Ushbu yilda partiyamiz yoshlar bilan ishlash yo‘nalishida talay yangi g‘oya va loyihalarni amalga oshiradi

04.01.2024, 16:09

 Ushbu yilda partiyamiz yoshlar bilan ishlash yo‘nalishida talay yangi g‘oya va loyihalarni amalga oshiradi

Prezidentimiz tomonidan 2024 yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilingani O‘zLiDeP a’zolari, faollarini g‘oyat quvontirdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha  tadrijiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Partiyamiz ham mazkur siyosatga hamohang ish olib boryapti. O‘zLiDeP dasturiy maqsadlarini qo‘llab-quvvatlovchi 1 mln 300 mingdan ziyod a’zoning 60 foizini yoshlar,  navqiron tadbirkorlar tashkil qilishi  ham siyosiy kuchning  yoshlar huquq va manfaatlari himoyachisiga aylanganidan dalolat beradi.

Tarixiy tajribadan ma’lumki, mamlakatning rivoji va farovonligi, eng avvalo, unda istiqomat qilayotgan yoshlarni to‘g‘ri tarbiyalash va ular uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishiga bog‘liq. Xalqaro hamjamiyat yoshlar salohiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish orqali mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, turli sohalar taraqqiyotining yangi bosqichiga erishish mumkinligini ta’kidlayapti.

Prezidentimiz 2017 yili BMT Bosh Assambleyasida yoshlar huquqlari bo‘yicha konvensiya qabul qilish tashabbusini ilgari surish orqali davlatlarni yoshlar taqdiri va kelajagi borasida mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishga chaqirgandilar. 2024 yilga berilgan nomni mazkur tashabbusning davomi, uzviy bog‘liqlik sifatida qabul qilish mumkin.

“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da partiyamiz yoshlar bilan ishlash borasida  bir qancha tashabbuslarni ilgari suradi.

Birinchi. Partiyaning dasturiy maqsadlarida aynan yoshlar siyosati bo‘yicha partiyaning pozitsiyasi to‘liq belgilab berilgan bo‘lib, bu boradagi ishlar yangi bosqichga olib chiqiladi.

Ikkinchi. “O’zbekiston – 2030” strategiyasida yoshlarni bandligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, kasb-hunarga yo‘naltirish, intellektual salohiyatini ro‘yyobga chiqarish bo‘yicha belgilangan maqsadlar ijrosini ta’minlashga qaratilgan partiyaviy tadbirlarni uyushqoqlik bilan muntazam tashkil etiladi.

Uchinchi. Partiyaning “Yoshlar qanoti” jamoatchilik kengashi faoliyati samaradorligini yanada oshirish, mazkur tuzilmalarga yurtimizdagi faol, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan yoshlarni jalb etish hamda yoshlarni ushbu kengash faoliyati bilan yaqindan tanishtirish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar belgilanadi.

To‘rtinchi. Partiya tadbirkorlikdagi yoshlar ulushini oshirish tarafdori. Shundan kelib chiqqan holda  “Yosh tadbirkorlar ligasi” muloqot platformasi tashkil etiladi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, ushbu yilga berilgan nom  yoshlar va biznes tuzilmalari bilan ishlash sohasida mamlakatimizda olib borilayotgan amaliy ishlarning mantiqiy davomi bo‘lib, partiyaning dasturiy maqsadlariga to‘la mos keladi.

 Abdullo ASLONOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi
Ijroiya qo‘mitasi raisining

 yoshlar masalalari bo‘yicha  o‘rinbosari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    115
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+