O’zLiDeP jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytiradi

16.10.2023, 17:55

O’zLiDeP jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytiradi

Bugun O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi, partiyaning hududiy kengashlardagi vakillari, mahalliy kengashlar deputatlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Videokonferensiya shaklida tashkil qilingan tadbirda dastlab Partiyaning 2023 yil yakunigacha va 2024 yilning birinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasidagi vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Rejaga muvofiq, joylarda muhim yo‘nalishlarda jamoatchilik nazorati tartibida qator tadbirlar tashkil qilinishi rejalashtirilgan. Xususan, Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2023-2024 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashini ta’minlash, hozirda eng asosiy, jiddiy e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalardan sanaladi.

Qolaversa, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanadi. Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, narx-navo barqarorligiga erishish, sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, agrar sohaga investitsiyalar va operativ moliyaviy resurslarni keng jalb qilishda partiya va uning deputatlik guruhlari tomonidan jamoatchilik nazorati olib boriladi.

Bundan tashqari partiyamiz elektorati va aholimiz uchun muhim bo‘lgan qator masalalar muhokamasi yuzasidan “O’zLiDeP press klubi” tashkil qilinishi ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra tadbirkorlik, xizmatlar ko‘rsatish, sanoat, davlat xususiy sheriklik, bank, qishloq xo‘jaligi, qurilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, sohadagi muammo va ularning yechimlari masalasiga qaratilgan qator muhokamali tadbirlar o‘tkaziladi.

Shuningdek yig‘ilishda “O’zbekiston – 2030” strategiyasi asosida ishlab chiqilgan partiyaning uzoq muddatli chora-tadbirlar rejasini sifatli amalga oshirish borasidagi ishlarga to‘xtalib o‘tildi. Partiya faollaridan shakllantirilgan Ishchi guruhlar belgilangan ushbu vazifalarni tizimli tashkil qilish borasida ko‘rsatmalar berildi.

Aytish joizki, strategiyada belgilangan vazifalar va partiya saylovoldi dasturi ijrosini ta’minlashga qaratilgan 100 ta partiyaviy loyihalar ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirda mazkur loyihalar joylarda tashkil qilinyapti.

O’zLiDeP matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    120
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+