gruh a’zolari Guliston shahrida faoliyat yuritayotgan bir qator tadbirkorlik sub’ektlari, ishlab chiqarish korxonalarida bo‘lib mavjud muammolarga yechim izlash borasida mas’ul mutasaddilar ishtirokida muhokamalar o‘tkazildi.

O’rganishlar davomida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar, kelgusida belgilangan asosiy vazifalar, shuningdek, aholi bandligini ta’minlash, shaharda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati tahlil qilindi.

Tahlillarga ko‘ra, Guliston shaharida ayni paytda aholi soni 100,1 ming tashkil qilib, hisob kitoblarga ko‘ra, shahar aholisi extiyoji uchun bir yilda o‘rtacha 5,3 ming tonna kartoshka, 6,6 ming tonna un, 1,0 ming tonna guruch, 0,9 ming tonna o‘simlik yog‘i, 1,9 ming tonna mol go‘shti, 1,5 ming tonna parranda go‘shti va 20,9 mln dona tuxum mahsulotlari zarur.

Shahar aholisini o‘sishini inobatga olib, 2023-2024-yil qish-bahor fasllarida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, narx-navoni oshib ketmasligini nazorat qilish maqsadida joriy yilning dekabr oyiga qadar jami 3059.0 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari jamg‘arish rejalashtirilgan.

Ushbu belgilangan rejalarni to‘liq va samarali tashkil etilishini o‘rganish maqsadida, deputatlar tomonidan “Bunyodkor go‘sht, sut savdo invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lishdi. Shuningdek, un zahiralarni jamg‘arilganligi holatini shaharda faoliyat yuritayotgan “Baqqol don savdo” MChJ misolida o‘rganishlar olib borildi.

Shu bilan bir qatorda, ishchi guruh a’zolari aholi bandligini ta’minlash, shaharda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qabul qilingan manzilli dastur ijrosi masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi.

Ma’lumotlarda keltirilishicha, Guliston shaharda joriy yil 1-oktyabr holatiga 3272 ta korxona va tashkilotlar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, shundan qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida 84 ta, sanoatda 329 ta, qurilishda 362 ta, savdo soxasida 1221 ta, tashish va saqlashda 60 ta, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlarda 178 ta, axborot va aloqa sohasida 75 ta, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda 88 ta, boshqa turdagi xizmatlar ko‘rsatishda 875 tani tashkil etmoqda. Mazkur korxona va tashkilotlarda ko‘p minglab aholi mehnat qilib doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan.

Ammo endigina mehnat bozoriga kirgan yoshlar, o‘z-o‘zini band qilish istagidagi aholi, migratsiyadan qaytib kelgan vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolar, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”larida ro‘yhatda turgan aholini ish bilan ta’minlash holati aslida qanday?

Shaharda 2023 yilda ishsizlarni doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ishlarda band qilish bo‘yicha yillik reja 10973 ta etib belgilangan. Amalda ushbu belgilangan vazifalar qay darajada bajarilgan?

Deputatlar yuqoridagi savollarga javob topish maqsadida, Guliston shahrida ishsiz aholini ish bilan band qilish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, kambag‘allikni qisqartirish, endigina faoliyatini boshlagan tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan amaliy yordamlar, shuningdek tadbirkorlik qilish istagidagi aholiga ajratilayotgan kredit va subsidiyalardan to‘g‘ri va samarali foydalanish holatlari o‘rganildi.

O’rganishlar davomida “Turkiston” tadbirkorlik majmuida bo‘lib, u yerda faoliyat yuritayotgan hamda endigina o‘z faoliyatini boshlagan tadbirkorlar, ishsiz aholini band qilishning amaliy misoli ko‘zdan kechirildi. Mazkur ob’ektda 20 dan ortiq tadbirkorlar o‘z faoliyatlarini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, yuzga yaqin yangi ish o‘rinlarini yaratishgan.

Ishchi guruh a’zolari 10 ortiq tadbirkorlik sub’ektlari, oilaviy tadbirkorlar, subsidiya va imtiyozli kreditlar asosida o‘z faoliyatini boshlagan tadbirkorlarning ish jarayonlari bilan tanishishdi.

O’rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha mas’ul mutasaddilarga taklif va tavsiyalar berildi.

O’rganishlar natijasi yuzasidan Xalq deputatlari shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida mas’ullar axboroti eshitilishi tegishli komissiyalar qarori qabul qilindi.

Sardor G’iyosov,

Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    100
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+