Suv iqlim va iqtisodiyotimiz barqarorligi asosi

19.01.2024, 16:13

Suv iqlim va iqtisodiyotimiz barqarorligi asosi

Suv - bizga hayot ulashadigan, sayyoramiz iqlimi va mamlakatimiz iqtisodiyoti barqarorligini ta’minlaydigan oltinga teng ma’dandir.  Mamlakatimizda aholi sonining o‘sishi, fermer, dehqon xo‘jaliklarining ko‘payishi, iqtisodiyot tarmoqlarining kengayishi tufayli suv isrofgarchiligini oldini olish, undan tejamli foydalanish dolzarb vazifaga aylandi. Tabiat tomonidan tiriklik olamiga tuhfa etilgan bebaho ne’mat hisoblangan suv zahiralari yildan-yilga kamayib bormoqda. Bir necha yildan buyon sahrolanish davom etayotganligi bois mamlakatimizda mavjud suv resurslaridan maksimal daraja foydalanishga majbur bo‘layapmiz.

Prezidentimizning joriy yil 5 yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora – tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aholining suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish, suv tekin degan tushunchadan voz kechish, suvni tejaydigan texnologiyalarini o‘rnatgan holda suvdan tejamli va oqilona foydalanish borasida ustuvor vazifalar belgilab berildi. 

Suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan qishloq xo‘jalik mahsulotlari  ishlab chiqaruvchilariga suv yetkazib berish xizmatlari uchun to‘lovlar bekor qilinib, maxsus xizmatlar va tuman irrigatsiya bo‘limlari negizida “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tashkil etiladi. Barcha xarajatlari suv solig‘ining 40 foizi hisobiga moliyalashtiriladigan mazkur xizmatlar belgilangan limitlar asosida iste’molchilarga suv yetkazib berish, o‘z hududida suvning hisobi va hisobotini yuritishni raqamlashtirish, sug‘orish tarmoqlari va ulardan gidrotexnika inshoatlarini soz holatda saqlash, ta’mirlash-tiklash tadbirlarini amalga oshirish, suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash, suv monitoringi,  iste’mol qilingan suv hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etib borish ishlari bilan shug‘ullanadi.

O’zbekiston Respublikasining “Soliq va budjet siyosatining 2024 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasi 38-bandiga asosan qishloq xo‘jalik yerlarini sug‘orish va baliqlarni yetishtirish uchun foydalanadigan suv hajmi, shu jumladan dehqon xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun suv solig‘i stavkasi 1 kub metr uchun 100 so‘m etib belgilandi. Bundan buyon har yili 1 aprelga qadar vegetatsiya davri uchun hamda 1 oktyabrga qadar kuz-qish davri uchun yakuniy iste’molchilar kesimida ekinlarni sug‘orish uchun suv olish limitlari xalq deputatlari tuman kengashlari tomonidan taqdiqlanadi. Iste’mol qilingan suv miqdori hisobini yuritmagan va yuritishni istamagan qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun suv solig‘i bazasi kengashlar tomonidan tasdiqlangan limitga nisbatan ikki baravar oshirilgan holda hisoblanadi.

Endilikda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilinganda hamda sug‘orish hamda baliqchilik uchun olingan suv hajmi suv o‘lchash uskunalari asosida aniqlanganda, suv o‘lchagichlardan samarali foydalangan yoki o‘z ekin maydonlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilganlar uchun suv solig‘i stavkasiga 0,7 ( 70 so‘m) va 0,5 (50 so‘m) kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi. Agarda iste’molchi suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilmasa, suv o‘lchash uskunalari o‘rnatmasa unga nisbatan soliq stavkasi 1,5 (150 so‘m) va 2 (200 so‘m) barobar ko‘paytirilib hisoblanadi.

 “Agrobank” ATB tomonidan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha shaffof onlayn kredit ajratish  “Suvkredit.uz”  elektron tizimi ishlab chiqilib, joriy yil 1 fevralga qadar to‘liq ishga tushiriladi. Mazkur tizim orqali suv tejovchi texnologiyalar pudratchilarini shaffof (bosimsiz) tanlash imkoni yaratiladi. Bunda barcha kredit rasmiylashtirish jarayonlari onlayn (smartfon yoki kompyuter orqali) amalga oshiriladi. Sug‘oriladigan yerlarda yangi bog‘lar, uzumzorlar va boshqa ko‘p yillik daraxtzorlar hamda yengil tipdagi issiqxonalar tashkil etishga suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etilgandagina ruxsat beriladi. 

O’tgan yili paxta va g‘allasi sug‘organi uchun ketgan elektr xarajatlaridan subsidiya ololmagan fermerlarga bu yil to‘lab beriladigan bo‘ldi. Suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatish uchun kreditlar 5 yil muddatga 14 foizda, Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatlari uchun esa 10 foizda ajratiladi. 

Yana bir yangilik. Onlayn do‘konlarga o‘xshash reyting tizimi joriy etiladi. Fermer suv tejovchi tizim o‘rnatilgandan keyin pudratchiga baho qo‘yadi va barcha dala mehnatkashlari uchun ibrat vazifasini o‘taydi.  Suv tejovchi texnologiyalar uchun subsidiyalar amalda 2 yilda 50 foizdan ajratilar edi. Endilikda  100 foiz shu yilning o‘zida ajratiladi  va foiz xarajatlari kamroq chiqishi uchun asosan kreditni so‘ndirishga qaratiladi. Barcha maydonlarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish uchun ishchi loyihalar talab qilinadi hamda pudratchilarga 2 yil kafolat va 5 yil servis xizmat ko‘rsatish talabi qo‘yiladi.

Sayyoramizda global isish, cho‘llanish davom etayotgan bugungi kunlarda mamlakatimizning har bir fuqarosi suvni tejash va isrof qilmaslik tamoyilini kundalik mezonimizga aylantirishi shart. Suv havzalariga yetkazilgan salbiy ta’sir natijasida butun ekologik tizim izdan chiqishiga Orol dengizi fojiasi yaqqol dalildir. Suvni har birimiz ko‘z qorachig‘idek asrashimiz, undan oqilona foydalanishimiz, yurtdoshlarimizda ekologik madaniyatni yuksaltirish borasida keng ko‘lamda tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib borishimiz kerak. Chunki suv sayyoramizdagi iqlim barqarorligini belgilab beradigan bebaho ne’matdir.

Aktam XAITOV,

 O’zLiDeP Siyosiy Kengashi  Ijroiya qo‘mitasi raisi,

O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari

 va tomorqa yer egalari kengashi raisi

 

  • Ko'rildi
    70
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+