O’zbekiston-Qirg‘iziston: hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari
26.04.2022, 13:12

Qirg‘iziston Respublikasi – O’zbekistonning yaqin qo‘shnisi. Bu mamlakatlarni umumiy tarix, madaniyat, til va qadriyatlar birlashtirib turadi. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng do‘stona munosabatlarimiz 200 dan ortiq hujjatdan iborat shartnomaviy-huquqiy bazaga asoslangan diplomatik aloqalar bilan mustahkamlandi. Xususan, O’zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasidagi Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma (1996 yil dekabr) hamda O’zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasidagi Strategik sheriklik, do‘stlik, ahil qo‘shnichilik va ishonchni mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiyani (2017 yil oktabr) alohida qayd etish joiz.
Bugun biz O’zbekiston va Qirg‘izistonning o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish orqali qo‘llab-quvvatlanayotgan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik ruhidagi munosabatlarni mustahkamlash yo‘nalishiga sodiqligini ko‘rib-bilib turibmiz. Bu har ikki tomonning manfaatlariga hamohang. Ayrim davrlarda mazkur ikki davlat o‘rtasida chuqur tahlillarni talab etadigan masalalar yuzaga keldi. Mamnuniyat bilan e’tirof etamizki, so‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli ko‘plab nizoli masalalarning hal qilinishi hamkorlikning qizg‘in tus olishiga ijobiy turtki berdi. Ta’kidlaymiz, aynan ikki davlat rahbarlarining samimiy xohish-istagi ko‘p yillar davomida hal etilmagan muammolar yechimi topilishiga imkon berdi.
Do‘stona munosabatlarning nechog‘li mustahkamligi pandemiya davrida yana bir bor sinovdan o‘tdi. O’zbekiston birinchilardan bo‘lib Qirg‘izistonga COVID-19 kasalligiga qarshi kurashda sezilarli yordam ko‘rsatdi. O’zbekistonning moliyaviy ko‘magi bilan 2020 yilning dekabr oyi oxirlarida Qirg‘izistonning Bishkek, Batken va Chuy viloyatlarida koronavirus bilan kasallangan bemorlar uchun uchta modulli shifoxonalar ochildi. Bundan tashqari, O’zbekistondan kislorod konsentratorlari, respiratorlar va boshqa tibbiy anjomlar ham yuborildi.
Shu bilan birga, tan olish kerakki, ba’zi sohalar bo‘yicha bor imkoniyatlar ishga solinmayapti. Bu borada gap ketganda, avvalo, O’zbekiston-Qirg‘iziston savdo-iqtisodiy hamkorligini tilga olish joiz. 2016 yildan buyon ikki tomonlama tovar aylanmasi hajmi besh barobarga oshib, qariyb 1 mlrd dollarni tashkil etdi. Ya’ni, iqtisodiy hamkorlik ko‘lami kengayib boryapti, lekin bu ko‘rsatkichlar yirik iqtisodiy salohiyatga mos kelmaydi. Prognozlarga ko‘ra yangi imkoniyatlarni ishga solish, mavjud salohiyatdan unumli foydalanish orqali taraflar yaqin yillar ichida tovar ayirboshlashni ikki barobarga oshirishlari mumkin. Jumladan, “Toshkent – Andijon – O’sh - Qashg‘ar” multimodal yo‘lagini shakllantirish ham ana shu maqsadga xizmat qiladi. O’zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi doirasida agrosanoat majmuasi, tikuvchilik va to‘qimachilik sanoati, qayta ishlash sanoati, tog‘-kon va metallurgiya sanoati, transport, uy-joy qurilishi, sanoat, tadbirkorlikni rivojlantirish, energetika kompleksi, sayyohlik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha istiqbolli loyihalarni ham qayd etish kerak.
Oliy darajadagi, jumladan, BMT, MDH, ShHT, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti kabi yirik xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi muntazam uchrashuvlar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yuksak darajada ekanligining yaqqol tasdig‘idir. Muntazam olib borilayotgan muzokaralar chog‘ida tomonlar ikki tomonlama hamkorlik, xususan, suvdan foydalanish va energetika, chegaralarni delimitatsiya qilish, iqtisodiy hamkorlik va transport-logistika masalalarini muhokama qilish, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro muhim masalalar bo‘yicha fikr almashish imkoniga ega bo‘lmoqdalar.
