O‘zLiDeP raisi YeXHTning O’zbekistondagi missiyasi vakillari bilan uchrashdi

11.04.2023, 12:33

O‘zLiDeP raisi YeXHTning O’zbekistondagi missiyasi vakillari bilan uchrashdi

Joriy yilning aprel oyi oxirida chinakam tarixiy voqea – yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha umumxalq referendumi bo‘lib o‘tadi. Referendum O’zbekistonning amaldagi qonunchiligi va umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq – ochiq va ommaviy tarzda o‘tkaziladi.

Kuzatuvchilar instituti mazkur jarayonda muhim mexanizmlardan biri sanaladi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasining akkreditatsiyasi asosida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari O’zbekistonda referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tadbirlarda ishtirok etish huquqiga ega. Toshkent shahrida O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy taklifiga binoan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB) ning referendumni kuzatish missiyasi ish olib bormoqda. Ushbu missiya 10 nafar ekspert va 14 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilardan iborat.

Missiya vakillari o‘z vazifalari va vakolatlaridan kelib chiqqan holda referendumgacha, ovoz berish kuni va undan keyin o‘tadigan turli tadbirlarda ishtirok etishi rejalashtirilgan. Ma’lumki, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari va xalqaro hamjamiyat vakillari bilan uchrashuvlar kuzatuvning ajralmas qismidir.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasida partiya raisi A.Xaitov, partiya mas’ul xodimlari va faollari YeXHT DIIHB missiyasi rahbari, elchi Albert Yonsson va siyosiy tahlilchi Svetozar Kolibarski bilan uchrashdi. Xalqaro kuzatuvchilar mamlakatimiz yetakchi partiyasi – O‘zLiDePning referendum doirasidagi faoliyati bilan tanishdi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning ishlab chiqilgan loyihasini chin ma’noda xalqchil deb atash mumkinligi alohida ta’kidlandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining umumxalq muhokamasi doirasida mamlakatimiz fuqarolaridan 220 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi. 8 mingdan ortiq taklif O‘zLiDeP tomonidan kiritilgan bo‘lib, shundan 3 mingga yaqini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Konstitutsiyaviy komissiyaga, qolganlari portal orqali taqdim etilgan. Partiyaning asosiy elektorati bo‘lgan tadbirkorlar, ishbilarmonlar va fermerlar Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlarni qo‘llab-quvvatlab, qator takliflar bildirdi. Mehmonlar Konstitutsiya loyihasining yangi tahrirdagi moddalarida inobatga olingan O‘zLiDePning takliflari bilan qisqacha tanishtirildi. Bularning barchasi xalqimiz nafaqat konstitutsiyaviy islohotlarda ishtirok etganini, balki qonun loyihasini referendumda keng qo‘llab-quvvatlashga ham tayyor ekanini ko‘rsatadi.

Uchrashuvda Konstitutsiya loyihasining yangi tahrirdagi qoidalari mazmun-mohiyatini yetkazish borasida tushuntirish ishlarini olib borishga O‘zLiDePning qo‘shgan hissasi masalasi muhokama qilindi. O‘zLiDeP Siyosiy Kengashining 2023 yil 16 mart kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida mazkur masala alohida ko‘rib chiqilgani tushuntirish ishlarining sifati, izchilligi va ko‘lamli ekanidan dalolatdir. So‘nggi ikki hafta davomida partiya tashabbusi bilan 112 mingga yaqin mamlakatimiz fuqarolarini qamrab olgan 1000 dan ortiq tadbirlar o‘tkazildi.

Uchrashuv yakunida o‘zaro fikr almashildi. YeXHT DIIHBning referendumni kuzatish missiyasi vakillari yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha referendumda partiyaning ishtiroki yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Uchrashuv konstruktiv muloqot ruhida o‘tdi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    333
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+