Yangi O’zbekistonni yashil makonga aylantiraylik!

12.01.2024, 10:20

Yangi O’zbekistonni yashil makonga aylantiraylik!

Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida “Yangi O’zbekistonni yashil makonga aylantiraylik!” shiori ostida  “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da  ko‘chat ekish mavsumining boshlanishi munosabati bilan ko‘rgazmali amaliy seminar tashkil etildi.

Seminarda Bosh Vazir o‘rinbosari Shuhrat G’aniyev, O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xaitov, Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi rahbari Ma’murjon Abdullayev va boshqalar so‘zga chiqishib, bugungi kunda  mamlakatimizning barcha hududlarida Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon”  umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish mavsumi uyushqoqlik bilan olib borilayotganligi, ko‘chat ekish ishlari yakunlangach, ekilgan har bir ko‘chatni sug‘orish va parvarishlash borasidagi mas’uliyatli vazifa haqida tushuntirish targ‘ibot ishlarini  olib borish zarurligini alohida e’tirof etishdi.

Ko‘chat ekish aksiyasida soha mutaxassislari, vohadagi fermer, dehqon xo‘jaliklari raislari, tomorqa yer egalari, oilaviy tadbirkorlar, hokim yordamchilari, yoshlar faol qatnashdilar.

Tumanda 600 ta fermer xo‘jaligi bo‘lib, bu yil jami 150 ming tup, shundan 90 ming tup tut, 30 ming qayrag‘och va 30 ming jiyda ko‘chatlari ekiladi. Fermer xo‘jaliklariga qarashli 155 km kanallar va ariqlarni betonlash ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.

- Ekologiyaning buzilishi, atrof muhitning ifloslanishi va  iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari har bir yurtdoshimizni ogoh etishi kerak, - dedi  O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xaitov. - Tabiat injiqliklariga qarshi kurashish orqali iqtisodiyot barqarorligini ta’minlay olamiz. Bugun Nishon tumani mahallalarini kezar ekanmiz, odamlarning davlatimiz rahbari tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan holda katta ko‘tarinkilik bilan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishida qatnayotganligining guvohi bo‘ldik. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, ekish uchun iqlimga mos ko‘chatlar tanlangandagina, ularni ko‘kartirish va parvarishlash yaxshi samara beradi. Shu o‘rinda Nishonlik mirishkorlarning ko‘chat yetishtirish borasidagi amaliy ishlari tahsinga sazovor ekanligini ta’kidlamoqchi edim. Tumandagi Navruz mahallasida yashovchi Gulmat Turdiyev fermer xo‘jaligi dalasida 50 ming tup tut ko‘chati, “Umr bunyodkori” MFYda yashovchi tomorqa yer egasi Ulug‘bek Oxmonov xonadonida 20 ming tup tut ko‘chati yetishtirib, fermer xo‘jaliklari va xonadon egalariga sotish orqali mo‘maygina daromad qilishmoqda. Ular tajribasini voha bo‘ylab ommalashtirish borasida ko‘rsatmalar berdik.

Shu kuni tumandagi “Yoshlar diyori” MFY hududidagi 1 gektar maydonga 1100 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, “Yashil makon” bog‘i yaratildi.

  • Ko'rildi
    61
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+