Yangi tahrirdagi Konstitutsiya targ‘iboti beruniylik xotin-qizlar orasida

17.04.2023, 15:55

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya  targ‘iboti beruniylik xotin-qizlar orasida

Konstitutsiyaviy  qonun  loyihasining  mazmun-mohiyatiga  bag‘ishlangan tashviqot tadbirlarining navbatdagisi O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi  Ayollar qanoti tashabbusi bilan  Beruniy tumanidagi  “Rayxon apparel” MChJda tashkil qilindi.

“Biz erkinlik uchun ovoz beramiz!” shiori ostidagi ushbu uchrashuvda  Nukus shahar “Ona va bola skrining” markazi direktori, O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi  raisining Ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A. Qalandarova,    tuman kengashi apparat rahbari R. Yuldasheva va  partiya  faollari ishtirok etdi.   

Ular  bugun yurtimizda kechayotgan barcha sa’y-harakatlar inson qadrini yuksaltirishga qaratilgani, Bosh qomusimizga kiritiladigan jamiki o‘zgarishlarning negizida ham O’zbekistonda kechayotgan islohotlar mohiyatini belgilovchi  “Inson qadri uchun” ulug‘vor g‘oyasi yotganini alohida ta’kidlashdi.

Ayniqsa yangilanayotgan konstitutsiyada xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi ijtimoiy faoliyatini oshirish bo‘yicha belgilanayotgan yangiliklarga urg‘u berildi.  Ayniqsa, asosiy elektoratimiz bo‘lgan, tadbirkorlar, ishbilarmonlar, klaster va fermerlar loyiha muhokamasiga befarq bo‘lmadi, ko‘plab takliflar berishdi, bu o‘zgarishlarni  qo‘llab-quvvatlashyapti. 

Partiyamizning  dasturiy  maqsad va vazifalaridan kelib chiqib berilgan takliflar qonun loyihasida aks etdi. Ushbu o‘zgarishlarning aksariyati tadbirkor va fermerlarimiz uzoq kutgan, mulkdorlar qatlami uchun nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan o‘zgarishlardir.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Prezidentimizning oqilona siyosati tufayli iqtisodiy tashabbuskor –  tadbirkorlar va ishbilarmonlar sinfi shakllandi. Ularga keng imtiyoz va preferensiyalar berilgani,  tekshiruvlarning  keskin cheklangani, erkin faoliyatini kafolatlovchi qonunlar qabul qilingani mamlakatimizda soha taraqqiyoti uchun zarur huquqiy asoslarni yanada mustahkamladi.  Natijada, kichik tadbirkorlik sub’ektlari soni 2016 yilga nisbatan 2,5 barobarga ko‘paydi. Tadbirkorlik sub’ektlarida ish bilan band bo‘lgan aholi vakillari soni ham bir necha barobar oshdi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyada mulkdorlar, tadbirkorlar  manfaatlaridan kelib chiqib kiritilayotgan o‘zgartishlar bu boradagi yutuqlarni yanada yangi darajaga olib chiqishiga shubha yo‘q. Jumladan qonun loyihasida davlatning bozor munosabatlarini rivojlantirish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratishi  bo‘yicha majburiyatlari  belgilanyapti.  Shuningdek  Konstitutsiyada  barcha mulk shakllarining teng huquqliligi,  tadbirkorlarning qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni  mustaqil tanlashi va amalga oshirishga haqli ekanligi kafolatlanyapti.

Mol-mulk,  uy-joy daxlsizligi masalasini bosh qomusimizda belgilash – partiyamiz a’zolari va elektorati uchun ayni muddao bo‘lyapti. Mol-mulk daxlsizligining  yuksak  darajada  kafolatlanishi  ishbilarmonlik  va investitsiyaviy  faollikni ham rag‘batlantiradi. 

Tashviqot tadbiri davomida barcha xotin-qizlarni xalqimiz taqdiri va ertangi kunini belgilab beradigan tarixiy qonunga befarq bo‘lmasdan, 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishga chaqirildi.

Tuman madaniyat bo‘limi xodimlarining  dilrabo kuy-qo‘shiqlari dillarni xushnud etdi.

O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi

kengashi matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    176
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+