Surxondaryoda “Ayollar daftari” tizimining 4-bosqichi doirasida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi

20.12.2023, 15:50

Surxondaryoda “Ayollar daftari” tizimining 4-bosqichi doirasida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi

Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ayollarning baxti asosiga qurilmoqda, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Negaki, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, muammolarini hal etish, nafaqat jamiyatda, balki oilada ham o‘z o‘rniga ega bo‘lishlari uchun sharoit yaratish maqsadida qator islohotlar amalga oshirilayotir. Bu amaliy ishlarning natijasi o‘laroq, ayolllarimizning hayoti, yashash turmushi yaxshilanmoqda.

Surxondaryo viloyati kasaba uyushmalari Federatsiyasida Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasining joriy yilning o‘tgan davri mobaynida vohada amalga oshirilgan 4-bosqich ishlarning natijalariga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda o‘tgan davr mobaynida qo‘l urilgan amaliy ishlarning natijalari sarhisob qilindi.

Kasaba uyushmalari federatsiyasi, oila va xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari bilan birga, Komissiya a’zosi sifatida O’zLiDeP Fraksiyasi rahbari, Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Aktam Xaitov ishtirok etgan yig‘ilishda “Ayollar daftari” tizimining 4-bosqichi doirasida 2023 yil davomida Surxondaryo viloyatida amalga oshirilgan ishlarning tanqidiy tahlili hamda 2024 yilda amalga oshiriladigan vazifalar to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilindi.

Aytish kerakki, joriy yilda “Ayollar daftari” tizimining 4-bosqichi doirasida Surxondaryo viloyatida 30 ming 216 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi, 1 ming 887 nafar xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun jami 24 mlrd 231 mln so‘mlik kreditlar ajratildi. Shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan 15 ming 44 nafar xotin-qizlarga, ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek tezkor tibbiy yordamga muhtoj 11 ming 652 nafar xotin-qizlarga hamda qaramog‘ida nogiron farzandi mavjud 10 ming 170 nafar xotin-qizlarga jami 27 mlrd 465  mln so‘m miqdorida moddiy yordamlar ko‘rsatildi.

Shu bilan birga, boquvchisini yo‘qotgan 117 nafar hamda ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan va tezkor tibbiy yordamga muhtoj 90 nafar xotin-qizlarning uy-joylari ta’mirlandi. Uy-joyga muhtoj bo‘lgan 499 nafar xotin-qizning esa uy-joy sharoitlarini yaxshilash choralari ko‘rilgan bo‘lsa, shundan 66 nafari arzon uy-joylar bilan ta’minlandi.

Yig‘ilishda bulardan tashqari vohalik ayollarga tibbiy, psixologik hamda huquqiy yordam ham ko‘rsatilgani misollar bilan keltirildi. Endilikda Prezidentimiz tomonidan 2024 yilda “Ayollar daftari” tizimi doirasida Respublika bo‘yicha jami 1 mln nafar, jumladan, Surxondaryo viloyatidagi 64 ming 500 nafar xotin-qizlarga amaliy yordam berish, ushbu yordamlar sifatini yanada oshirish bo‘yicha topshiriq berganliklari va ushbu topshiriqni bajarish uchun barcha birgalikda harakat qilish lozimligi ta’qidlandi. Va ushbu yo‘nalishda qilinajak rejalar va chora-tadbirlar belgilab olindi.

Bir so‘z bilan aytganda, ayollarning taqdiri, buguni va kelajagi uchun davlat siyosati darajasidagi yuksak e’tiborning ifodasi bo‘lgan bunday sharoitlar va imtiyozlar mamlakatimiz tarixida hali bo‘lmagan. Bugun opa-singillarimiz qalbida jo‘sh urayotgan shukronalik va yurtdan, Yurtboshidan minnatdorlik hissi amaliy faoliyatimizga ko‘chib, har bir sohada yuksak natijalarga erishishga ruhlantirmoqda. Zero, bugun Prezident ishonchi va mehridan ayollarning qaddi baland, e’zoz va ehtiromidan ruhi tetikdir.

O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi

matbuot xizmati

 

  • Ko'rildi
    65
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+