ShHT sammiti O’zbekistonning nafaqat mintaqada, balki jahon miqyosida nufuzi va o‘rnini yanada mustahkamlaydi

13.09.2022, 16:08

ShHT sammiti O’zbekistonning nafaqat mintaqada, balki jahon miqyosida nufuzi va o‘rnini yanada mustahkamlaydi

Shu kunlarda yurtimiz jahon mamlakatlari siyosatchilari diqqatida bo‘lib turibdi. Negaki, Samarqandda o‘tadigan dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot bo‘lgan ShHT sammiti tarixiy qarorlar qabul qilinadigan maydonga aylanadi.

Raislik doirasida O’zbekiston ShHTning 80 dan ortiq tadbirlarini o‘tkazdi. Ularda sanoat va texnologik hamkorlikni rivojlantirish, AKT, raqamli transformatsiya, mintaqalararo savdo va transport bo‘yicha o‘zaro bog‘liqligini rag‘batlantirish, xavfsizlikni ta’minlash hamda kibertahdidlardan himoyalanish masalalariga e’tibor qaratildi.

2021-2022 yillarda O’zbekiston raislik qilgan sammitda yana bir muhim tarixiy hujjat qabul qilinadi. Shanxay hamkorlik tashkiloti a’zo davlatlari o‘rtasida uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi Shartnomani 2023-2027 yillarda amalga oshirish bo‘yicha Keng qamrovli mazkur reja mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashda ulkan tarixiy ahamiyat kasb etadi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va ShHTga a’zo barcha davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan mazkur strategik hujjatda asosiy e’tibor savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga karatilib, investitsiyalar, energetika, transport, logistika, sanoat kooperatsiyasi, axborot va telekommunikatsiyalar, qishloq xo‘jjaligi, bojxona va boshqa sohalardagi sheriklikni yanada mustahkamlash bo‘yicha aniq tadbirlar va ularning bajarilishiga mas’ul idoralar belgilangan.

Sammitda imzolashga taqdim etilishi ko‘zda tutilgan  keng qamrovli reja va unda ko‘rsatilgan aniq tadbirlar ShHTga a’zo barcha davlatlar va birinchi navbatda, O’zbekiston manfaatlariga xizmat kiladi.

Aytish mumkinki, yuqorida tilga olingan soha va yo‘nalishlarni rivojlantirish partiyamizning o‘z oldiga belgilab olgan ustuvor maqsadlar hisoblanadi.

O`zLiDeP tashqi savdo faoliyat sohasini yanada takomillashtirish, yetakchi xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan aloqalarni kengaytirish, O’zbekistonning Jahon savdo tashkiloti va boshqa iqtisodiy tashkilotlarga a’zo bo‘lishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, investitsiya faoliyatini amalga oshirishning erkinligi, investorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Bizning ham nuqtai nazarimizga ko‘ra, BMT, ShHT, MDH, IHT va boshqa xalqaro tuzilmalar, turli iqtisodiy tashkilotlar bilan faol hamkorlik O’zbekistonning milliy manfaatlariga hamohangdir.

ShHT sammitida imzolanadigan mana shu kabi tarixiy va strategik hujjatlarning qabul qilinishi bilan bizning xalq farovonligi va mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti yo‘lidagi qator maqsadlarimiz ham ro‘yobga chiqishi muqarrar.

Bir so‘z bilan aytganda dunyo tamadduni beshiklaridan biri bo‘lgan Samarqandda o‘tadigan Sammit Shanxay hamkorlik tashkiloti asoschilaridan biri bo‘lgan O’zbekistonning nafaqat mintaqada, balki jahon miqyosida nufuzi va o‘rnini mustahkamlab, xalqaro jarayonlarga ta’sirini oshirishga xizmat qilishi tayin.

To‘lqin Fayziyev,

O`zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi raisi,

Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati.

 

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    500
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+