Axborotsiz yashash qiyin

20.04.2023, 10:40

Axborotsiz yashash qiyin

Ayni paytda o‘ta muvozanatli bir davrida yashayapmiz. Siyosat, jamiyat, texnologiyalardagi ulkan o‘zgarishlarga bevosita guvohmiz. Insoniyat postindustrial jamiyatdan butunlay yangi davr – axborotlashgan asrga qadam qo‘ydi. Kompyuterlar yoki elektron axborot davri deb atalishida ham mantiqiy asoslar mavjud. An’anaviy sanoatdan raqamli sanoatga global siljish bilan tavsiflanadi bu o‘zgarishlar. Shuningdek, axborot davri kishilar uchun ma’lumotni erkin uzatish, saqlash va qabul qilish uchun keng imkoniyatlar yaratdi.

Aslida ham axborotlashgan jamiyatning muhim sharti axborotni shakllantirish, uzatish, qayta ishlash va uni saqlashdan iboratdir. Ishlab chiqarish kuchlari va munosabatlari o‘rnini egallagan bu jarayonlarni harakatlantiruvchi omil ham xolis axborotga tayanadi.

Prezidentimiz iborasi bilan aytganda, bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, Internet tizimini keng rivojlantirmasdan turib, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilash, barqaror taraqqiyotga erishish haqida so‘z yuritish mumkin emas.

Shu ma’noda yangilanayotgan Konstitutsiyamizning amaldagi 29-moddasiga “Har kim internet jahon axborot tarmog‘iga kirish va undan erkin foydalanish huquqiga ega” degan qo‘shimcha norma kiritish taklif etilayotgani ayni muddaodir. Chunki atrofdagi voqea-hodisalar haqida ma’lumot olishga doimiy zarurat mavjud bo‘lib kelgan. Masalan, insoniyatning ilk tarixi davrida zaharli o‘simliklar, xavfli hayvonlar va boshqalar haqidagi bilimlarni o‘zlashtirishi odamlar uchun omon qolishning kaliti edi.

Bugungi kunda axborotning inson hayotidagi o‘rni yanada muhimroq ahamiyat kasb etib, raqamli texnologiyalarning izchil rivojlanishi unga ma’lumot yaratish, saqlash va uzatish uchun keng imkoniyatlar bermoqda. Axborot asrida axborotning iste’molchiga o‘z vaqtida ishonchli yetib borishi nafaqat bir inson yoki uning oilasi hayotiga, balki butun bir jamiyat, davlatning taraqqiyotiga yoki ijobiy, yoki salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Konstitutsiyamizga kiritilayotgan ushbu o‘zgartirish har kim axborotni internet jahon axborot tarmog‘idan moneliksiz izlashi, olishi, tekshirishi, tarqatishi, undan foydalanishi va uni saqlash huquqini mustahkamlaydi. Bu huquqning Asosiy qonun bilan mustahkamlanishi fuqarolarimizning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy, siyosiy, texnikaviy va texnologik sohalarda faolligini oshiradi, mahalliy va xorijiy yangiliklardan boxabar bo‘lib turish imkoniyatini yaratadi, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning kechishini kuzatib borishga sharoit tug‘diradi, davlatning biznes bilan o‘zaro integratsiyasini kuchaytiradi, fuqarolarning o‘zini-o‘zi ro‘yobga chiqarish manbasiga aylanadi va h.k.

Bu kabi huquqlarimizning Bosh qomusimizda kafolatlanishi, mamlakatimizning barqaror taraqqiyotiga, soha va tarmoqlarning izchil rivojlanishiga hamda xalqimiz turmushi farovonligining oshishiga o‘zining beqiyos ijobiy hissasini qo‘shadi, albatta.

Isomiddin ASHUROV,

“O’zbektelekom” aksiyadorlik

kompaniyasi bosh direktorining yoshlar masalalari

bo‘yicha maslahatchisi, O‘zLiDeP eksperti

  • Ko'rildi
    166
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+