G’allaorolda tomorqa yer egalari va tadbirkorlar faoliyati o‘rganildi
19.05.2022, 10:44

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O'zLiDeP fraksiyasi rahbari, O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xaitov boshchiligidagi ishchi guruh Jizzax viloyatining G’allaorol tumanida bo‘lib, tomorqa yer egalari va tadbirkorlar faoliyati bilan tanishdi.
Ishchi guruh a’zolari dastlab, yaqinda ish boshlagan tumandagi “G’allaorol Humo Agro Tomorqa xizmatlari” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga yo‘l oldilar. 10 nafar kishi bandligi ta’minlangan mazkur jamiyatda ayni paytda parrandachilik va quyonchilik faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Korxona rahbari Elyor Haydarov muloqot chog‘ida yangi rejalar haqida hikoya qilib berar ekan, 250 tonnali muzlatgich qurish, yem ishlab chiqaradigan sex faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 30 sotix maydonda issiqxona barpo etish, shuningdek, tuxum yetishtirish maqsadida “Qora shahzoda” deb nomlangan tovuq turlarini ko‘paytirish kabi loyihalarni boshlab yuborganini aytib o‘tdi.
Hisob - kitoblarga ko‘ra reja qilingan barcha loyihalar amalga oshirilishi uchun 6 milliard 200 million so‘m mablag‘ talab qilinadi. Agar loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa yana o‘nlab yangi ish o‘rinlari bunyod etiladi.
Muloqot chog‘ida ishchi guruh a’zolari tadbirkorning yangi loyihasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.
Bugungi kunda G’allaorol tumanida 3295 ta dehqon xo‘jaliklari va 24306 ta tomorqa yer egalarida jami 4203 gektar tomorqa yer maydonida faoliyat olib bormoqdalar.
Ishchi guruh vakillari o‘rganishlar davomida tumandagi “Madaniyat” QFY hududidagi 2-Qangli qishlog‘ida bo‘lib, aholining tomorqadan samarali foydalanish holatlarini o‘rganishdi, ularga kerakli maslahatlar berishdi. Tumanda tashkil qilingan tomorqa xizmatlarining aholiga ko‘rsatayotgan ko‘magi, urug‘, ko‘chatlar yetkazib berishdagi amaliy yordamlari bilan qiziqishdi. Akrom Qorayev xonadonida bo‘lib, uning tomorqasini ko‘zdan kechirishdi. Xonadon egasining ta’kidlashicha, oila a’zolari tomorqadan 20 milliongacha sof daromad olishmoqda.
Ochiq, samimiy suhbat chog‘ida tomorqachilarga faoliyat turlarini kengaytirish, daromadni oshirish uchun zarur bo‘lgan ko‘mak ko‘rsatilishi, jumladan, issiqxonalar tashkil qilish istagida bo‘lganlarga imtiyozli kreditlar ajratib berilishida amaliy yordam berilishi ta’kidlab o‘tildi.
Muloqotlar chog‘ida tumanda tomorqachilar faoliyatini yanada ommalashtirish , bu borada mutasaddi tashkilotlar bilan birga deputatlar, partiya faollariga yuklatilgan mas’uliyatni yanada oshirish haqida alohida so‘z yuritildi.
O'zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi
matbuot xizmati
O'xshash yangiliklar
-
G’allaorolda tomorqachilikni yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi
12.05.2022, 17:52
-
Deputat tashabbusi bilan qurib berilgan issiqxonadan xonadon egalari daromad ko‘rmoqda
06.05.2022, 15:24
-
O’rganganingiz o‘zingizga foyda
27.04.2022, 13:55
-
To‘rtko‘l va Ellikqal’ada aholi tomorqalari ko‘zdan kechirildi
12.04.2022, 15:33
-
“Tomorqa - daromad manbai" loyihasi doirasida mahorat darsi o‘tkazildi
07.04.2022, 14:56
Fikringizni qoldiring