Eng ezgu niyat – insonlarni rozi qilish

20.07.2023, 10:20

Eng ezgu niyat – insonlarni rozi qilish

Ulkan ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy islohotlar izchil davom etayotgan kunlarda yashayapmiz. Ularning barchasi mohiyat-e’tiboriga ko‘ra mamlakatdagi siyosiy islohotlar bilan bog‘liqdir. Shu ma’noda, islohotlar markazida inson qadrini ulug‘lash va manfaatini muhofazalash, odamlarni rozi qilishdek ulug‘ maqsad turganligi alohida e’tiborga molik.

Nazarimda, kundalik jarayon va o‘zgarishlarga o‘rganib, ko‘nikib qolgandekmiz. Aslida tafakkurimiz tez moslashayotgan yangiliklar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Bunyodkorlik ko‘lami shaharlardan tortib, chekka qishloq va mahallalarga qadar yetib borgani quvonarli. Bugun o‘z uyini zamonaviy ko‘rinishga keltirayotgan, oila budjetini yaxshilashga intilayotgan yurtdoshlarimiz ko‘paygani sir emas. Yo‘l, ichimlik suvi, maktab, bog‘cha kabi muammolarga “ochiq budjet” orqali ovoz berib, o‘z qishlog‘i obod bo‘lishida faol ishtirok etayotgan yurtdoshlarimiz rozilik va mamnuniyat bilan islohotlar muvaffaqiyatiga munosib hissa qo‘shmoqda.

Gapni siyosiy islohotlarga olib kelib taqayotganimiz bejiz emas, albatta. Avvalo konstitutsiyaviy islohotlar, oddiy qilib ayt sak, Bosh qomusimizni o‘zgartirish orqali jamiyatni o‘zgartirish maqsadida boshlangan ishlar – ko‘p millatli xalqimizning xohish irodasi bilan 30 aprelda bo‘lib o‘tgan referendumda rasman tasdiqlangani katta siyosiy voqea bo‘ldi.

Yangi tahrirdagi konstitutsiyamiz elning ertangi  orzulari jamlangan hujjat sifatida qabul qilindi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari tomonidan muddatidan ilgari prezidentlik saylovini o‘tkazish taklifi ilgari surilgani islohotlar shiddatini yanada tezlashtirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Markaziy saylov komissiyasi tegishli chora-tadbirlarni belgilagani va saylovga qisqa muddatda puxta tayyorgarlik ko‘rilganini xalqaro hamjamiyat ham e’tirof etdi. Saylovchilar bilan muloqotlar jarayonida Shavkat Mirziyoyev 5 ta ustuvor maqsad asosida kelgusi 7 yillikda amalga oshiriladigan ulkan islohotlarni ma’lum qildi. O’ziga xos strategiya sanalgan saylovoldi dasturi insonparvar, aniq va mukammal, taraqqiyotning izchilligini ta’minlash mexanizmlarini to‘la-to‘kis aks ettirgan. Erkin fikr bildirish, o‘z tahlil va xulosalariga ega bo‘lgan saylovchilar keng qatlamining xolis tanlovi mazkur strategiyaning naqadar hayotiyligidan darak berdi.

Yilning yana bir siyosiy voqeligi – saylangan Prezidentning parlament palatalarining qo‘shma majlisida tantanali qasamyod qabul qilish marosimidagi ma’ruzasi bo‘ldi. “Xalqimizning yuksak ishonchini oqlash, erishgan yutuqlarimizni yangi, yanada ulkan natijalar bilan mustahkamlash – bosh vazifamiz” deb nomlangan ma’ruzada mamlakatimiz hayotidagi g‘oyat muhim va mas’uliyatli bu siyosiy jarayon el-yurtimiz bilan birgalikda tanlagan va amalga oshirayotgan milliy taraqqiyot yo‘limiz naqadar to‘g‘ri ekanini yana bir marta tasdiqladi, deya alohida ta’kidlangani diqqatga sazovor.

Hayajon bilan ko‘p millionli yurtdoshlarimiz televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib borgan tadbirda Shavkat Mirziyoyev yuksak ishonch uchun, hurmat va e’tibor uchun mard va donishmand xalqimizga minnatdorlik bildirdi. O’zbekistonda keyingi yillarda izchillik bilan olib borilayotgan insonparvar islohotlarni yangi bosqichda davom ettirish deputat va senatorlar, vazir va hokimlar, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlaridan, har bir yurtdoshimizdan belimizni yanada mahkam bog‘lab, avvalgidan ikki-uch karra ko‘proq g‘ayrat va shijoat bilan ishlashni talab etishini qayd qildi.

Islohotlar mazmuni – vatandoshlarimizning bugungi kunidan rozi, ertangi kuniga katta ishonch bilan yashash, erkin va farovon hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratishdir. Shunday ulug‘ va ezgu maqsad yo‘lida barchamizni birlashtirgan islohotlar bardavom bo‘lishidan manfaatdormiz, albatta.

Ilhom BOTIROV,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi

raisining birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    129
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+