Yangi Konstitutsiya bank tizimini yanada rivojlantiradi

17.04.2023, 15:59

Yangi Konstitutsiya bank tizimini yanada rivojlantiradi

So‘nggi besh-olti yilda O’zbekistonda ko‘plab sohalarda, xususan iqtisodiyotda va bank tizimida samarali islohotlar amalga oshirilmoqda. Tobora shiddatli kechayotgan zamonga mutanosib ravishda mamlakatimiz bank tizimi ham o‘zgarib, yangilanib bormoqda. Mazkur yangilanishlar zamirida sohaning huquqiy bazasi va himoyalanganligi muhim ahamiyat kasb etadi. “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasida ham bank amaliyotlari bilan bog‘liq norma va qoidalar kiritilib, Konstitutsiya darajasiga ko‘tarilayotgani uning muhofaza darajasini yanada oshiradi, barqarorligini ta’minlaydi, fuqarolarning banklarga bo‘lgan ishonchini oshiradi.

O’zLiDeP O’rta Chirchiq tuman Kengashi va Agrobank Toshkent viloyati hududiy filialidagi partiya boshlang‘ich tashkiloti o‘zaro hamkorligida mazkur muassasada faoliyat yuritayotgan rahbar xodimlar va mutaxassislar uchun Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar mazmun-mohiyatiga bag‘ishlab o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirida ham shu haqda so‘z bordi.

Unda O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri Baxtiyor Ruxitdinov, Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash jamiyati huquqshunosi Donoxon Ishanova, partiya viloyat hamda tuman Kengashlari mutasaddilari, Xalq deputatlari O’rta Chirchiq tuman Kengashidagi partiya deputati Karim Murodov, Agrobank Toshkent viloyati hududiy filiali rahbar xodimlari va mutaxassislari, partiya faollari va a’zolari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olganlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilayotgan konseptual o‘zgartishlar xususida to‘xtalarkan, Qonun loyihasining bank tizimi faoliyatiga oid 41-, 65-, 67-, 150- va 151-moddalari yuzasidan ham atroflicha tushuntirishlar berib o‘tishdi.  

Konstitutsiyaning yangi tahrirdagi loyihasida inson qadri, uning manfaatlari va xalq uchun keng ko‘lamdagi o‘zgarishlar o‘z aksini topmoqda.

Bu borada so‘z olganlar to‘xtalar ekan, yangilanayotgan Konstitutsiya inson huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda mamlakatimizni demokratik rivojlantirish yo‘lida eng muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlashdi. Yaqinda yurtdoshlarimiz referendumda ovoz beradigan ushbu Asosiy qonun matnida inson huquq va erkinliklari kafolatlari bir qator ilg‘or normalar bilan kuchaytirilayotganini alohida e’tirof etdilar.

Agrobank Toshkent viloyati hududiy filiali g‘azna mudirasi, “Agrobank Toshkent viloyati hududiy filiali” BPT raisi Go‘zal Qo‘shmatova ham bank amaliyotlarining, omonatlarining va hisobvaraqlarining sir tutilishi, shuningdek meros huquqi qonun bilan kafolatlanishiga doir bo‘lgan konstitutsiyaviy norma respublika bank tizimini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirishga qaratilgan bo‘lib, respublikamiz bank-moliya tizimini isloh qilish va mustahkamlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning mantiqiy davomi ekaniga e’tibor qaratdi.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur o‘zgarish ko‘rsatilayotgan bank xizmatlari sifatini yanada oshirishga, partiya elektorati bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari va banklar o‘rtasida to‘laqonli hamkorlik munosabatlari shakllanishiga, aholi va xo‘jalik sub’ektlarining bank tizimiga ishonchli institutsional hamkor sifatida qarashlarini mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.  

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

Teglar
Referendum
  • Ko'rildi
    465
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+