Shavkat Mirziyoyev qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashdi

Shavkat Mirziyoyev qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashdi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev
23 iyun kuni Qashqadaryo viloyatidagi saylovchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirni nomzodning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Shuhrat Aslanov ochib berdi. U o‘z so‘zida Shavkat Mirziyoyev rahbarligida viloyatda ulkan o‘zgarishlar ro‘y bergani, jumladan, o‘tgan olti yarim yilda hududda odamlar turmush farovonligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, Qashqadaryo chin ma’noda obodonchilik va bunyodkorlik viloyatiga aylanganligini ta’kidladi.

Tadbirda ta’kidlandiki, viloyat iqtisodiyoti 1,3 marta o‘sib, 50 trln so‘mdan, aholi jon boshiga daromadlar esa 2,5 marta o‘sib, 13 mln so‘mdan oshgani, vohaga kiritilgan 15 mlrd dollar investitsiyalardan 6 mlrd dollari xorijiy investitsiya ekanligi, tuman va shaharlarda 49 ta sanoat zonalari tashkil etildi.

“Uzbekistan GTL” yuqori texnologik sanoat majmuasi ishga tushirilishi bilan, shu korxona o‘ziga 1 mlrd dollar xorijiy investitsiya kirib keldi. Natijada 223 ta hududga sanoat kirib bordi, 182 ta mahallalar ishsizlikdan holi hududga aylandi, 615 ming aholi, shu jumladan 200 ming nafar xotin-qizlar ish bilan ta’minlandi.

Ta’lim sohasida 331 ta maktab yangidan qurildi va rekonstruksiya qilindi va ularda 100 mingga yaqin qo‘shimcha o‘quvchi o‘rinlari yaratildi. Bog‘chalar soni 9 marta ko‘payib, 3 mingga yaqinlashdi – tizim qamrovi 13 foizdan 53 foizga oshdi. Oliygohlar soni 3 marta oshib, 9 ga yetdi – oliy ta’lim bilan qamrovi esa 8 foizdan 40 foizga yetdi.

Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash, uy joy qurilishi, 400 ga yaqin mahallalarda uzoq yillar davomida yechimini topmagan yo‘l, ichimlik suvi va elektr energiyasi sohalarida amalga oshirilan ishlar yuzasidan to‘xtalib o‘tildi.

Nomzod kelgusi 7 yilda Qashqadaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun jami 27 mlrd dollar sarflanishini ta’kidladi.

Jumladan, 2030 yilga qadar viloyatda maktabgacha ta’lim qamrovi 100 foizga yetkaziladi, tibbiy vositalar va dori-darmon bilan bepul ta’minlash uchun mablag‘lar 4 marta oshiriladi, endokrinologiya va kardiologiya bo‘limlari, “Ona va bola” klasterlari barpo etiladi. Qandli diabet bilan kasallangan bemorlar insulin preparati bilan ta’minlanadi, ehtiyojmand ayollarga davolash xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.

Mahallalarda infratuzilmani yaxshilash va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali, kelgusi yetti yilda viloyatda kambag‘allik darajasini 3 marta qisqartiriladi.

Ijtimoiy hodimlar mahalladagi yolg‘iz keksalar va ayollar, nogironligi bo‘lgan va ehtiyojmand 30 toifadagi aholi bilan manzilli ish olib boradi.

O’sib borayotgan aholi ehtiyojlarini qondirish maqsadida 2030 yilgacha 22 ming kvartirali 550 ta ko‘p qavatli uy-joylar barpo etiladi va bunga 3,5 trln so‘mlik imtiyozli ipoteka kreditlari ajratiladi. Bundan tashqari, aholini ichimlik suvi, ijtimoiy ob’ektlarni isitish, elektr energiyasini ta’minlash, avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va yangi qurishga xalqaro hamkorlar va xususiy sektor jalb etiladi.

Innovatsion loyihalar ishlab chiqish uchun Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida “Yoshlar texnoparki” barpo etiladi, To‘qimachilik muhandisligi fakulteti ochiladi, yirik neft-gaz korxonalari bilan “Ta’lim – ilm-fan – oishlab chiqarish” klasteri tashkil etiladi.

Tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun yoshlarga 4 mrln so‘m imtiyozli kreditlar, biznesining dastlabki bino ijara xarajatining 50 foizi qoplab beriladi.

Nomzod kelgusi yetti yilda Qashqadaryo iqtisodiyoti 2 marta, ya’ni 180 trln so‘mga yetkazish uchun faol investitsiya siyosati yuritilishi rejasi haqida gapirdi. Buning uchun 20 mlrd dollarlik 15 ta tekstil, elektrotexnika, oziq-ovqat, maishiy kimyo, charm-poyabzal, qurilish materiallari kabi sanoat loyihalari ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, hududda turizmni yetakchi sohalardan biriga aylantirib, xorijiy sayyohlar sonini 5 marta oshirish uchun imkoniyatlar ishga solinadi.

Qishloq ho‘jaligi sohasida 2 ta yirik zamonaviy agrologistika markazi, intensiv bog‘lar barpo etiladi, “Sichankul” tabiiy suv havzasida baliqchilik klasteri tashkil etiladi, Shaxrisabzda paxta maydonlari hisobiga meva-sabzavotchilik rivojlantiriladi.

Global iqlim o‘zgarishi sharoitida aholining suvga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida suvdan foydalanish samaradorligi oshiriladi, suvi taqchil hududlar yopiq quvurli sug‘orish tizimiga o‘tkaziladi. Nasos stansiyalarning 50 foiz elektr iste’moli qayta tiklanuvchi elektr manbalariga o‘tkaziladi.

Nomzod xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz haqida g‘amxo‘rlik qilish, ularni har tomonlama himoyalash to‘g‘risida alohida to‘xtaldi. Bu borada xorijdagi O’zbek milliy madaniy markazlari va elchixonalarimiz qoshida o‘zbek tili kurslari va “yakshanbalik maktab”lari tashkil etish, xorijdagi vatandoshlarimiz uchun alohida ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, o‘zbek tili va adabiyoti, tarix, madaniyat, san’at va hunarmandchilik yo‘nalishidagi yetakchi oliygohlarda vatandoshlar uchun 200 ta grantlar ajratish vazifa sifatida belgilandi.

Ishlash va tadbirkorlik qilish istagidagi vatandoshlar uchun kirish vizalari 3 yilga uzaytiriladi, davlat bojlari 3 karra pasaytiriladi, O’zbekistonda ishlashi uchun litsenziya talabi bekor qilinadi, O’zbekistonda doimiy yashash tartibi soddalashtiriladi.

Bundan tashqari, chet elda musofirchilikda og‘ir ahvolga tushib qolgan yurtdoshlarimizga chet elni o‘zida moddiy yordam imkoniyatlarini kengaytiriladi.

Uchrashuv so‘ngida partiya vakillari va taklif etilgan mehmonlar so‘zga chiqdilar. Ular saylovoldi dasturidan o‘rin olgan har bir tashabbus viloyat aholisining turmush farovonligini yanada oshirishga, xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizni yanada himoyalashga xizmat qilishini ta’kidlab, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

Teglar
Saylov 2023
  • Ko'rildi
    119
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+