Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning muhim yo‘nalishlari

16.08.2023, 10:44

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning muhim yo‘nalishlari

Qishloq xo‘jaligi har qanday davlat iqtisodiyotining strategik tarmog‘i hisoblanadi. Ushbu tarmoqning mamlakat aholisini hayot sifati va sog‘lig‘ining holati bilan bog‘liq bo‘lgan oziq-ovqat yoki boshqa turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishda, qolaversa qishloq xo‘jaligida aholining bandligini ta’minlashda o‘rni beqiyos.

Bundan olti-yetti yil oldin daromad topib, oilasiga nafi tegishi uchun xalqimizga yer berilishi haqida o‘ylab ham ko‘rilmagan. 2021 yil yanvardan boshlab Prezidentimiz tashabbuslari bilan yoshlarga ekin maydonlaridan yer ajratilgani yaxshi natija berganini guvohi bo‘layapmiz.

Ishsiz aholiga qishloq xo‘jaligi yerlarini dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun ijaraga berish tartibi joriy qilindi. Natijada, o‘tgan yillar davomida dehqonchilik uchun aholiga ajratilgan 200 ming gektar yer maydonlarida oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish bo‘yicha qator ijobiy natijalarga erishildi.

Xususan, 700 ming nafar aholi doimiy, yana 1 million 300 ming nafari mavsumiy ish bilan ta’minlandi. 605 ming nafar dehqonlarning daromadi oshdi. Kartoshka, piyoz, sabzi bilan o‘zini o‘zi ta’minlaydigan tumanlar ko‘paydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 10-11 avgust kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida endi dastlabki bosqichda 10 yil muddatga ajratilgan 73 ming gektar maydonning ijara muddatlari 30 yilga uzaytirib berilishini ta’kidladi. Bu esa aholini quvontirdi, faollikka chorladi.

E’tiborlisi, bu boradagi islohotlar yanada davom ettirilishi, ya’ni paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, 70 ming gektar yer maydonlari aholiga dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun ajratilishi ko‘rsatib o‘tildi.Shuningdek, endilikda bo‘sh turgan 100 ming gektar yaylovlarni chorvasi bor aholi kamida 10 gektardan 10 yil muddatga ijaraga olishiga ruxsat beriladi. Ahamiyatlisi, “Ijtimoiy himoya reyestri”ga kiritilgan ehtiyojmand aholiga yerlarni berishda ular yer uchun barcha to‘lovlardan ozod qilinadi. Bu esa aholining yanada agrar tarmoqda daromadi ortishiga xizmat qiladi.

Yig‘ilish davomida dala chetlaridan samarali foydalanish borasida ham muhim vazifalar belgilab olindi. Joriy yildan boshlab fermer xo‘jaliklarining 60 ming gektar bo‘sh dala chetlarida uzum, kadi, qovun, tarvuz va sabzavot ekib, qo‘shimcha 220 ming tonna mahsulot yetishtirish, 600 ming bosh parranda va 300 ming dona asalari oilasini boqish bo‘yicha dastur ishlab chiqilgan edi.

Ushbu vazifalardan kelib chiqib, belgilangan rejalarni o‘z vaqtida bajarish, bunda aholi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda dala chetlaridan samarali foydalanishda mas’ullikni oshirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tilgani mutasaddilardan yanada mas’ullikni oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Tashrif chog‘ida agrar sohaning muhim tarmoqlaridan biri hisoblangan issiqxonalarni tashkil etish va ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalari ham e’tibordan chetda qolmadi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda issiqxonalar maydoni 3 barobarga oshib, ularda yetishtirilayotgan mahsulotlar hajmi 90 ming tonnadan 300 ming tonnaga ko‘paygan. Bugungi kunda mazkur tarmoqda 150 ming aholi yuqori daromadli ish bilan bandligi ta’minlangan.

Bu kabi ijobiy natijalarni yanada oshirish maqsadida davlatimiz rahbari kuz-qish mavsumida issiqxonalarga yoqilg‘i mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berish, zarur bo‘lsa, buning xaridi uchun kreditlar ajratish muhimligi bo‘yicha alohida ko‘rsatmalar berdi. Bu esa issiqxona yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan aholini yanada sohani kengaytirishga bo‘lgan qiziqishini oshiradi.

Inson qachon o‘zini baxtli his qiladi? Qachonki, barqaror daromad manbai va sevimli ish joyiga ega bo‘lib, o‘zi va oila a’zolariga nafi tegsa. Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslar imkon qadar ko‘proq buxoroliklarning oilasini boqishga bo‘lgan imkoniyatini yanada kengaytirishi bilan ahamiyatlidir.

Kuz-qish mavsumida issiqxonalarga yoqilg‘i mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berish, zarur bo‘lsa, buning xaridi uchun kreditlar ajratish muhimligi bo‘yicha topshiriqlar berilgani viloyatdagi mirishkorlarimizga yaqin istiqbolda kuzatilish ehtimoli mavjud bo‘lgan qiyinchiliklardan katta yo‘qotishlarsiz o‘tish imkonini beradi.

Xulosa o‘rnida aytganda, Prezidentimiz tomonidan ko‘tarilgan tashabbuslar nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, balki qishloq xo‘jaligi maxsulotlarini yetishtirishni kengaytirish orqali aholi daromadlarini oshirish, ularning bandligini ta’minlash, yerga bo‘lgan munosabatlarni o‘zgartirish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talabni nafaqat ichki bozorda ta’minlash, balki, eksport salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi.

Biz, deputatlar o‘z navbatida, ushbu vazifalarning ijrosini ta’minlashda mutasaddilar bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz, o‘z taklif va tavsiyalarimiz bilan ularga ko‘maklashishimiz zarur. Shuningdek, sohada amalga oshirilayogan islohotlarni xalqimizga yetkazish, ularni o‘ylantirayotgan masalalarni parlament darajasida ko‘tarib chiqish va agrar sohani rivojlantirishga oid qonunchilikni takomillashtirishda faollik ko‘rsatishimiz kerak.

Ravshan MAMUTOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    186
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+