Xususiy universitetlar bizga kerakmi?

29.02.2024, 11:51

Xususiy universitetlar bizga kerakmi?

Ta’lim sohasida sifatni ta’minlash, sohani rivojlantirish borasida olib borilgan islohotlar natijasida maktabgacha ta’lim qamrovi 70 foizdan oshdi, maktab ta’limida 300 mingta qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi, xususiy maktablar soni 450 taga yetkazildi, shuningdek, oliy ta’limdagi qamrov 40 foizga yaqinlashib, faoliyat ko‘rasatayotgan oliy ta’lim tashkilotlari 210 taga yetdi.

Lekin keyingi paytlarda mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilgan adolatli va asosiysi, natijadorlikka yo‘naltirilgan istiqbolli islohotlar tufayli tashkil qilingan xususiy ta’lim muassasalariga nisbatan jamoatchilik o‘rtasida ishonchsizlikni keltirib chiqarishga sabab bo‘luvchi ayrim ma’lumotlar ham paydo bo‘lmoqda. Ular asosan maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi va oliy ta’lim tizimida faoliyat yurituvchi xususiy sektor vakillari faoliyatiga tegishlidir.

Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi: “Xo‘sh, xususiy ta’lim bizga kerakmi o‘zi?  Javob esa bitta: “Ha, albatta kerak, faqat amaldagi belgilangan qonun talablariga mos ravishda faoliyat ko‘rsatishi shart!”

Ko‘ryapmizki, davr shiddatli, vaqt esa kutib turmaydi. Demografik o‘sish jadallashyapti, yiliga tug‘ilishlar soni 900 mingdan oshgan, bog‘chaga, maktabga va oliy ta’limga kirib keluvchi talabgorlar ham shunga yarasha ko‘payib bormoqda.

Tanlagan yo‘limiz barqaror taraqqiyot va intellektual salohiyati yuqori bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash ekan, albatta, ta’limni yuksaltirish o‘ta zarur. Buning uchun sohaga faqat davlat emas, balki butun jamiyat investitsiya kiritishi lozim.

Yangi islohotlar davrida ta’limga xorijiy va xususiy investitsiyalarni jalb etish uchun barcha sharoitlar, imkoniyat va huquqiy asoslar yaratildi. Natijada maktabgacha ta’limdagi qamrov 22 foizdan 72 foizga, oliy ta’limda 9 foizdan 38 foizga yetdi. Sohada raqobat muhiti shakllandi, farzandlarimizga sifatli ta’lim berish uchun kurash davom etmoqda. Ota-onalar o‘g‘il-qizlarining zamonaviy kasbga ega bo‘lishlari uchun har qanday sharoitda ham imkoni boricha oliy ma’lumot olishiga intilmoqda.

Bugungi kunda yurtimizda 65 ta xususiy oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ammo ayrim mutasaddilar tomonidan xususiy oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga nisbatan hamon o‘gay munosabatda bo‘lish holatlari kuzatilmoqda. Tabiiyki, taraqqiyotga erishish yo‘lida ba’zan xatoliklar, kamchiliklar va muammolar, albatta, bo‘ladi, buni to‘g‘ri qabul qilishimiz kerak. Eng asosiysi, uchrayotgan katta-kichik xatoliklarni o‘z vaqtida to‘g‘rilash, nuqsonlarni bartaraf etish va muammolarni hal qilish uchun qonuniy asoslarga suyanishimiz zarur.

Muammoli holatlarning kelib chiqish sabablarini aniqlagan holda, ularni bartaraf etish yuzasidan amaliy chora-tadbir ko‘rish xususiy oliy ta’lim muassasasining litsenziyasini olib qo‘yishdan ko‘ra foydaliroq bo‘ladi. Boshqa jihatdan, xususiy ta’limga nisbatan bunday munosabat Prezidentimizning qat’iy siyosiy irodalari natijasida yaratilgan yangi tizimga soya solishi mumkin. Ya’ni, oqibatda ta’lim sohasiga xorijiy va mahalliy investitsiyalar oqimi kamayadi, mavjud xususiy ta’lim tashkilotlari tashabbuskorlari boshqa biznes yo‘nalishlarini tanlashi natijasida qamrov yanada pasayadi, xususiy ta’limdagi jozibadorlikka zarar yetib, ishonchsizlik muhiti yuzaga kelishi mumkin.

O’z navbatida, xususiy ta’lim tashkilotlari ham o‘z qobig‘iga biqinib olmasdan, eng avvalo, davlat idoralari bilan uzviy hamkorlikda barcha amaliy ishlarni qonunlarimizga moslagan holda shaffof tashkil qilishi ancha foydali. Mamlakatimizda shu soha vakillari oldiga xususiy ta’lim tizimini rivojlantirish istiqbollari muhim vazifa sifatida qo‘yilar ekan, qaratilayotgan e’tiborni ham shunga yarasha moslashtirishimiz zarur. Ayniqsa, umid bilan farzandlarini o‘qitayotgan ota-onalarni ortiqcha ovoragarchiliklarga giriftor qilmaslik kerak.

Baxtiyor RUHITDINOV,

 O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

 biznes tuzilmalar va fermerlar bilan  ishlash bo‘limi mudiri

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    121
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+