Tub burilish va ulkan o‘zgarishlar davri boshlandi

17.07.2023, 09:31

Tub burilish va ulkan o‘zgarishlar davri boshlandi

Kuni kecha yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning inauguratsiya marosimida qatnashdim. Tarixiy jarayonni bevosita kuzatish baxtiga muyassar bo‘ldim. Davlat rahbari Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida nutq so‘zlab, yangilangan Konstitutsiyamiz asosida o‘tkazilgan Prezidentlik saylovida avvalo o‘zining siyosiy madaniyati va irodasini namoyon etgan olijanob va bag‘rikeng xalqimizga, siyosiy partiyalar vakillariga, keng jamoatchilikka o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Ma’ruzada belgilangan maqsad va vazifalar ko‘lamini atroflicha mushohada qilib, Yangi O‘zbekiston yaqin yillarda yanada farovon, iqtisodiy barqaror, barcha sohalarda rivojlanishga yuz tutgan mamlakatga aylanishiga yana bir bor ishonch hosil qildim. Chunki, davlatimiz rahbari o‘z nutqida “...oldimizda turgan davr O‘zbekiston uchun siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda tub burilish va ulkan o‘zgarishlar davri bo‘ladi. Kechagi natija, kechagi qarash va mezonlar endi tarix. Ular endi bizni qoniqtirmaydi” deya qat’iy ta’kidladi.

Boshqacha aytganda, bugungi kunda davom etayotgan islohotlar yangi g‘oya va tashabbuslar bilan boyitilib, yanada shiddatli tus oladi. Shunday bo‘lishi ham kerak. Negaki, bugun jahon miqyosida qanday keskin va shiddatli o‘zgarishlar bo‘layotganini bevosita kuzatib turibmiz. Prezidentimiz o‘z so‘zida masalaning ushbu jihatiga to‘xtalib, yer yuzining turli mintaqalarida davom etayotgan qurolli mojarolar global tinchlik va osoyishtalikka jiddiy putur yetkazayotganini, bunday nizo va to‘qnashuvlar, shafqatsiz raqobat savdo va investitsiya oqimlarini, tovar va xizmatlar aylanishini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi bo‘yicha yangi muammolar keltirib chiqarishini alohida ta’kidladi. Maqsadimiz belgilangan islohotlarni ta’sirchan va bardavom bo‘lishini ta’minlash ekan, yo‘limizda uchrashi mumkin bo‘lgan barcha xavf-xatar, to‘siq va g‘ovlarni hisobga olishimiz zarur. O‘z navbatida ulardan talafotsiz o‘tish choralarini ko‘rishimiz lozim.

Buning uchun esa “Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak poydevori” degan shior hayotimiz qoidasiga, har qaysi rahbarning, barcha xalq noiblari, vazir va hokimlarning kundalik faoliyat dasturiga aylanishi shartligi aytildi. Zero vaqt yugurik. U bizni kutib turmaydi.

Davlat rahbari birinchi navbatda o‘ziga va boshqalarga bunday qat’iy talab va hisobdorlikni qo‘yayotgani bejiz emas. Chunki, keyingi 7 yilda qilinishi lozim bo‘lgan islohotlar ijrosi zamirida millionlab insonlar taqdiri, umid va ishonchi yotibdi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Biz kim va qaysi sohada ishlashimizdan qat’iy nazar Prezidentimiz atrofida birlashgan holda o‘z ishimizga vijdonan yondashish, xalqimiz ishonchiga munosib bo‘lish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni ayamasligimiz lozim.

Prezidentimiz belgilangan islohotlarni Yangi O‘zbekistonning kelgusidagi taraqqiyotini bilimli, zamonaviy fikrlaydigan yoshlarsiz tasavvur etolmasligini, kelgusida yurtimiz va chet eldagi nufuzli oliygohlarda o‘qigan, yirik kompaniyalarda ishlagan salohiyatli yoshlar timsolida avvalo ertangi kunimizning yangi rahbarlarini, hudud, tarmoq va sohalarning mohir boshqaruvchilarini ko‘rishini alohida qayd etdi.

Davlat rahbari yoshlarga murojaat qilib, Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini mustahkam barpo etishda bilimli zukko yoshlarga ishonishini aytdi. Bu yo‘lda ularni yaratilgan imkoniyatlardan foydalanishga, intilish va izlanishdan aslo to‘xtamaslikka chaqirdi.

Bir so‘z bilan aytganda, xalqimiz bilan bo‘layotgan muloqotni yangi bosqichga ko‘tarish, ularning fikrlarini hisobga olgan holda hayotiy qonunlarni ishlab chiqish faoliyatimiz dasturilamaliga aylanadi.

 

Shahnoza XOLMAHAMATOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    202
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+