O‘zLiDeP: “Vazifalar o‘z vaqtida va sifatli bajariladi”

10.10.2023, 14:47

O‘zLiDeP: “Vazifalar o‘z vaqtida va sifatli bajariladi”

Bugun Tadbirkorlar va ishbilarmon harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda partiya tomonidan 2023 yilning o‘tgan davri mobaynida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Shuningdek, yil yakunigacha va 2024 yilning birinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Ushbu masalalar bo‘yicha O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov qisqacha ma’lumot berib o‘tdi. Ta’kidlanganidek,  siyosiy kuch tomonidan o‘tgan vaqt davomida partiya elektorati bo‘lgan tadbirkor, ishbilarmon va fermerlar manfaatini himoya qilish, bu borada joylardagi deputatlik guruhlari orqali jamoatchilik nazoratini olib borish, aholi bilan ishlash, ularning muammo, takliflarini o‘rganish va yechimini topish hamda boshlang‘ich partiya tashkilotlari, faxriylar, yoshlar, xotin-qizlar yo‘nalishida tizimli ishlar qilindi.

Amalga oshirilgan aniq maqsadli va davomli ishlar natijasi o‘laroq, partiya safiga xayrixohlar soni kundan-kunga ortib borayotir. Buni bugungi kunda partiya a’zolari soni 1 mln 300 mingdan oshganida ham ko‘rish mumkin. Ayniqsa, shu yilning 9 iyul kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga muddatidan ilgari bo‘lib o‘tgan saylovda O‘zLiDePning faol ishtirok etgani va erishgan katta yutuqlarini alohida e’tirof etish joiz.

Tadbirda erishilgan yutuqlar va amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda hali qilinishi lozim bo‘lgan qator ustuvor vazifalar, kamchiliklar ham aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda partiyaning 2023 yilning yakunigacha va 2024 yilning birinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan rejasi hamda bu borada amalga oshiriladigan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbarining “O’zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O’zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida partiyaning uzoq muddatli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Ishchi guruhlar shakllantirildi. Unga muvofiq, bir qator partiyaviy loyihalar, nazorat tahlil tadbirlari olib borilishi ko‘zda tutilgan.

Xususan, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2023-2024 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash doimiy diqqat markazida bo‘ladi. Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, narx-navo barqarorligiga erishish, sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish, ishsizlik va va kambag‘allikni qisqartirish, agrar sohaga investitsiyalar va operativ moliyaviy resurslarni keng jalb qilishda partiya va uning deputatlik guruhlari tomonidan jamoatchilik nazorati olib boriladi.

Ayitish joizki, strategiyada belgilangan vazifalar va partiya saylovoldi dasturi ijrosini ta’minlashga qaratilgan “O’zLiDeP press klubi”, “Ishbilarmon ayol”, “Yosh siyosatchilar klubi”, “Parlamentda yoshlar o‘rni”, “Vatandoshlik ovozi” kabi 100 ta loyiha ishlab chiqilib, joylarda ijro etilmoqda.

Majlisda mazkur vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi, muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi. Shuningdek, O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashkil topganligining 20 yilligi tadbirlarini respublika bo‘ylab samarali tashkil qilish borasida ham vazifalar belgilab olindi.

  • Ko'rildi
    127
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+