SAYLOVOLDI DASTURLARI IJROSI: HAYOTGA KO’CHAYOTGAN EZGU MAQSADLAR

29.02.2024, 12:06

SAYLOVOLDI DASTURLARI IJROSI: HAYOTGA KO’CHAYOTGAN EZGU MAQSADLAR

XUSUSIY BIZNES –  BARCHA SOHALAR LOKOMOTIVI

Bundan 21 yil avval mamlakat siyosiy maydoniga kirib kelgan tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi dastlabki yillardanoq o‘z elektorati hisoblangan barcha jabhadagi tadbirkorlar va fermerlar manfaatining ifodachisi sifatida namoyon bo‘lgan edi. Keyinchalik esa jamiyatimizning barcha faol qatlamlarini farovonlik va taraqqiyot maqsadlari yo‘lida birlashtiruvchi yetakchi siyosiy kuch sifatida tanildi.

Ta’kidlash kerakki, xususiy biznes vakillarini qo‘llab-quvvatlash doimo partiyamizning bosh vazifasi bo‘lib kelgan va hozir ham shunday. O‘zLiDePning barcha saylovoldi dasturlarida ham ana shunday qat’iy qarash, yondashuvni shakllantirgan sabablar, omillar  o‘z aksini topgan. Asosiy gap faqatgina o‘rta sinf mulkdorlari partiyani shakllantirgan ijtimoiy qatlam  ekanligida ham emas. Masala shundaki, tadbirkorlar uchun yaratilayotgan shart-sharoit bevosita va bilvosita  mamlakatimizning barcha sohalardagi salohiyati o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, mamlakatimizda har yili yaratilayotgan ish o‘rinlarining 90 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa tadbirkorlikning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotimizdagi o‘rnini ham ko‘rsatadi. Shuningdek, aholini turli-tuman mahsulotlar bilan ta’minlash, narxlar barqarorligini saqlash, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish, zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish, qariyb barcha sohalarga yangi va zamonaviy texnologiyalar, ish uslublarini joriy qilish va boshqa talay yo‘nalishlarda xususiy sektorning ahamiyati beqiyos. Qisqasi, xalq farovonligi, jamiyatimizdagi tinchlik va barqarorlik ko‘p darajada mamlakatda aynan xususiy sektorning roli kuchayishiga bog‘liq. Demak, tadbirkorlik –  barcha sohalar lokomotivi, deb baralla aytish mumkin.

Mamlakatimizda tadbirkorlik yanada keng quloch yozishidan hamma manfaatdorligidan kelib chiqib, O‘zLiDeP hamisha xususiy biznes rivojiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan g‘oya-maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan. Xususan, 2019 yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylov oldidan siyosiy kuch o‘rta va kichik biznesni rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirish borasida bir qancha yirik, ko‘lamdor, eng muhimi, real vazifalarni belgilab olgandi.

 

HAR BIR OILA –  TADBIRKOR

“Har bir oila – tadbirkor” g‘oyasini izchillik bilan hayotga tatbiq etish ham xuddi shunday dolzarb vazifalar sirasiga kiradi. Siyosiy kuch xalqimizning ishbilarmonlik salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, kasanachilik va biznesning boshqa  turlarini keng ommalashtirish, ekin maydonlaridan unumli foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha tizimli ish olib bormoqda. Ayniqsa, mazkur yo‘nalishdagi biznes loyihalarning moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishiga katta e’tibor qaratil yapti. Chunki har qanday biznesning tiklanishi, oyoqqa turishi uchun birinchi navbatda moddiy resurslar zarur. 

2020 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida jami 215 mingta loyihaga 6 078,5 mlrd so‘m kreditlar ajratilgan. Jumladan, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 184 mingta loyihaga jami 4,7 trln so‘m sarmoya berildi.

2021 yilda esa tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 11,3 trln so‘m kredit mablag‘lari ajratildi.

