Ustozlar ulug'langan yurtda rivojlanish bo‘ladi

15.08.2023, 10:28

Ustozlar ulug'langan yurtda rivojlanish bo‘ladi

“Avlodlaringizga faqat bugunning emas, kelgusi zamonning ilmini o‘rgating”. Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy shu so‘zlarni aytganlarida naqadar haq edilar.

Bugun barchamiz har qanday sohada raqobat kuchayib borayotgan o‘ta bir murakkab bir davrda yashayapmiz. Bu o‘tkir haqiqat esa keyingi yillarda mamlakatimizda yangicha fikrlaydigan, yuksak mezonlar asosida ta’lim-tarbiya beradigan o‘qituvchi va pedagoglarni yetishtirish, ularni qo‘llab-quvvatlash masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani bejizga emasligini yana bir bor isbotlaydi.

Rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatayaptiki, o‘qituvchilarning mashaqqatli mehnatini munosib ish haqi bilan ta’minlaydigan, ularning malakasini oshirishga sarmoya kiritib boriladigan davlatda ta’lim sifati o‘sib boradi va jamiyatda rivojlanish kuzatiladi.

Shu bois "O‘zbekistonda eng obro‘li inson muallim bo‘lishi kerak" degan ezgu g‘oya asosida davlat va jamiyat tomonidan har qancha mablag‘, resurs va imkoniyatlar zarur bo‘lsa, barchasi safarbar etilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga ma’qullash uchun yuborildi.

Mazkur qonun bilan pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari, ular faoliyatining asosiy kafolatlari, ularning mehnatiga yarash haq to‘lash, rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish tamoyillari belgilanmoqda. Jumladan, ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga ega pedagoglarning ish haqlariga har oylik ustama to‘lanishi qonun bilan mustahkamlanyapti.

Bundan tashqari, davlat umumiy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar davlat tomonidan o‘quv qo‘llanmalar, birlamchi o‘quv-metodik materiallar va o‘quv qurollari bilan bepul ta’minlanishi kafolatlanmoqda. Muhimi, pedagog o‘z sha’ni, qadr-qimmatini himoya qilish maqsadida muayyan mansabdor shaxsning hatti-harakati ustidan sudga murojaat qilgan taqdirda davlat bojini to‘lashdan ozod etiladigan bo‘lmoqda.

Mazkur qonunda pedagoglarning kasbiy faoliyatini amalga oshirishini ta’minlash borasida bir qator normalar ham belgilanmoqda.

Xususan:

—pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish, uning faoliyatini asossiz ravishda tekshirish, ta’lim oluvchilarning bilimlarini to‘g‘ri va xolis baholashga ta’sir ko‘rsatish, shuningdek pedagogning xizmat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilish, pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, shu jumladan hududlarni obodonlashtirishga, qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilish;

—pedagogdan uning kasbiy majburiyatlariga taalluqli bo‘lmagan hisobotlarni va boshqa ma’lumotlarni, shu jumladan aholining soliqlar, kommunal to‘lovlar, kreditlar va boshqa qarzdorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, bitiruvchilarni bandligini ta’minlanganligi haqidagi hisobotlarni shakllantirishini va taqdim etishini talab qilish;

—pedagogni kuz-qish davrida va bayram kunlarida ta’lim tashkilotida navbatchilikka jalb etish;

— pedagogning zimmasiga tovarlar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan lavozim maoshidan uning roziligisiz tovarlar va xizmatlar uchun mablag‘ ushlab qolishga yo‘l qo‘yilmasligi nazarda tutilyapti.

Kezi kelganda qayd etish kerak, mamlakatimizda ilk marotaba boshqa tarmoq va sohalardan farqli ravishda belgilangan eng kam ish haqi miqdoriga bog‘liq bo‘lmagan holda aynan pedagog xodimlarning ish haqi 2 bosqichda (2018 yil 1 sentyabr va 2019 yil 1 yanvar) 1,5 baravarga oshirildi. Bugungi kunda ularga 1000 AQSH dollari ekvivalentida ish haqi olishi uchun (malaka, til sertifikatlari va ilmiy daraja uchun belgilangan ustamalar evaziga) imkoniyat yaratildi.

Xalqaro tan olingan sertifikatga yoki xalqaro standartlarga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida ustama olishmoqda. Bundan tashqari, malakali pedagog xodimlarni qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida “Vazir jamg‘armasi” ishga tushirildi.

Natijada joriy yilning o‘zida 1 697 nafar malakali pedagog xodimlar “Vazir jamg‘armasi” hisobidan 9 oy davomida 5 million so‘mdan qo‘shimcha rag‘batlantirildi. “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi doirasida tashkil etilgan sayohatlarga 383 093 nafar xodimlar, o‘qituvchilar va o‘quvchilar jalb etildi.

Olis va chekka hududdagi hamda ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarga dars berish uchun jalb qilingan oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar boshqa tuman(shahar)dan kelsa 50 foiz, boshqa viloyatdan kelsa 100 foizlik hamda olimpiada g‘oliblarini tayyorlaganlik uchun 100 foizlik ustamalar ajratilmoqda.

Shuningdek, ularga bazaviy hisoblashning 50 baravari miqdorida bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joyni ijaraga olganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi beriladi.

Bugungi o‘qituvchi kelajak avlod vakillariga nafaqat bilim va ko‘nikmani berish bilan cheklanishi, balki ularda umrboqiy qadriyatlar shakllanishiga, tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga, asosiysi katta hayotdagi ijtimoiy moslashishiga hissa qo‘sha olishi kerak. Buning uchun o‘qituvchi doimo o‘z ustida ishlashi, ta’limning so‘nggi tendensiyalaridan xabardor bo‘lishi, zarur moddiy-texnik baza bilan ta’minlanishi, ta’lim sifatini oshirish va o‘quvchilarining natijalarini yaxshilashga bor kuch-g‘ayratini safarbar qila olishi lozim.

G‘ayrat ABDIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    204
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+