Kichik biznes – bu mahallaga, tumanga yangi muhit olib kiradigan, odamlarimizga shiж́oat beradigan katta kuchdir

21.08.2023, 16:57

Kichik biznes – bu mahallaga, tumanga yangi muhit olib kiradigan, odamlarimizga shiж́oat beradigan katta kuchdir

Prezidentimiz tashabbusi bilan mana ikki yildirki mamlakatimizda 20 avgust - “Tadbirkorlar kuni” sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Bu – keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor, ular qo‘llab-quvvatlanishining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Bugun tadbirkor va ishbilarmonlarimiz mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirishda, minglab ish o‘rinlari yaratishda, jahon bozorlarini zabt etishda ulkan hissalarini qo‘shib kelmoqda.

Shu bilan bir qatorda tadbirkorlarimiz iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishini ta’minlash, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, innovatsiyalarni joriy etish, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash, yetuk mutaxassislarni tayyorlashda alohida ibrat ko‘rsatib kelmoqda. Bu esa aholimiz farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Kuni kecha davlatimiz rahbari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ham bu borada alohida to‘xtalib o‘tildi, qator takliflar, tashabbuslar va yangi loyihalar amalga oshirilishini bildirdi.

Prezidentimiz ma’ruzasida ko‘rsatib o‘tilgan beshta asosiy yo‘nalishning har biri o‘z ichiga ko‘plab tashabbuslarni qamrab olgan.

Birgina kichik biznesni rivojlantirishdagi loyihalarga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, kichik biznes – bu mahallaga, tumanga yangi muhit olib kiradigan, odamlarimizga shiж́oat beradigan katta kuchdir.

Iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan ko‘plab davlatlarda ish o‘rinlarining 70-80 foizi shu soha vakillari tomonidan yaratilmoqda. Barcha nufuzli kompaniyalar tarixi ham aynan kichik va o‘rta biznesdan boshlangan.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda mikro-biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha katta amaliy ishlar qilindi. Dasturlar orqali mikro-biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga har yili 1 milliard dollardan ziyod mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Natijada bugun har bir mahallada kamida 40-50 nafar yangi tadbirkor paydo bo‘lib, minglab doimiy ish o‘rinlari yaratilmoqda.

Davlatimiz rahbari kichik biznesni manzilli qo‘llab-quvvatlash, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish borasida hali qilinishi lozim bo‘lgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Unga ko‘ra, endi kichik tadbirkorlarning “oyoqqa turib olishi” va faoliyatini kengaytirishi uchun mutlaqo yangi yondashuvlar joriy etiladi. Bunda ushbu soha vakillarini tadbirkorlikka o‘qitish, ularga loyiha tayyorlab berish, faoliyatini moliyalashtirish, mahsulotlariga bozor, biznesiga sheriklar topish bo‘yicha yaxlit eko-tizim yaratiladi.

Buning uchun, eng avvalo, “Qishloq qurilish bank”ni “Biznesni rivojlantirish banki”ga aylantiriladi. Ushbu yangi bankning faoliyati ham, ishlash uslubi va moliyalashtirish mexanizmlari ham yangicha bo‘ladi. Jumladan, bank huzurida har bir hududda jami 14 ta kichik biznes markazi tashkil etiladi.

Bundan tashqari oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida tajriba orttirgan 500 mingdan ziyod mikro-biznes vakillari bor. Endi 9 ming 400 ta mahalladagi hokim yordamchilari o‘z hududida mikrodan kichik biznesga o‘smoqchi bo‘lgan 3-4 nafar tadbirkorni har oyda biznes markazlariga jalb qilinadi.

Markazlar esa tashabbuskorlarning biznes loyihalarini ishlab chiqishga ko‘maklashadi, o‘z hisobidan yangi loyiha qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarni o‘qitadi, yangi loyihalarga zarur mutaxassislarni jalb qiladi, tadbirkorlar uchun buxgalteriya, soliq, audit, marketing, huquqiy va boshqa konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi.

Umuman olganda, davlatimiz rahbarining kichik biznesga alohida e’tibor qaratishi endi ish boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlarning oyoqqa turib olishida, kelgusida tadbirkorlarning sonini ortishiga, buning natijasida minglab ish o‘rinlari yaratilishiga turtki bo‘ladi.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

  • Ko'rildi
    162
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+