“Yashil” iqtisodiyotga o‘tish va uglerod neytralligiga erishish Yangi O’zbekistonning ustuvor strategik vazifasi

05.12.2023, 12:09

“Yashil” iqtisodiyotga o‘tish va uglerod neytralligiga erishish Yangi O’zbekistonning ustuvor strategik vazifasi

So‘nggi yillarda mamlakatimiz rahbariyati tomonidan olib borilayotgan tinchlik, tenglik va o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan xalqaro siyosat tufayli davlatimizning xalqaro maydonlardagi nufuzi borgan sari oshib bormoqda. Buni shaxsan Prezidentimiz, yoki davlatimiz vakillari qatnashayotgan nufuzli anjumanlarda delegatsiyamiz a’zolariga bo‘lgan munosabatdan ham bilsa bo‘ladi.

Bunga Dubay shahrida o‘tayotgan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasining (COP28) asosiy yalpi sessiyasi ishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning anjumanda 140 nafar davlat rahbari orasida birinchi o‘ntalikda, Markaziy Osiyo davlatlari ichida esa birinchi bo‘lib nutq so‘zlaganida ham yana bir bor guvoh bo‘ldik.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida hozirgi davrda iqlim muammolari jahondagi barqaror rivojlanish yo‘lida eng asosiy tahdidga aylanib ulgurganini, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari zamonamizning eng ayanchli ekologik inqirozlaridan biri – Orol fojiasi tufayli Markaziy Osiyo va unga yondosh mintaqalarda ayniqsa jiddiy sezilayotganini ta’kidlar ekan, yig‘ilganlarning e’tiborini ayrim faktlarga qaratdi.

Masalan, Markaziy Osiyoda havo haroratining oshishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p, so‘nggi yillarda favqulodda issiq kunlar soni 2 marta ortdi, muzliklar maydonining uchdan bir qismi erib yo‘qoldi.

Tuproq yemirilishi, muntazam chang va qum bo‘ronlari, ichimlik suvi taqchilligi, havo iflaslanishi, bioxilma-xillik qisqarishi, hosildorlikning keskin pasayishi va ko‘plab boshqa muammolar mintaqada istiqomat qilayotgan millionlab odamlarning turmushi sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Prezidentimiz “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va uglerod neytralligiga erishish Yangi O’zbekistonning ustuvor strategik vazifasi ekanini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining xalqaro minbarlarda so‘zlagan har bir nutqi, ilgari surgan har bir taklif va tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan iliqlik bilan kutib olinmoqda. Dunyoning yetakchi davlat arboblari, siyosatchilari va mutaxassislar tomonidan yuqori baholanmoqda. Bu xayrli an’ana yana davom etdi.

Prezidentimiz bu anjumanda ham bir qator takliflarni ilgari surdi. Jumladan, Parij shartnomasi doirasida Iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasidagi Global hadli mexanizmni tezroq kelishishga chaqirdi. Global miqyosda kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish adolatli, shaffof va inklyuziv bo‘lishi zarurligi, bunda rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlari albatta inobatga olinishi juda muhimligi qayd etildi.

Bu dolzarb muammoni muntazam ravishda, shu jumladan “Katta yettilik” va “Katta yigirmalik” formatlari kun tartiblarida ko‘rib chiqib borish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari Orolbo‘yi hududini Innovatsiyalar, texnologiyalar va yangi imkoniyatlar mintaqasiga aylantirish uchun bu yerda ilg‘or bilim, tajriba va yechimlarni qo‘llash maqsadida Iqlim texnologiyalari xalqaro ekspo-xabini yaratishda barchani yaqin hamkorlikka taklif etdi.

Shuningdek, Prezidentimiz Toshkentdagi “Yashil universitet” negizida tashkil etilayotgan Iqlim ilmiy forumi doirasida yaqin ilmiy almashinuvni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishga chaqirdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan bu takliflar iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari va ekologik muammolarni xalqaro hamkorlikni doimiy ravishda mustahkamlash orqali hal qilishda qo‘l kelishi shubhasiz.

Nodira KARIMOVA

Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashi kotibiyati mudiri

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    93
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+