Prezidentimizning “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2022 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 10 trln so‘m yo‘naltirilishi belgilandi. Ushbu ishlar joylarda aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bu orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish, bandlikni ta’minlash, o‘z mehnati bilan daromad topish istagida bo‘lgan fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatish, mehnat resurslaridan oqilona foydalanishga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. 

Mazkur yo‘nalish bo‘yicha partiyaning har bir hududiy tuzilmasi faol ish olib borayotganini alohida ta’kidlashni istardik. O‘zLiDeP Jizzax viloyat kengashi misolida oladigan bo‘lsak, partiyaning “Har bir oila – tadbirkor” loyihasi doirasida 2020–2023 yillar davomida 48 ta o‘quv-seminar, ochiq muloqotlar tashkil etildi. Ularda 2 400 dan oshiq kishi ishtirok etdi.

Faollar va deputatlarning sa’y-harakatlari bilan hamkor tashkilotlar ko‘magida 2023 yilda viloyatda  7 ming 432 nafar xotin-qiz kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish istagida bo‘lgan 14 ming 742 nafar ayolga 185,6 mlrd so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishiga partiya faollari munosib hissa qo‘shishdi.

Muayyan yutuqlar qo‘lga kiritilgan ekan, bunda siyosiy kuchning asosiy funksiyasi – jamoatchilik nazorati ham katta rol o‘ynaganini qayd etish zarur. To‘rt yarim yil davomida shu yo‘nalishga doir qonun hujjatlari, jumladan, davlatimiz rahbarining 2021 yil  16 dekabrdagi “Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bajarilishi bo‘yicha ham deputatlarimiz 100 dan ziyod mansabdor shaxsning hisobotlarini tinglab, mavjud kamchiliklarning bartaraf etilishi yuzasidan takliflar, tavsiyalar berishdi. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz a’zolari, viloyat, tuman, shahar hokimliklari xodimlari hamda mahalliy kengashlardagi deputatlarimizdan iborat ishchi guruhlar   tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha berilayotgan imtiyoz va yengilliklardan joylardagi tadbirkorlarning qay darajada samarali foydalanayotgani, shuningdek, ularga vakolatli davlat organlari mas’ullari tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam holatlari o‘rganildi. Jami mingga yaqin tadbirkor bilan bevosita suhbatlashish orqali ko‘plab muammolar aniqlandi va ularning hal etilishiga qaratilgan   ishlar amalga oshirildi.  FAOL

 

ISHBILARMONLIK MADANIYATI VA  TAFAKKURI  RIVOJIGA QO’SHILGAN HISSA

Mamlakatimizda tadbirkorlikning yanada keng miqyosda rivojlanishi, avvalo, odamlar ong-tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgarishiga ham  bog‘liq, albatta. Binobarin, besh yil avval O‘zLiDeP jamiyatimizda faol tadbirkorlik madaniyati shakllanishiga ko‘maklashish vazifasini ham zimmasiga olgan edi.

Avvalo, shuni aytish zarurki, mamlakatimizda 2016 yildan boshlangan yangi iqtisodiy siyosat tufayli yana yuz minglab yurtdoshlarimiz tadbirkorga aylandi. Respublikamizda tadbirkorlar soni deyarli 1 millionga yetdi.   Bu sohada davlatimiz, hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan tizimli islohotlar, albatta, ishbilarmonlik madaniyati rivojiga, odamlarda tadbirkorlik tuyg‘usi  o‘sishiga ham katta turtki berdi. 

