Prezidentimizning Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotidan kelib chiquvchi O’zLiDeP oldida turgan dolzarb vazifalar atroflicha muhokama qilindi

25.08.2022, 17:42

Prezidentimizning Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotidan kelib chiquvchi O’zLiDeP oldida turgan dolzarb vazifalar atroflicha muhokama qilindi

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda hududiy partiya tashkilotlari ishtirokida kengaytirilgan qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotidan kelib chiquvchi O‘zLiDeP tuzilmalari oldida turgan dolzarb vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Bundan roppa-rosa bir yil oldin 20 avgust kuni davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ularni bevosita tinglaganida, ko‘plab muammolar, hal etilmagan masalalar aniqlangan edi. O’tgan yilgi ochiq muloqotda tadbirkorlardan tushgan minglab murojaatlarda ko‘tarilgan muammolar bo‘yicha dastur, 70 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilindi. Biznesni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun 130 trillion so‘m kredit, 3,5 trillion so‘mlik subsidiya va kompensatsiyalar ajratildi.

O’tgan yili xorijiy valyutada kredit olgan va valyuta kursining muntazam o‘sishi sababli qiyin ahvolga tushib qolgan yuzlab tadbirkorlarga 123 million dollarga teng kreditlari milliy valyutaga o‘tkazib berildi. Shuning hisobiga mamlakatimizda eksport qiluvchi korxonalar soni 7,5 mingtaga yetdi, umumiy eksport hajmi 30 foiz ko‘paydi. Mana shu natijalar o‘tgan yilgi ochiq muloqotning yorqin samaralari, desak sira mubolag‘a bo‘lmaydi.

Kuni kecha Prezidentimizning tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti bu boradagi ishlarni yanada izchil davom ettirilayotganini ko‘rsatmoqda. Muloqotda beshta asosiy yo‘nalish ko‘rsatib o‘tildi, ularning har biri bo‘yicha ko‘plab tashabbuslar ilgari surildi.

Jumladan, tadbirkorlik sub’ektlarini toifalarga ajratib, ularning har biriga alohida-alohida yondoshuv tizimi yaratish, soliq yukini kamaytirish, ko‘chmas mulkka egalik qilish, mulk huquqini himoya qilish, bunda faqat sudlarning qarorlari asosida ish yuritilishi kabi qator imtiyoz va yengilliklar berilishi mamlakatimizda biznes muhitini yanada yaxshilash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Shuningdek, har bir viloyatda“Tadbirkorlar xiyoboni”ni barpo qilish, unda “Farovonlik bunyodkorlari” deb nomlanuvchi ko‘rgazmalarning namoyish qilinishi, “O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” unvonini ta’sis etish to‘g‘risidagi takliflari ham partiyamiz elektorati bo‘lgan tadbirkorlarimizga qanot bag‘ishladi.

Qo‘shma yig‘ilishda shu kabi yengilliklarning tadbirkorlar uchun yaratib berilayotganligi nafaqat tadbirkorlar manfaatiga xizmat qilishi balki, xalqimiz turmush farovonligini ta’minlashga, oziq-ovqat mahsulotlarning narxlari arzonlashuviga, Vatanimiz dovrug‘ini dunyoga yoyadigan fidoyi va jonkuyar tadbirkorlarimiz safi yanada kengayishiga olib kelishligi alohida e’tirof etildi. Shu bilan bir qatorda partiya va uning barcha bo‘g‘inidagi tuzilmalari, deputatlari davlatimiz rahbari tomonidan berilgan imtiyozlarning barchasini tadbirkorlarga yana bir bor tushuntirib borish, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda ulkan mas’uliyat yuklashligi aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda partiyamiz elektorati bo‘lgan tadbirkor va ishbilarmonlar manfaatini himoya qilish, qonunchilik tashabbuslarni ilgari surish, O‘zLiDeP “Call center”ga kelib tushayotgan murojaatlarni tegishli vazirlik va tashkilotlar orqali muntazam o‘rganib, ijobiy hal etib borish vazifalari belgilab olindi.

Yig‘ilish yakunida davlatimiz rahbarining Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’mishlash va targ‘iboti yuzasidan aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Majlisda boshqa masalalar ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

  • Ko'rildi
    451
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+