Yoshlar parlamentiga saylov o‘tkazish borasida aniq vazifalar belgilab olindi

19.01.2023, 16:34

Yoshlar parlamentiga saylov o‘tkazish borasida aniq vazifalar belgilab olindi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda partiyadan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentiga saylov o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mazkur saylovni o‘tkazishdan maqsad yoshlarning huquqiy va siyosiy bilimlari, ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularni Konstitutsiyamiz va amaldagi boshqa qonun hujjatlariga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlarda parlament faoliyatiga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish, parlamentda Partiya elektorati manfaatlarini himoya qilish, partiya dasturiy maqsad va vazifalarini targ‘ib qilish, yigit va qizlarni huquqiy madaniyatini oshirish orqali vatanga, o‘z xalqiga sadoqat tuyg‘usini shakllantirishdan iboratdir.

Yig‘ilishda mazkur saylovni tashkil etish va o‘tkazish tartibi, shartlari, nizomi, maqsad va vazifalari, uni targ‘iboti borasida aniq ko‘rsatmalar berildi.

Unga muvofiq Yoshlar parlamentiga saylov jarayonida yoshlarning to‘laqonli va samarali ishtirokini ta’minlashda markaziy va hududiy saylovoldi shtablari tashkil etiladi hamda saylovni ochiq, oshkora va xolisona o‘tkazish maqsadida partiya Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) Kengashlarida Tashkiliy qo‘mita va Hakamlar xay’ati yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, mazkur saylov bo‘yicha “Yoshlar qanoti” faollari va partiyaning tegishli bo‘limlari xodimlari uchun o‘quvlar o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan.

Saylovni tashkil etish va o‘tkazish tartibi quyidagilardan iborat.

Birinchidan, saylovni tashkil etish va o‘tkazish partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, partiyaning hududiy va mahalliy Kengash raislari zimmasiga yuklatiladi. Ular saylovning tashkiliy masalalariga oid hujjatlarni, tashkiliy qo‘mita a’zolari tasdiqlaydi.

Ikkinchidan, saylov ikki yarim yilda 1 marotaba 3 bosqichda o‘tkaziladi.

1-bosqich - tegishli okrugdagi tumanlarda saralash orqali tashkil qilinadi (23 yanvar - 6 fevral oralig‘ida);

2-bosqich - partiyaning viloyat kengashi miqyosida o‘tkaziladi (6 – 15 fevral oralig‘ida);

3-bosqich – ya’ni yakuniy (respublika) bosqichi (15 – 22 fevral oralig‘ida) o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Yig‘ilish yakunida Yoshlar parlamentiga saylovni joylarda samarali tashkil qilish, ijobiy natijalarga erishish, saylovlarni ochiq, oshkora ruhda tashkil qilish borasida aniq vazifalar belgilab berildi.

  • Ko'rildi
    326
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+