Yangi sohalarni qamrab olgan jadal hamkorlik

09.02.2024, 15:36

Yangi sohalarni qamrab olgan jadal hamkorlik

O’zbekiston Belarus davlati bilan har tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga katta ahamiyat qaratmoqda. O’zaro tovar ayirboshlash  ko‘rsatgichlarining o‘sishi,  iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarining amalga oshirilishi sharoitida O’zbekiston va Belarus o‘rtasidagi  ko‘p qirrali  munosabatlar jadal rivojlanayotganini alohida ta’kidlaymiz. Madaniyat, kinomatografiya va sport sohalarida qo‘shma tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning  mamlakatimizga rasmiy tashrifi jarayonlari va natijalari ham mazkur tendensiyalarni tasdiqlaydi.

Ayni damda, Belarus Prezidentining ushbu tashrifiga tayyorgarlik doirasida qator tadbirlar, shu jumladan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, hududlar, rektorlar, tibbiyot xodimlari forumlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Masalan, O’zbekiston va Belarus hududlari ikkinchi forumining yakunlari bo‘yicha qiymati 1 milliard dollardan ziyod shartnoma va bitimlar imzolandi.  Uchrashuvda keyingi yillarda O’zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar sifat jihatidan yangi, yanada yuqori bosqichga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi. Tomonlar xalqaro tuzilmalar, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH, ShHT doirasidagi siyosiy muloqot va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga ahdlashib oldilar.

Bundan tashqari, tomonlar yuk tashish uchun qulay sharoit yaratish, xalqaro avtomobilda tashuvchilarni tayyorlash, Janubiy Osiyoning katta bozorlariga eltuvchi multimodal koridorlardan samarali foydalanishga kelishib oldilar.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning ijobiy sur’atini alohida ta’kidlab o‘tamiz. O’tgan yil yakunlariga ko‘ra tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga oshdi. Bundan tashqari, Preziyedntlar tomonidan Hukumatlar oldiga ushbu ko‘rsatkichni yaqin yillarda 1 milliard dollardan ziyodga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Bizningcha, har ikki mamlakat ham tegishli salohiyatga ega. Masalan, Belarus tashqi savdo hajmi bo‘yicha O’zbekistonning 20 ta asosiy savdo hamkorlari qatoriga kiradi. So‘nggi yillarda O’zbekiston Belarus o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanib,  yangi hamkorlik  sohalarini qamrab olmoqda. 2017 yildan buyon mamlakatimizda Belarus kapitali ishtirokidagi  korxonalar soni qariyb 10 baravar  ortdi (2017  yilda 22 tadan,  2023 yilda 209 tagacha). Belarus davlati hududida O’zbekiston sarmoyasi ishtirokidagi 100 dan ziyod  korxona faoliyat yuritmoqda.

2017  yildan  2023 yilgacha ikki tomonlama savdoning umumiy hajmi 182,4 mln. dollardan 620,1 mln. dollargacha oshib, 3,4 baravarga ortdi. O’zbekistonning Belarusga eksporti (2017 yilda) 27,4 mln dan ( 2023  yilda). 119 mln. dollargacha,  4,3 baravar o‘sdi.

 2023 yilda O’zbekistondan Belarusga eksport qilingan asosiy tovarlar tayyor kiyimlar (36,6%), matolar va ip-kalava (17,8%), meva-sabzavotlar va oziq-ovqatlar (17%), elektr texnika tovarlari, jumladan, mis sim (6,6%), turli tayyor buyumlar (5,3%) bo‘ldi. O’tgan yili Belarusdan import qilingan mahsulotlarning asosiy qismini yog‘och (25,1%), qoramol go‘shti (16,5%), traktorlap va motor qismlari (16,2%), sut mahsulotlari (7,3%) tashkil etdi.

Bularning barchasi mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘rnatilgan  bojsiz savdo rejimi hamda bir-birini to‘ldiruvchi iqtisodiyotlarning mavjudligi samarasidir. Ayni damda, savdo-iqtisodiy hamkorlikni va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish uchun  qulay sharoit ham yaratilgan.

Uchrashuvlar yakunida qabul qilingan qarorlar va imzolangan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash va qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgani  muhim ahamiyatga ega.

Belarus Prezidentining tashrifi yakunlari bo‘yicha o‘z navbatida, parlamentlar, vazirlik va hududlar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirish muhimligini ta’kidlaymiz. Yuqori  darajadagi bunday hamkorlik  kooperatsiyaning ustuvor yo‘nalishlarini, xususan, qishloq xo‘jaligi, yengil, oziq-ovqat va elektrotexnika sanoati, farmatsevtika, shaharsozlik, kommunikatsiyalar va boshqa sohalarni qo‘llab-quvvatlashi kerak.

Belarus O’zbekistondan to‘qimachilik, charm mahsulotlari, mis buyumlari, alohida turdagi elepktr texnika tovarlari, meva va sabzavotlar, jumladan, quruq mevalar, yengil avtomobillar, maishiy kimyo va boshqa  tayyor mahsulotlarni yetkazib berishni ko‘paytirish uchun hali amalga oshirilmagan ekksport salohiyatiga ega ekanini alohida  ta’kidlaymiz.   

Shuningdek, ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini kengaytirish orqali O’zbekiston va Belarus mahsulotlarini uchinchi mamlakatlar, xususan, Yevropa, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga olib chiqishda bir-biriga ko‘maklashishi mumkin, bu esa, har ikki mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish manfaatlariga mos keladi.

Aktam XAITOV,
O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    59
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+