Xususan, joriy yilning aprel oyida Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi. Unda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, amaliy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Suhbat chog‘ida o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor loyihalarini amalga tatbiq qilish, jumladan, O’zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi faoliyatini boshlash, Qambarota GES-1 va “Xitoy-Qirg‘iziston-O’zbekiston” temir yo‘li qurilishi kabi infratuzilmaviy loyihalarni jadallashtirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilganini qayd etish lozim.
Bizningcha, Qambarota GES-1 qurilishi loyihasi bilan bog‘liq ishlarga qaratilayotgan e’tibor “nozik” deb ataladigan masalalarga samarali va murosa bilan yondashuvning yaqqol namunasidir. Masalan, 2017 yilning oktabr oyida “O’zbekgidroenergo” va Qirg‘izistonning Milliy energetika xolding kompaniyasi o‘rtasida ushbu loyiha bo‘yicha hamkorlik Memorandumi imzolangan edi. Rejaga ko‘ra, GES Qirg‘izistondagi eng yirik Norin daryosida quriladi. E’tiborlisi, mazkur daryo O’zbekiston hududida Qoradaryo bilan qo‘shiladi va undan Sirdaryo boshlanadi. Bundan tashqari, 2021 yilning mart oyida Sadir Japarovning Toshkentga tashrifi chog‘ida, Shavkat Mirziyoyev bunday sermazmun, tarixiy uchrashuv ilgari davlatlar o‘rtasida bo‘lmaganini ta’kidlab o‘tgan muloqotlar davomida mamlakatlarimiz Qambarota GES-1 qurilishi loyihasini tayyorlashga kelishib oldilar. Shu tariqa tomonlar manfaatlar muvozanatiga erishishga muvaffaq bo‘ldi, deyish mumkin – Qirg‘iziston hududidagi To‘qtag‘ul suv omborida suv sathi pasayganda O’zbekiston qo‘shni davlatga elektr energiyasini eksport qiladi, o‘z navbatida, yurtimizda ekinlarni sug‘orishga ehtiyoj kuchaygan davrda Bishkek bu talabni qondirishga yordam beradi. Qayd etish kerakki, Norin daryosi tog‘larda oqadi, 3 km dan ortiq keskin nishablikka ega, bu esa yiliga 36,5 mlrd.kVt.soatlik gidrosalohiyat demakdir. Ilgari bu daryoda Norin tizmasi – To‘qtag‘ul, Qo‘rpsoy, Toshko‘mir, Shamaldisoy, Uchqo‘rg‘on GES lari qurilgan bo‘lib, ular mamlakatning elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlaydi. Tizmaning eng yuqori qismida qurilajak Qambarota GES-1, hisob-kitoblarga ko‘ra, qariyb 1,8 ming MVt elektr ishlab chiqarishi mumkin, bunda o‘rtacha yillik ishlab chiqarish 5 mlrd kVt soatni tashkil etadi. Balandligi 256 metr, hajmi qariyb 5,4 million kub metr bo‘lgan to‘g‘on qurilishi suv oqimini mavsumiy tartibga solishga imkon yaratadi, bu esa gidroenergetika uchun ham, Sirdaryo viloyatidagi dehqonchilik uchun ham katta ahamiyatga ega.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, qiymati qariyb 3 mlrd dollarga teng shu kabi infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuvlarga erishilgani O’zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari barcha sohalarda jadal rivojlanib borayotganining ifodasidir. Mamlakatimizdagi siyosiy partiyalar vakillaridan iborat deputatlar korpusi esa O’zbekiston bilan Markaziy Osiyo, ya’ni, tashqi siyosatimizda ustuvor o‘rin tutuvchi mintaqa davlatlari o‘rtasida tuzilgan turli bitimlar, shartnomalar amalga oshirilishiga ko‘maklashadi.
Aktam Xaitov,
O'zLiDeP Siyosiy Kengashi
Ijroiya qo‘mitasi raisi
O'xshash yangiliklar
-
Konstitutsiyaviy islohotlar partiyamiz elektorati manfaatlariga xizmat qiladi
24.03.2023, 12:08
-
Adolatli soliqlar
24.03.2023, 12:04
-
Befarq, bee’tibor bo‘lmaylik
24.03.2023, 12:00
-
Ijtimoiy rivojlanishning kafolati
24.03.2023, 11:55
-
Xalqimizni rozi qilish ishlarida mahalla tizimining o‘rni beqiyosdir
22.03.2023, 13:22
Fikringizni qoldiring