Ta’lim sifatini oshirish – yangi O’zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir!

21.12.2022, 10:35

Ta’lim sifatini oshirish – yangi O’zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir!

Xalqimiz Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasini mamlakat hayotida muhim voqea sifatida intiqlik bilan kutadi. Boisi, unda kelgusi yil nomi ham e’lon qilinadi. Prezidentimiz 2023 yilni “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qildi.

Demak, Taraqqiyot strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlarimizning navbatdagi yilida insonga e’tibor va sifatli ta’lim masalalari eng ustivor vazifalarimizdan biriga aylanadi. Aslida–ku, so‘nggi yillarda hayotga joriy etilayotgan barcha islohotlarning markazida Inson qadri turibdi, uning manfaatlari eng oliy mezon deb qaralmoqda. Shu ma’noda olib ko‘rilganda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da mazkur qadriyatlar ma’no va mazmun jihatdan uzviy davom ettiriladi, ham ma’no, ham mazmun jihatdan yanada boyiydi.

Misol uchun, Prezidentimiz o‘z murojaatida “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O’zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir!”, deb ta’kidlab o‘tdi. Yangi O’zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilishi, o‘qituvchilarning maqomini, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash zarurligi qayd etildi.

Kelgusi yildan boshlang‘ich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Barcha viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham bepul ovqatlanish joriy etiladi.

“Yil boshidan Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 285 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yildi. Bu borada yetarli tajriba orttirdik. Endi, kelasi o‘quv yilidan ushbu amaliyot qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etiladi va buning uchun 2,3 trillion so‘m ajratiladi”, – dedi Davlatimiz rahbari.

Ta’kidlanganidek, kelasi yili 70 ta yangi maktab quriladi, 460 tasi kengaytiriladi. Xususiy investitsiyalar ishtirokida   100 ta maktab qurish loyihalari boshlanadi, kelasi besh yilda ularning soni mingtaga yetkaziladi.

Umuman olganda, Prezidentimizning parlamentga yo‘llagan bu yilgi murojaatnomasini butun O’zbekiston xalqi katta hayajon va qiziqish bilan kuzatdi. Prezidentimizning so‘zlari xalqimizga katta umid va ishonch ulashgani ham rost.

Bolajon xalqmiz. O’zi yemay-ichmay bolasiga tutqazadigan, farzandlarimiz o‘qisin, unsin degan millat vakillarimiz. Shu sabab, xalqimiz mamlakatimizda kelgusi yilda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan e’tiborni birinchi navbatda Insonga bo‘lgan e’tibor, deb qarayotganliklariga shubha yo‘q.

Erkin XOLMATOV

O'zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi raisi,

Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashidagi

partiya deputatlik guruhi rahbari

  • Ko'rildi
    1482
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+