Partiyaviy loyihalar xotin-qizlarimizning jamiyatdagi mavqeini oshirishga xizmat qilmoqda

13.11.2023, 16:51

Partiyaviy loyihalar xotin-qizlarimizning jamiyatdagi mavqeini oshirishga xizmat qilmoqda

O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va Toshkent  shahar Kengashi “Ayollar qanoti” tashabbusi bilan “Bunyodkor ayollar” loyihasi doirasida “O’zbekiston – 2030” strategiyasi - farovon hayotimiz kafolati!” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Ta’kidlanganidek, O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi “O’zbekiston - 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida strategiyaning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha jamoatchilik nazorati tadbirlari, partiyaviy loyihalar, turli davra suhbatlari o‘tkazib kelmoqda.

Xususan, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, gender tenglik masalasi, ayollarimizni turli tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish, ishsiz ayollarimizni turli kasb-hunarlarga o‘rgatish, tadbirkorlikka jalb qilish, ularning bandligini ta’minlash, tibbiy savodxonligini oshirish, sog‘lomlashtirish borasida ham aniq amaliy ishlar olib borilmoqda.

Toshkent shahridagi “Ishga marhamat!” monomarkazida tashkil qilingan davra suhbati ham ayni shu maqsadlar qamrab olindi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari,  Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavludaxon Xo‘jayeva so‘nggi yetti yillikda mamlkatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtaldi. Bu borada ijtimoiy himoya tizimida mutlaqo yangi yo‘nalish – xotin-qizlar muammolarini o‘rganib, hal etish uchun «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» va «Temir daftar» joriy etilgani, ehtiyojmandlarining uy-joy ta’minoti, yashash va mehnat sharoitlarini yaxshilash, daromadlarini oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, ayollarni qo‘llab-quvvatlash masalalarida davlat rahbarining bevosita tashabbusi bilan 30 dan ortiq farmon va qarorlar hamda hukumat qarorlari qabul qilinganligini qayd etib o‘tdi.

Jamiyatimiz rivojida muhim o‘rin tutuvchi xotin-qizlarning muammolarini bartaraf etish, ularning o‘z hayotlaridan rozi bo‘lib yashashini ta’minlash yo‘lida olib borilayotgan chora-tadbirlar ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Ishonchimiz komilki, “O’zbekiston – 2030” strategiyasida ham aynan ushbu yo‘nalishda belgilangan maqsad-vazifalar, bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarimizni izchil davom ettirishga erishamiz, – deya barcha ishtirokchilarga samimiy minnatdorligini bildirdi.

Shuningdek tadbirda yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgan “O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati tushuntirib berildi. Mazkur hujjatda gender tenglik masalasi ham o‘rin olganligi alohida e’tirof etildi.

Tadbir so‘ngida partiyaga a’zo bo‘lish istagini bildirgan Toshkent shahridagi “Ishga marhamat!” monomarkazi xodimlarining 10 nafariga a’zolik guvohnomalari topshirildi.

  • Ko'rildi
    80
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+