Yuksak darajadagi strategik hamkorlik

10.06.2024, 11:06

Yuksak darajadagi strategik hamkorlik

Dunyodagi yetakchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan strategik sheriklik va hamkorlikning muvozanatli tizimini shakllantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishidir.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar haqida gapirganimizda, albatta, ko‘p asrlik tarix, ikki mamlakat va xalqlarning tarixiy, til, madaniy va etnik yaqinligi haqida so‘z boradi. Bugungi kunda  bu yaqinlik O‘zbekiston va Turkiya hamkorligiga, ikki turkiy davlat o‘rtasidagi keng ko‘lamli strategik sheriklikka hamda o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga zamin yaratdi. 

Shavkat Mirziyoyev va Rejep Erdog‘an o‘rtasidagi chinakam do‘stlik va ishonchli munosabatlar Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik hamkorlik munosabaatlarini chuqurlashtirishda  hal qiluvchi ahamiyatga ega  ekanini alohida ta’kidlaymiz. Bu savdo-iqtisodiy yo‘nalishdagi  hamkorlikni yanada mustahkamlash, tovar ayirboshlash hajmini oshirish hamda ikki mamlakat yetakchi korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiyani kengaytirishda muhim qadamlarni qo‘yish imkonini berdi.

Xususan, 6 yil ichida  mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo ayriboshlash hajmi ikki baravarga oshib, 2023 yilda 1,5 mlrd. dollardan 3,1 mlrd. dollarga yetdi. 2023 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning Turkiyaga eksport hajmi 1,25 mlrd. dollarni tashkil etdi. Asosiy eksport tovarlari rangli metallar, to‘qimachilik va kimyo mahsulotlari hisoblanadi. Turkiya O‘zbekistonga mashina va uskunalar, kimyo mahsulotlari, turli sanoat tovarlarini yetkazib beradi. 2024 yil boshidan buyon  O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi tashqi savdo hajmi 920 mln. dollarni tashkil etdi. O‘zbekistonning joriy yilning 4 oyida Turkiyaga eksporti hajmi 378 mln. dollarga yetdi. Shunday qilib, bugungi kunda Turkiya O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari orasida to‘rtinchi o‘rinni egallaydi.

So‘nggi yillarda qo‘shma korxonalar soni 2 barobarga, O‘zbekiston iqtisodiyotiga turk investisiyalari hajmi 2,5 barobarga oshdi. Ikki davlatning yirik shaharlari o‘rtasida haftasiga 90 ta parvoz amalga oshirilmoqda, Turkiyadan kelayotgan turistlar oqimi 3 barobarga ko‘paydi.

Biroq, bizningcha, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi darajasi  hali ham ularning imkoniyatlariga mos kelmaydi, chunki o‘zaro savdoni yanada rivojlantirish, xususan Turkiya orqali mintaqadan tashqari bozorlarda eksport hajmini oshirish bo‘yicha katta salohiyat mavjud. Shu bois, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy muloqot va strategik  hamkorlik sharoitida yuz bermoqda. Bu iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va o‘zaro tovar ayirboshlash  hajmini oshirishga yordam bermoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi. Unda O‘zbekiston va Turkiya yetakchilari oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishini o‘tkazdilar. Strategik hamkorlik kengashining tashkil etilishi bizningcha, O‘zbekiston-Turkiya munosabatlari tarixida yangi sahifa ochdi va sheriklikning barcha sohalarida yanada rivojlanishga kuchli sur’at bag‘ishladi.

Anqarada bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish, ko‘p qirrali hamkorlikni, avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar jadal rivojlanmoqda, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlik faollashgani qayd etildi.

Xususan, O‘zbekistonda “Cengiz Holding”, “Aksa Energy”, “Çalık Holding”, “Akay Inşaat”, “Anadolu Group”, “Özgüven”, “Eczacıbaşı Holding” kabi yetakchi turk kompaniyalari tomonidan 100 dan ortiq loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Bu galgi tashrif doirasida 10 milliard dollarlik yangi investisiya loyihalari portfeli shakllantirildi.

Hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini chuqurlashtirishga qaratilgan deklaratsiyani qabul qilinishi va ikki davlat rahbarlari boshchiligida O‘zbekiston-Turkiya Ishbilarmonlar kengashi tashkil etilishi muhim natijalardan biri bo‘ldi. 

Biznes forum va ishbilarmonlik tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha  o‘rnatilgan  amaliyot ham bunga yordam bermoqda.  Ushbu  tadbirlar natijasida qishloq xo‘jaligi, qurilish, energetika, sog‘liqni saqlash, geologiya, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, zargarlik, to‘qimachilik va charm sanoati sohalarida ko‘plab ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

Davlatimiz rahbari hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab, eng avvalo, investisiyaviy sheriklik va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishni taklif etdi. O‘zbekiston-Turkiya sanoat klasterini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi. Ushbu sanoat zonasi ikki mamlakat o‘rtasida amaliy hamkorlikning lokomotiviga aylanadi.

Davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Shu asosda 3 milliard dollarlik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Bizningcha, bularning barchasi o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish, mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish, yangi o‘sish nuqtalari va maxsus sanoat klasterlarini yaratish bo‘yicha tizimli ishlarning  boshlanishidir.

Shuningdek, imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida bojxona tariflarini pasaytirish zarurligini ham ta’kidlaymiz. O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari Turkiyaning ilg‘or tajribasini joriy etish, qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda sohani raqamlashtirishdan manfaatdor ekanini alohida ta’kidlaymiz.

Aktam XAITOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    29
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+