Joriy qish mavsumi uchun qancha oziq-ovqat mahsulotlari zahira qilinganligi ma’lum qilindi

14.12.2022, 16:36

Joriy qish mavsumi uchun qancha oziq-ovqat mahsulotlari zahira qilinganligi ma’lum qilindi

Qish oylarida borish qiyin bo‘lgan 250 dan ortiq aholi maskanlarida muhim ahamiyatli oziq-ovqat mahsulotlari yetarli miqdorda zahira qilingan.

Bu haqida Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Qonunchilik palatasining navbatdagi “Hukumat soati”da aytdi.

Mazkur "Hukumat soati"dagi eshituv Qonunchilik palatasidagi O’zLiDeP fraksiyasi tashabbusi bilan tashkil etildi.

Vazir A. Voitov deputatlarga “Qish mavsumida aholini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash va sohada qulay agrobiznes muhitini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida” axborot berdi.

Hisobotda ta’kidlanganidek, joriy yilda mamlakatimizda jami 23,5 mln. tonna oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirildi. Shundan, 11,6 mln. tonna sabzavot, 2,5 mln. tonna poliz, 3,5 mln. tonna kartoshka, 3,0 mln. tonna meva, 1,9 mln. tonna uzum, 535,2 ming tonna dukkakli, 515,5 ming tonna sholi hamda 7,2 mln. tonna g‘alla yetishtirildi.

Borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlar va olis cho‘l zonalariga bugungi kungacha un 12,4 ming tonna, o‘simlik yog‘i 1 622 tonna, shakar 1 828 tonna, guruch 1 692 tonna, kartoshka 7,9 ming tonna oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Hukumatning mas’ul idoralari, xususan Qishloq xo‘jaligi vazirligi, hokimliklar tomonidan qish mavsumida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari zahirasi bo‘yicha zarur tayyorgarlik ko‘rilganini ma’lum qildi.

Jumladan, joriy qish mavsumi uchun 600 ming tonnadan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari zahira qilingan, bu prognoz qilinganidan birmuncha ko‘proq.

"Hukumat soati"da deputatlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.

Aktam Xaitov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O’zLiDeP fraksiyasi rahbari.

  • Ko'rildi
    158
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+