Maqsadlar ulkan, vazifalar jiddiy

13.12.2023, 12:28

Maqsadlar ulkan, vazifalar jiddiy

O‘zLiDeP Andijon viloyati kengashida partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) kengashlari deputatlari, partiya  hududiy kengashlari apparat rahbarlari, faxriylar, yoshlar parlamenti a’zolari, faollar ishtirok etdi.

Tadbirda partiya yetakchisi so‘zga chiqib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritilgan o‘zgartishlar, xususan, mojaritar va proporsional saylovlar haqida tushuncha berdi. Shuningdek, hozirgi kunda dolzarb bo‘lib turgan to‘rtta asosiy masalaga atroflicha to‘xtaldi.  Jumladan,  “O’zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlar ijrosi bo‘yicha ishchi guruhlar tomonidan jamoatchilik nazorati tadbirlarini tizimli tashkil qilib borish g‘oyat dolzarb ekanini ta’kidladi. Bu borada barcha hududlarda bo‘lgani kabi Andijon viloyatining tuman va shaharlarida ijtimoiy soha ob’ektlari, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari, oziq-ovqat zaxiralari hamda farmatsevtika yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar atroflicha o‘rganilib, partiya deputatlik guruhi tomonidan mansabdor shaxslarning hisobotlari eshituvlari o‘tkazilayotgani qayd etildi.

Ishchi guruhlar faoliyati samaradorligini oshirish borasida  strategiyadagi mamlakatimiz barqaror rivojlanishi istiqbolini ko‘zlagan 100 ta maqsadni amalga oshirish bo‘yicha partiya tomonidan “Har bir oila –  tadbirkor”, “Ishbilarmon ayol”, “Bir deputat 100 ayolga ko‘makchi”, “Bunyodkor ayollar”, “Mening biznes loyiham” kabi loyihalar asosida ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.

Ushbu tizimli ishlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining to‘g‘ri sarflanishi yuzasidan jamoatchilik va parlament nazoratini yanada oshirish kerakligi aytildi. O’z navbatida aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha yangi loyiha, taklif va rejalarni ishlab chiqib, qonunchilik va partiyamiz saylovoldi dasturlarida belgilangan tadbirkorlar faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlash va rivojlantirish borasidagi  harakatlarini  qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z tavsiya va takliflarini berib o‘tdi.

Shuningdek, joriy yilning 21 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yer resurslaridan oqilona foydalanish, yer hisobini yuritish hamda kadastr xizmatlarining sifatini yaxshilash hamda 29 noyabr kuni qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida o‘tkazgan  videoselektor yig‘ilishida qo‘yilgan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan “Suvni tejash – burchimiz” loyihasi doirasida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Darhaqiqat, siyosiy kuch saylovoldi dasturida ham ko‘rsatib o‘tilganidek, suv resurslari muammosi kelgusi o‘n yillikda mintaqamiz va mamlakatimiz uchun eng dolzarb masala bo‘lib qolayotgani qayd etildi.

Shu o‘rinda partiya rahbari saylov qonunchiligidagi yangiliklar xususida, qonunchilik normalari, saylov tizimidagi yangiliklar bo‘yicha ham ma’lumotlar berib o‘tdi. Ushbu yo‘nalishda davomli ravishda amaliy seminarlar tashkil etish maqsadga muvofiqligini qayd etdi.  

Partiya faollaridan Manzuraxon Egamova va  O’ktam Axunov ham so‘zga chiqib, yig‘ilish kun tartibiga kiritilgan muhim masalalar yuzasidan joylarda olib borilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalar xususida o‘z fikr va mulohazalarini bildirishdi.

Yig‘ilish yakunida barcha partiya faollari oldida turgan muhim vazifalar hamda “O’zbekiston – 2030” strategiyasidagi ustuvor maqsadlarni amalga oshirish borasidagi ishlar belgilab olindi.

                                               O‘zLiDeP Andijon viloyat kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    105
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+