Bu haqda so‘z yuritganda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 iyuldagi “Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganini ham qayd etish lozim. Hujjatga ko‘ra, aholining tadbirkorlikka qiziqishi bo‘lgan qatlamlarini hamda tadbirkorlarni biznes va tadbirkorlik ko‘nikmalari bo‘yicha qisqa muddatli pulli, xususan, keyinchalik bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan o‘qitish, oilaviy tadbirkorlik dasturlari orqali kredit olishni mo‘ljallagan aholi qatlamlari uchun qisqa muddatli o‘qitish, aholi hamda tadbirkorlarga tadbirkorlik va biznesga oid o‘quv materiallarini (jumladan, elektron shaklda) tayyorlash Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

Partiyamizning turli hamkor tashkilotlar bilan amalga oshirayotgan “Tadbirkorlar va deputatlar muloqot forumi”,  “Mening biznes loyiham”, “Eng namunali dehqon xo‘jaligi”, “Eng namunali fermer”  va boshqa loyi halari ham tilga olingan maqsadga  xizmat qilishi bilan ahamiyatli. Mazkur loyihalar doirasida o‘tgan davrda  8 mingdan ortiq turli shakllardagi tadbirlar o‘tkazildi, ularda 300 mingga yaqin fuqaro ishtirok etdi.

O‘zLiDeP fermer va tadbirkor ayollarning huquqiy, iqtisodiy va siyosiy savodxonligini oshirish, tadbirkorlik madaniyatini yuksaltirishga  qaratilgan “Bunyodkor ayollar” loyihasini ham izchillik bilan amalga oshiryapti. O’tgan yili loyiha doirasida xotin-qizlarning ta’lim olishi va kasbiy ko‘nikmalar o‘zlashtirishi, munosib ish topish lariga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatini to‘g‘ri yo‘naltirishga qaratilgan 633 ta tadbir tashkil etildi. 

“Namunali tomorqachi ayol – farovonlik bunyodkori!” loyihasi doirasida tumanlarda 314 ta mahorat darsi tashkil etilib, ularda 5 ming 700 nafar opa-singillarimiz ishtirok etdi. Partiyamiz “Ayollar qanoti” ko‘p yillardan buyon o‘tkazayotgan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi, jumladan, har tomonlama hurmatga loyiq insonlar faoliyatini targ‘ib qilish, ularni o‘rnak qilib ko‘rsatishda katta ahamiyatga ega.  Tanlovning o‘tgan yilgi hududiy va respublika bosqichlarida ikki mingdan ortiq ayol qatnashdi. 

“Xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi ham muvaffaqiyatli olib borilyapti. Loyiha doirasida hududlarda 730 dan ziyod qisqa o‘quv seminarlar va mahorat mashg‘ulotlari tashkil etilib, jami 250 mingdan ortiq yoshlar va xotin-qizlar qamrab olindi.

O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti” kelajagimiz egalarining tadbirkorlikka qiziqishini oshirishga qaratilgan  “Yosh tadbirkorlar ligasi”, “Diplom bilan biznesga”, “Mening g‘oyam”, “Tadbirkorlikka ilk qadam”, mahallalardagi uyushmagan yoshlar uchun esa “Yosh tadbirkor” kabi loyihalarni hayotga tatbiq etmoqda. 

Mazkur loyihalarda 390 mingdan ziyod yigit-qiz qatnashyapti.  Bu sa’y-harakatlarimiz  tadbirkorning ichki dunyosi va ruhiyatini yuksaltirish, ijtimoiy mas’uliyatini oshirish, adolatni adolatsizlikdan, halollikni egrilikdan, oqillikni johillikdan ajrata bilish qobiliyatini rivojlantirish, o‘z-o‘zini anglash, did-farosati va aql-zakovatini teranlashtirishga ham yo‘naltirilgandir.

Pirovardida shuni qayd etishni istardikki, yuqorida partiyamizning kichik va o‘rta biznes, tadbirkorlikni erkinlashtirishga qaratilgan 30 ga yaqin dasturiy maqsadining ikkitasi haqida so‘z yuritdik, xolos. Bu boradagi boshqa va’dalarimiz, vazifalarimiz ham  asosan amalga oshdi. Navbatdagi chiqishlarimizda shu to‘g‘risida batafsil ma’lumot beramiz.  

Sardor MARIPOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

mafkuraviy ishlar bo‘limi mudiri

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    40
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+