Shavkat Mirziyoyev surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashdi

22.06.2023, 21:33

Shavkat Mirziyoyev surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashdi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 22 iyun kuni Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Tadbirni nomzodning Surxondaryo viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Abdulxakim Eshmuratov ochdi. U o‘z so‘zida Shavkat Mirziyoyev rahbarligida iqtisodiyot jadal rivojlantirilib, ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgani, xalqimizga munosib sharoitlar yaratilayotganini ta’kidladi.

Jumladan, so‘nggi olti yarim yilda yalpi hududiy mahsulot 1,3 barobarga ko‘payib, 35 trillion so‘mdan oshgan, aholi jon boshiga 13 million so‘mga yetgan. Shu davrda viloyatga jami 5 milliard dollar investitsiya jalb qilingan. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarida 600 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan.

Ijtimoiy sohada ham ko‘plab ijobiy natijalarga erishilmoqda. Xususan, 20 mingta oilaning uy-joy sharoiti yaxshilangan. Maktabgacha ta’limda qo‘shimcha 125 mingdan ziyod, maktablarda 100 mingta yangi o‘quvchi o‘rni ochilgan.

Uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev saylovchilarni Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yetti yillik rejalari bilan tanishtirdi.

Unda, avvalo, aholiga munosib turmush sharoiti yaratishga katta ahamiyat qaratildi. Qayd etilganidek, kelgusi yetti yilda 2 mingta davlat va xususiy bog‘chalar tashkil etilib, viloyatda maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyoj 100 foiz qoplanadi. Maktablarda yana 100 mingdan ortiq o‘quvchi o‘rni yaratiladi. Termiz shahrida zamonaviy “Tibbiyot shaharchasi”, 100 dan ortiq oilaviy poliklinika va shifokor punkti tashkil etiladi. 1,5 mingta ko‘p qavatli uylar qurilishi hisobiga 50 ming oila shinam uy-joyga ega bo‘ladi. 4 ming kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanadi. Hudud aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 90 foizga yetkaziladi.

Iqtisodiy rejalar haqida so‘z borar ekan, tog‘-kon sanoati, turizm, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligida katta imkoniyatlar borligi ta’kidlandi. Xususan, kelgusi yetti yilda bu qazilma boyliklarini chuqur qayta ishlash orqali viloyat sanoat salohiyati oshiriladi. Geologiya sohasida yangi zaxiralarni aniqlashga 100 million dollar ajratiladi. To‘qimachilikda 1 milliard 200 million dollarlik 400 ta, qurilish materiallari tarmog‘ida 3,5 milliard dollarlik 1,5 mingta korxona ishga tushadi. 67 ta yangi sanoat zonasi tashkil etilib, 6 milliard dollarlik 2,5 mingta loyiha amalga oshiriladi. 

 Surxondaryoda 600 dan ziyod madaniy meros va turizm ob’ektlari bor. Ularga sayyohlarni jalb etish maqsadida Dalvarzintepa, Kampirtepa va Fayoztepa yodgorliklari hududida “ochiq osmon muzeylari” tashkil etiladi.

Kelgusida yer va suvdan oqilona foydalanish dolzarb masalaga aylanadi. Shu bois Surxondaryoda suvdan foydalanish samaradorligini 25 foizga oshirib, 1 milliard metr kub suvni iqtisod qilish rejalashtirilgan. Buning uchun fermer va klasterlarga moliyaviy va texnik ko‘mak beriladi. 500 kilometr irrigatsiya tarmoqlari, jumladan, Bobotog‘ va Zang kanallari ta’mirlanadi. Bandixon, Qiziriq va Muzrabotdagi 7 ming gektar maydonlar yopiq quvurli sug‘orish tizimiga o‘tkaziladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini 5 marta oshirib, 2030 yilgacha eksportni 500 million dollarga yetkazish mo‘ljallangan.

Umuman, Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun yetti yillik dastur qabul qilinib, unga jami 27 milliard dollar yo‘naltirilishi ta’kidlandi.

Uchrashuvda mamlakatimiz mudofaa qudratini yanada yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Shu maqsadda harbiy xizmatning nufuzi oshirilib, harbiy ilm-fan va ta’lim rivojlantiriladi. Harbiylar va ularning oila a’zolarining ijtimoiy-huquqiy himoyasi kuchaytiriladi. Milliy tariximizni chuqur o‘rganib, uning har bir davrini qaytadan kashf etish, tarixiy-ma’naviy merosimizni yoshlar qalbiga singdirish, ularni sog‘lom e’tiqod va diniy bag‘rikenglik ruhida tarbiyalashga e’tibor qaratiladi.

Qadriyatlarimizni ulug‘lashda milliy liboslarning ahamiyatini inobatga olib, nomzod Surxondaryoda har ikki yilda Milliy liboslar xalqaro festivalini o‘tkazish taklifini bildirdi.

Uchrashuv so‘ngida partiya faollari nomzodning saylovoldi dasturi bo‘yicha munosabat bildirib, undagi barcha tashabbus viloyat aholisining og‘irini yengil qilishga xizmat qilishini va saylovda Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

Teglar
Saylov 2023
  • Ko'rildi
    503
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+