Ortiqcha talablar bekor qilinmoqda

02.07.2024, 09:36

Ortiqcha talablar bekor qilinmoqda

2024-yil 1-iyul kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida dastlab o‘tgan haftada Prezidentimiz raisligida yoshlar siyosatiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida navqiron avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish borasida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi.

Fraksiya a’zolari ezgu maqsadlarni amalga oshirishda barcha yo‘nalishlarda yanada faollik ko‘rsatish, yoshlar bilan muntazam ishlash bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab oldilar.

Yig‘ilishda bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasi atroflicha ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, maxsus iqtisodiy zonalar hududida investisiya loyihalarini joylashtirish bo‘yicha qarorlar qabul qilish muddatlarini optimallashtirish va maxsus iqtisodiy zonalar hududida investisiya loyihalarining biznes-rejalari yoki texnik-iqtisodiy asoslariga ekspertiza xulosalari olish talabi bekor qilinyapti. Loyihalarning ushbu hujjatda belgilangan talablarga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari tomonidan mustaqil ravishda qabul qilinishi belgilanmoqda.

Deputatlar qonun loyihasini maxsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini yanada soddalashtirish, investisiyalar jalb qilish uchun sharoitlarni yaxshilash, investisiya loyihalarini jadal amalga oshirishni ta’minlash, shu asosda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdilar.

Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.

  • Ko'rildi
    17
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+