Vodiylik tomorqachilar o‘z ish tajribalarini arnasoyliklarga o‘rgatdi

11.03.2022, 14:28

Vodiylik tomorqachilar o‘z ish tajribalarini arnasoyliklarga o‘rgatdi

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi tomonidan tuzilgan Ishchi guruh Arnasoy tumanida bo‘lib, manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekishni tashkil etish hamda ertaki ekinlar uchun yer tayyorlash, ekish va moddiy-texnika resurslarini yetkazib berishni tashkil etish bo‘yicha seminarlar tashkil etdilar.

Mazkur seminarlarda Respublika ishchi guruhi a’zolari bilan birgalikda O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi Yoshlar va biznes tuzilmalari bilan ishlash bo‘limi xodimlari, Xalq deputatlari tuman Kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari, Andijon viloyatidan kelgan tajribali tomorqachilar, tumandagi sektor rahbarlari, qishloq xo‘jaligi tashkilotlari vakillari, “Tomorqa xizmati” MChJ rahbarlari, mahallalardagi hokim yordamchilari va tomorqa yer egalari ishtirok etishdi.

Dastlab, Ishchi guruh a’zolari G’.G’ulom MFYdagi xonadonlarda bo‘lishdi. Mahallaning G’.G’ulom ko‘chasida istiqomat qiluvchi  Nizomiddin Omonturdiyev  o‘z xonadonida 30 mln. imtiyozli kredit hisobiga 3 sotix yer maydoniga issiqxona tashkil qilgan. Ayni paytda issiqxonada 800 tup pomidor, 200 tup bolgar ko‘chatlari parvarish qilinmoqda. Hisob-kitoblarga qaraganda issiqxonadan kamida 60 mln. so‘m daromad olish mumkin. Tomorqachining faoliyati bilan tanishgan andijonlik mehmonlar,  hosildorlikni oshirish, tomchilatib sug‘orish va boshqa yo‘nalishlarda o‘z ish tajribalarini o‘rtoqlashdilar.

Kun davomida ishchi guruh a’zolari Bobur MFY O’rikzor ko‘chasida istiqomat qiluvchi Oysoat Omonova xonadonida ham bo‘lishdi. Oysoat opa ham  30 mln. imtiyozli kredit olib, 2 sotix yer maydoniga issiqxona tashkil qilgan. Ayni paytda mazkur issiqxonada 600 tup pomidor ko‘chati  parvarishlanmoqda.

“Oltin vodiy” MFY, Sherobod ko‘chasida istiqomat qiluvchi Obod Xolmatova esa o‘z mablag‘lari hisobidan tashkil qilgan 4 sotix yer maydonidagi issiqxonada 1500 tup pomidor ko‘chati ekib, yiliga 3 marta hosil olishni rejalashtirmoqda.

 “Oltin vodiy” MFY, Sherobod ko‘chasida istiqomat qiluvchi Kamol Tanqiyev esa 25 sotix yer maydonida uzumchilik bilan shug‘ullanmoqda. Ota meros bo‘lgan bu soha sir asrorlari unga yaxshi tanish. Har yili 700 tup uzumdan har yili kamida 20 tonna hosil olish mumkin ekan.

Ishchi guruh a’zolari tomorqachilar faoliyati bilan yaqindan tanishib, ularning yutuqlarini alohida e’tirof etishdi.

Tajribali vodiylik tomorqachilar esa o‘z ish tajribalari va ko‘nikmalari bilan o‘rtoqlashibgina qolmay, hudud sharoitidan kelib chiqib, arnasoylik tomorqachilar qo‘llayotgan yangiliklarni ham o‘rganishga intildilar.

Xolbek Asadov,

O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

Yoshlar va biznes tuzilmalari

bilan ishlash bo‘limi mudiri

 

Teglar
Tomorqa
  • Ko'rildi
    305
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+