Ishsiz xotin-qizlar kasb-hunarga o‘qitilmoqda

27.11.2023, 11:16

Ishsiz xotin-qizlar kasb-hunarga o‘qitilmoqda

Andijon shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida “Tadbirkor ayollar yurtimiz tayanchi!” mavzusida tadbir va mahorat darslari o‘tkazildi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 25- maqsadida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ayollarni kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandlik, kasanachilik sohalariga keng jalb etish bo‘yicha qator vazifalar belgilangan. Ana shu vazifalar ijrosi doirasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zLiDeP viloyat kengashi tomonidan amalga oshirilayotgan “Bunyodkor ayollar” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbir va mahorat darslarida partiya viloyat hamda Andijon shahar kengashlarining ayollar masalalari bo‘yicha mas’ullari, faollari, tadbirkor ayollar, hunar o‘rganish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan xotin-qizlar ishtirok etdi.  

Tadbirning ochilishida O‘zLiDeP Andijon shahar kengashi bo‘lim mudiri J. Jiyanov, “Ishga marhamat!” monomarkazning xizmat ko‘rsatish va servis bo‘limi boshlig‘i M. Qurbonova so‘z olib, mamlakatimizda xotin-qizlarning zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rganishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, partiya va monomarkaz hamkorligida bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini aytib o‘tdi.  

Shundan so‘ng ishtirokchilar monomarkaz faoliyati, xususan, mahallalardagi ishsiz, lekin kasb-hunar o‘rganish istagi bo‘lgan “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan ishlash, tikuvchilik, qandolatchilik, kompyuter savodxonligi,dizaynerlik, sartaroshlik, bog‘cha tarbiyachisi,  kompyuter savodxonligi va til o‘rgatish yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarga markazdagi jarayonlar haqida keng tushuncha va ma’lumotlar berildi.

–Mahallamizdagi ishsiz, lekin hunar o‘rganish istagidagi opa-singillarimizga hunar o‘rgatish, ularning bandligini ta’minlashda Monomarkaz hamda O‘zLiDeP “Ayollar qanoti” bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz, – deydi Andijon tumani “Qumko‘cha” mahalla fuqarolar yig‘inining xotin-qizlar faoli Nodiraxon Ahmadaliyeva. – Bugungi tadbirda ham mahallamizdan uch nafar ishsiz ayol ishtirok etdi. Ular o‘zlari tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha mahalla yo‘llanmasi bilan monomarkazda bepul o‘qib, hunar o‘rganishi, keyinchalik o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishi mumkin.  

Monomarkazda tikuvchilik, dizaynerlik va qandolatchilik to‘garaklarida xotin-qizlarga kasb-hunar o‘rgatib kelayotgan tajribali mutaxassislar Omadxon Ahmedova va Feruzaxon Jo‘rayeva tomonidan o‘tkazilgan mahorat darslari tadbirda qatnashgan ko‘plab ishsiz, opa-singillarimizning ana shu hunarlarga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi. Ularning aksariyati monomarkazda o‘qish, kasb-hunar o‘rganish istagini bildirdi.  

  • Ko'rildi
    164
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+