Konstitutsiyaviy islohotlarda O‘zLiDeP ishchi guruhlari faol ishtirok etadi

25.05.2022, 17:27

Konstitutsiyaviy islohotlarda O‘zLiDeP ishchi guruhlari faol ishtirok etadi

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda hududiy partiya tashkilotlari ishtirokida “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish bo‘yicha tuzilgan milliy komissiya hamda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda O’zLiDePning o‘rni” mavzusida kengaytirilgan qo‘shma yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida barcha sohalarda, ayniqsa siyosiy-ijtimoiy jarayonlarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni yanada jadallashtirish lozimligi barobarida konstitutsiyaviy islohotlarni ham o‘ta dolzarb masala sifatida kun tartibiga qo‘yayotgani ta’kidlandi.

Amaldagi Konstitutsiya mamlakatimizda mustaqillik yillarida erishilgan yutuq va katta o‘zgarishlarning mustahkam huquqiy poydevori va eng asosiy kafolati bo‘lib keldi. Lekin zamon shiddat bilan o‘zgarayapti. Shunday ekan asosiy qonunimizni jamiyatdagi bugungi real voqelikka, Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi ulkan marralarga, shiddatli islohotlar o‘zaniga moslashtirish bugungi kunning asosiy talabi ekanligi qayd etildi. Zotan, Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasi milliy rivojlanishimizning yangi bosqichini boshlab berdi, “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil ustuvor bo‘ldi.

Aytish kerakki, Konstitutsiyani takomillashtirish masalasi o‘tgan yilgi saylovoldi jarayonlarida partiyamizdan prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzod hamda ishonchli vakillarning aholi bilan uchrashuvlarida qariyb barcha hududlarda saylovchilarimiz tomonidan ko‘tarilgan edi. Xususan, saylovoldi uchrashuvlarida inson huquqlarini mustahkamlash, tadbirkorlik kafolatlarini yanada kuchaytirish, fuqarolik jamiyatini, mahalla, oila institutini rivojlantirish, davlatning ijtimoiy muammolarni hal etishga mas’ulligini oshirish, yoshlar, keksalar va nogironlarni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va ilm-fanni yangi bosqichga ko‘tarish, ekologiya, ona tabiatni asrash borasidagi huquqiy normalarni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan takliflar bildirilgan.

Mazkur takliflar zamirida aslida xalqimizning orzu-istaklari mujassam. Shu boisdan bu takliflarni aslida xalqimiz tomonidan ilgari surilgan takliflar deb qarash to‘g‘ri bo‘ladi.

O’zLiDeP va uning parlament quyi palatasidagi fraksiyasi konstitutsiyaviy islohotlarni yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlagan holda bu borada hududiy partiya tashkilotlari bilan birga aholi keng qatlamlari orasida, tadbirkorlik sub’ektlari, boshlang‘ich partiya tashkilotlarida mavzu yuzasidan ochiq muloqot, davra suhbatlari o‘tkazish va ularning taklif va tavsiyalarini o‘rganish zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda bu boradagi ishlarni to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi va alohida ishchi guruhlar tashkil etildi.

  • Ko'rildi
    160
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+