Davlatning oliy huquqiy hujjati

04.04.2023, 14:28

Davlatning oliy huquqiy hujjati

TAKLIF ETILAYOTGAN O’ZGARTIRISHLARGA KO’RA, ASOSIY BURILISHLARDAN BIRI O’ZBEKISTON IJTIMOIY DAVLAT EKANI QAT’IY BELGILANAYOTGANIDA YAQQOL NAMOYON BO’LADI.

Zamonlar o‘zgarishi bilan xalqning Bosh qomusiga o‘zgartirishlar kiritilishi tabiiy hol, albatta. Bu jarayon barcha mamlakatlarning tajribasida kuzatiladi. Chunki ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bosqichlarida shunga jiddiy ehtiyoj tug‘iladi.

O’zbekistonning amaldagi Konstitutsiyasi mustaqil davlatni shakllantirishda, mamlakatni jahonga tan oldirishda, tenglar ichra teng bo‘lishida tarixiy missiyani bajardi. Shuning uchun ham u avval boshdan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili negizida yaratilgan edi. O’tgan yillar davomida res publikamiz ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan mustahkam oyoqqa turib, ulkan yutuqlarni qo‘lga kirita boshlagach, endi davlatdan ko‘ra ko‘proq insonni, uning huquqlari kafolatini oliy maqsadga ko‘tarish zarurati tug‘ildi. Modomiki, yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasidagi yangi normalar “inson – jamiyat – davlat” konsepsiyasiga amal qilingan holda ishlab chiqildi. Davlatning parlament, hokimliklarning mahalliy kengashlar oldidagi hisobdorligi, mas’uliyati tubdan kuchaytirilayotgani ham shu tamoyilga mos tushadi. Millat sifatida keyingi harakatlarimizni aniqlab olishimiz uchun ham konstitutsiyaviy islohotlar kerak edi. Adolatli jamiyat qurish yo‘lida tashlanayotgan ulkan qadamdir bu intilishlar.

Dunyoda yuz berayotgan keskinliklar, geosiyosiy vaziyatning murakkablashuvi va tahdidlarning kuchayishi O’zbekiston davlatchiligini yanada mustahkamlashni taqozo etadi. Konstitutsiya esa davlatchilikning o‘zagi va mazmun-mohiyati sanaladi. Bugungi kunda yer yuzida mavjud vaziyatni tahlil qilgan holda, yangilanayotgan Asosiy qonunda bir tomondan davlat va uning organlari tizimi, ikkinchi tomondan esa inson, fuqaro va jamiyatning huquq va majburiyatlari hamma uchun tushunarli tarzda bayon etilayotgani O’zbekistonning yanada barqaror bo‘lishiga va har qanday tahdidlarga qarshi zarba bera olish qobiliyatini mustahkamlashga asos bo‘lishini alohida ta’kidlash joizdir. Oddiy odamlar bilan hokimiyat o‘rtasidagi muloqot bugunga kelib tubdan ijobiy o‘zgargani, ochiqlik siyosati ortga qaytmaydigan tarzda tus olgani, o‘sib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy talablarni qondirish uchun ham yangicha huquqiy munosabatlarga katta ehtiyoj tug‘ilgani ayni haqiqat. Taklif etilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, asosiy burilishlardan biri O’zbekiston ijtimoiy davlat ekanligi qat’iy belgilanayotganida yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu esa ijtimoiy majburiyatlarga doir normalar uch barobarga oshayotgani, fuqarolarning huquq va erkinliklari borasida sezilarli yengilliklar berilayotgani, davlat hokimiyati tizimi takomillashayotgani va ixchamlashayotganligini anglatadi

Misol uchun, 43-moddada davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi o‘z aksini topmoqda.

O’zbekistonda 2016 yilgacha kambag‘allik rasman tan olinmagan. Shunday bo‘lgach, unga qarshi biror amaliy choralar ko‘rilmagan. Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda kambag‘al qatlam borligini rasman tan oldi, fuqarolarni ushbu toifadan chiqarish bo‘yicha sa’y-harakatlar boshlandi

Kambag‘allikka barham berishning birinchi sharti – munosib ish topish. Biroq ishsizlikka qarshi kurashish tizimli bo‘lishi lozim. Aynan mana shu jihat Konstitutsiyada mustahkamlanyapti. Davlat o‘z fuqarolarini ish bilan ta’minlash, ularni kambag‘allikdan chiqarish, professional kasb o‘rgatish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olmoqda.

Yaqin yillargacha majburiy mehnatdan millionlab yurtdoshlarimiz aziyat chekkan bir paytda xodimlarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish bugungi kunning eng muhim talablaridan biri edi, desak xato bo‘lmaydi.

Xalqaro mehnat tashkilotining talablariga ko‘ra, “munosib mehnat qilish” deganda shaxsning malakasi va ko‘nikmalariga mos bo‘lgan mehnat faoliyati bilan erkin shug‘ullanish tushuniladi. Modomiki, Bosh qomusimizni chinakam xalqona ruhda yangilash, yurtdoshlarimizning mehnat va ishsizlik borasidagi huquqlarini ta’minlash maqsadida o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Inson ishsiz qolmasligi uchun qo‘lida hunari, bilimi va yetarli tajribasi bo‘lishi kerak. Buning uchun esa ular doimiy o‘qishi, malaka oshirishi juda muhim. Shu sababli Konstitutsiyaga davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash uchun ularning kasbiy tayyorgarligi hamda qayta tayyorlanishini tashkil etadi va rag‘batlantiradi, degan norma qo‘shilmoqda.

O’zbekiston tomonidan majburiy mehnatning taqiqlanishi tamoyilining davomi sifatida munosib mehnat sharoitlarida ishlash huquqi Bosh qomusda belgilanishi mantiqan to‘g‘ri bo‘lmoqda. Bu o‘zgarishlarning asosiy maqsadi – xalqning mehnat qilishi, mehnatiga yarasha ish haqi olishi va farovon yashashi uchun sharoitlarni yaratishdan iborat.

Eng muhimi, davlat o‘z fuqarolarining bandligini ta’minlash va moddiy sharoitini yaxshilash, ularni kasb-hunarga o‘rgatish vazifalarini o‘z zimmasiga olishi konstitutsiyaviy darajada belgilanishi bu borada olib borilayotgan ezgu ishlarning sifat jihatdan yangi bosqichda izchil davom ettirilishini kafolatlaydi.

Dilshod SHOUMAROV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya

qo‘mitasi raisi o‘rinbosari

  • Ko'rildi
    75
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+