Tibbiyotda yangi marralar maqsad qilindi

18.08.2021, 15:31

Tibbiyotda yangi marralar maqsad qilindi

Prezidentimizning “Yangi O’zbekiston” gazetasi bosh muharririning savollariga bergan javoblarini o‘qib, barcha sohalar kabi sog‘liqni saqlash tizimida ham yangi va ijobiy o‘zgarishlar, tub islohotlar izchil davom ettirilishini, bu soha yaqin yillarda har jihatdan yuksalishini angladim.

Salomatlik bo‘lmasa, odamga hech narsa tatimaydi. Na moddiy, na ma’naviy ne’matlar uni quvontira oladi. Binobarin, keyingi yillarda davlatimiz tibbiyot sohasiga juda katta e’tibor qaratayotgani e’tiborga loyiq. Ayniqsa, pandemiya sharoitida bu g‘amxo‘rlik, inson salomatligi, hayotining har narsadan ustun qo‘yilishi yaqqol namoyon bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari intervyuda qayd etganidek, 2021 yil uchun davlat budjetida 3 trillion so‘m zaxira shakllantirildi. Ushbu mablag‘ hisobidan tibbiyot sohasida ko‘pgina chora-tadbirlar, jumladan, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Barcha tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni ko‘paytirish, poliklinika va kasalxonalarni elektron ish yuritishga o‘tkazish, respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari va ularning filiallari o‘rtasida telemeditsina xizmatini yo‘lga qo‘yib, diagnostika va davolash uchun joylardagi imkoniyatlarni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Muhimi, Prezidentimiz sohadagi kamchiliklar, muammolar haqida ham ochiq-oydin so‘z yuritgan. “Bizni eng qiynaydigan masalalardan biri – sog‘liqni saqlash sohasidagi korrupsiya holatlaridir. O’tgan yilning o‘zida tizimda 30 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilish holatlari aniqlandi va aybdorlar qonuniy jazoga tortildi.

Shuning uchun bu sohada ta’sirchan nazorat tizimini o‘rnatishga, avvalo, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga jiddiy ahamiyat berilmoqda”, deya qayd etgan Yurtboshimiz. Malakali kadrlar yetishmasligi, ixtisoslashtirilgan shifoxonalar ehtiyojga nisbatan kamligi va boshqa masalalar ham tilga olinib, endilikda ana shu muammolar hal etilishi ta’kidlangan.    

Davlatimiz rahbarining jurnalist bilan suhbati keng qamrovli va kelajakda mamlakatni taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqishda dasturilamal hujjat ekani bilan ahamiyatlidir. E’tiborlisi, partiyamiz dasturida tibbiyot sohasini rivojlantirish borasida talay vazifalar belgilangan.

O'zLiDeP bu borada davlat siyosatiga uyg‘un tarzda faoliyat olib bormoqda. Zero, el salomatligi katta boylik. Bu boradagi ezgu ishlarni izchil davom ettirish esa, istiqbolda tibbiyotdagi xizmat sifatini yana yaxshilash aholi salomatligini mustahkamlashda ijobiy natija beradi.

Mavluda IBRAGIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati

  • Ko'rildi
    290
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+