O’zbekiston-Vengriya: hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlar

06.10.2022, 10:29

O’zbekiston-Vengriya: hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlar

Vengriya bilan  O’zbekiston hamkorligi strategik xarakterga ega.  O’zaro munosabatlarimizning mazkur xususiyati Vengriya bosh vaziri V. Orbanning 2021 yil mart oyida Toshkentga  tashrifi yakunlaridan ma’lum bo‘lgandi. Shu tariqa  Vengriya – O’zbekiston o‘zaro aloqalarni strategik darajaga olib chiqqan Yevropa Ittifoqining ilk mamlakatiga aylandi. Xalqlarimizning azaliy tarixiy aloqalari, mushtarak qadriyatlari va o‘xshash mentaliteti do‘stona munosabatlarni mustahkamlash uchun poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu haftada Vengriyaga rasmiy tashrifi O’zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishdan har ikki tomonning ham manfaatdor ekanining yorqin dalili bo‘ldi hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va hududlari  o‘rtasidagi  hamkorlikning yangi yo‘nalishlari va aloqalari yo‘lga qo‘yilishini belgilab berdi. Xususan,  uchrashuvlarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Oliy darajadagi muzokaralarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish ustuvor ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Xususan, keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi qariyb uch barobar oshdi. Shu bilan birga  avtomobilsozlik, farmatsevtika, qurilish, qishloq xo‘jaligi, sayyohlik va tomonlarni qiziqtirgan  boshqa sohalarda iqtisodiy diplomatiyani  rivojlantirish  katta ahamiyatga ega.

Bugungi kunda O’zbekiston va  Vengriya o‘rtasidagi savdo aloqalari rivojlanishi uchun juda qulay muhit yaratildi. Hatto pandemiyaning salbiy ta’siriga qaramay, davlatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2020 yilda ham o‘sdi. 2021 yilda O’zbekiston va  Vengriya o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo hajmi 114,8 million dollarni, shundan eksport hajmi – 1,1 million,  import hajmi esa 113,7 million dollarni tashkil etdi.

Joriy yilda O’zbekistonning  Vengriyaga eksporti  hajmining o‘sishi kuzatilmoqda. Shu yilning yanvar-avgust oylari yakunlariga ko‘ra,  Vengriyaga  eksport hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan  4,7 baravar oshib, 3,1 million dollarni tashkil etdi. Bugungi kunda O’zbekistonda vengriyalik  sarmoyadorlar ishtirokida tashkil qilingan  10 dan ortiq  korxona faoliyat yuritmoqda.

Bularning barchasi  sherikchilikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 10 dan ortiq hujjatlar, jumladan, Hududlararo  hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo shartnoma, innovatsiyalar  sohasidagi o‘zaro manfaatli aloqalar, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va chorvachilik sohalaridagi sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”,  suv xo‘jaligi bo‘yicha hamkorlik  to‘g‘risidagi bitim doirasida amalga oshirilyapti. Shuningdek, hamkorlikning huquqiy asoslari ikki mamlakat bozorlariga  mahsulotlar yetkazib berishni kengaytirish,  o‘zaro  savdodagi nomutanosibliklarni asta-sekin bartaraf etish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, Vengriyaning ilg‘or tajribasidan foydalangan holda farmatsevtika,  kimyo, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, baliqchilik, kartoshkachilik kabi sohalarda muayyan loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda.

3 oktabr kuni  Budapeshtda  bo‘lib o‘tgan,  ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etgan O’zbekiston-Vengriya biznes-forumi ham katta ahamiyatga ega. Ushbu nufuzli tadbir investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishning asosiy sharti sifatida O’zbekiston va Vengriya tadbirkorlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga  xizmat qildi.

Forumda  Vengriya  kompaniyalariga O’zbekistonning investitsiyaviy  imkoniyatlari haqida  batafsil ma’lumotlar  taqdim etildi. O’zbekistonga 2021 yil  aprel oyida  GSP+ benefitsiar maqomi berilishi  MDH va Yevropa Ittifoqi  bozorlariga imtiyozli kirish imkoniyatiga ega samarali sanoat  kooperatsiyasi zanjirlarini yaratishga shart-sharoitni vujudga keltiradi  va bu imkoniyat Vengriyalik ishlab chiqaruvchilarda katta  qiziqish uyg‘otdi. Ta’kidlash zarurki, O’zbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ preferensiyalar tizimiga qo‘shilgani o‘zaro savdoni salmoqli darajada ko‘paytirish va diversifikatsiya qilish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Forum yakunlari bo‘yicha  ikki tomonlama ko‘plab hujjatlar, investitsiyaviy bitimlar va eksport shartnomalari imzolandi. Ushbu  hujjatlar  O’zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi  iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik ufqlarini kengaytiradi.

Muxtasar aytganda, mazkur  tashrif  har ikki davlatga hamkorlikning keng ko‘lamli yo‘nalishlari, jumladan,  savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, ikki tomonlama investitsiyalarni ko‘paytirish,  agrar sohadagi va moliyaviy aloqalarni kengaytirish hamda boshqa muhim masalalarni ko‘rib chiqish imkonini berdi.

Aktam Xaitov,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    256
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+