Tadbirkorlik borasidagi O’zLiDeP g‘oyalarining hayotiy va xalqchilligi amalda tasdig‘ini topyapti

23.08.2023, 18:09

Tadbirkorlik borasidagi O’zLiDeP g‘oyalarining  hayotiy  va  xalqchilligi  amalda  tasdig‘ini topyapti

O’tgan haftada Prezidentimizning  tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqoti ushbu yilda bo‘lib o‘tgan juda muhim, alohida e’tiborga loyiq tadbirlardan biri sifatida yurtimiz solnomasidan joy oldi. Yangi O’zbekistonda  yaxshi, xayrli an’anaga aylangan bunday uchrashuvlar tadbirkorlik muhiti yaxshilanishi barobarida tadbirkorlarning o‘z faoliyatiga yondashuvi o‘zgarishiga ham turtki beryapti. Avvalgi ochiq muloqotlarga tayyorgarlik davomida ko‘tarilgan masalalarning 80 foizi individual xususiyatga ega bo‘lsa, bu safar tadbirkorlarimizning 70 foizi tizimli muammolarni o‘z tajribalaridan kelib chiqqan holda yechimlari bilan taklif qilishmoqda. Ya’ni, endilikda tadbirkorlar faqat o‘zlari duch kelayotgan qiyinchiliklar bilan o‘ralashib qolmay, masalaga  kengroq nazar tashlashyapti, kengroq miqyosda fikrlashyapti. Islohotlar jarayonining  faol qatnashchisi, o‘z istiqbolini o‘zi bunyod etishga intiluvchi shaxslar ekanliklarini namoyon qilishyapti.

Umuman olganda, bizningcha,  davlatimiz rahbarining tadbirkorlik bo‘yicha olib borayotgan oqilona siyosati, biznes vakillarining har tomonlama rag‘batlantirilishi – O’zLiDeP ilgari surgan va izchil targ‘ib etayotgan g‘oyalarning ro‘yobga chiqayotgani –  xalqimizda yangicha dunyoqarash, ta’bir joiz bo‘lsa, tadbirkorlik mafkurasini shakllantirdi. Endilikda hattoki boqimandalik kayfiyatida yurganlar ham aynan tadbirkorlik orqali,  o‘z bilimi, mehnati, sa’y-harakatlari evaziga o‘zi va oilasini boqishi,  jamiyatga  ham  katta naf keltirishi mumkinligini anglab yetyapti va amaliy ishlarga qo‘l uryapti.  

Uchrashuv davomida davlatimiz rahbari ishbilarmonlarimiz mushkulini oson etuvchi, muayyan masalalar yechimiga qaratilgan 30 dan ortiq tashabbusni ilgari surdi. Taklif qilinayotgan o‘zgarishlar, islohotlar xususiy biznes vakillarining xohish-istaklari, orzu-umidlarini to‘la-to‘kis ifoda  etayotgani  bilan g‘oyat  ahamiyatli.  Xususan, muloqotda soliq tizimi tubdan isloh qilinib, soliq idoralarining tadbirkorlik faoliyatiga yondashuvlari butunlay o‘zgartirilishi ta’kidlandi. Masalan,  hozir tadbirkorlarni xavf guruhiga kiritish tizimi yopiq bo‘lib, intizomli soliq to‘lovchilar ham qaysidir  hamkori  qachonlardir  xato qilgan  bo‘lsa,  uning uchun ham javob bermoqda. O’tkazilgan so‘rovlarda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarning 70 foizi ushbu soliqni qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qo‘llash, ya’ni “tax gap” tizimi adolatsiz ekanini bildirgan.  Soliq tizimidagi korrupsiya bilan bog‘liq shikoyatlar haddan tashqari ko‘payib ketgani ham aynan “tax gap” bilan bog‘liq ekanligi aytilgan. Shu bois, 1 oktyabrdan boshlab, qo‘shilgan qiymat solig‘ini  qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qo‘llash amaliyoti, ya’ni “tax gap” tizimi bekor qilinadi.

 Yana bir bora qayd etishni istardikki, shu va boshqa talay  yangilanishlar ham O`zLiDeP – mulkdorlarning o‘rta sinfi, xususiy  biznes vakillari, o‘zining tadbirkorligi evaziga xalq farovonligini oshirishga  intiluvchi  barcha  fuqarolarning manfaatlarini ifodalovchi siyosiy kuchning dasturiy g‘oyalari, maqsadlariga mos va hamohang. Xususan, partiyamiz nuqtai nazariga ko‘ra, “...xususiy tadbirkorlik va kichik biznes taraqqiyotiga to‘liq erkinlik berish – mamlakat iqtisodiy tizimini liberallashtirishning eng muhim yo‘nalishi”.  O’zLiDeP tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari  himoyasini yanada kuchaytirish, biznesni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, O’zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish sohasida davlat siyosatining sifat jihatidan yangi darajasiga o‘tilishini  mamlakat dinamik rivojlanishining  zaruriy sharti, deb biladi.  Partiyaning bosh vazifasi iqtisodiyotning eng muhim tuzilmaviy sektori bo‘lgan, ichki bozorni zarur tovarlar va xizmatlar bilan to‘ldiruvchi xususiy tadbirkorlik, kichik biznes va fermerlik harakatiga imtiyoz va preferensiyalar berish bo‘lib qolyapti.

Batafsilroq tahil qiladigan bo‘lsak, partiya vazifalari orasida tadbirkorlik  sub’ektlarining  xalqaro  ishbilarmonlik  hamjamiyatiga  integratsiyasi, mamlakat korxonalari mahsulotining tashqi bozorlarga chiqishi, eksport faoliyatini liberallashtirish va soddalashtirish, eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash  bo‘yicha tuzilmalar faoliyatini takomillashtirish,   biznes yuritish bilan bog‘liq barcha tartiblarni arzonlashtirish va shaffofligini ta’minlash kabilar ham borki, bular ham muloqotda aytib o‘tilgan tashabbuslar bilan uyg‘unligi yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Hammamizga  ma’lumki, keyingi yetti yil mobaynida  Prezidentimiz tashabbusi bilan xususiy biznesga  mamlakatimiz tarixida misli ko‘rilmagan yengilliklar, erkinliklar berildi. Jumladan, ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bo‘yicha ko‘plab cheklovlar barham topdi. Shu singari ko‘plab qulaylik va imkoniyatlar natijasida tadbirkorlar qatlami son va sifat jihatidan jadal  o‘sdi – hozirda yurtimizda 700 mingga yaqin ishbilarmon faoliyat yurityapti. Davlatimiz rahbarining ochiq muloqotdagi nutqida tilga olingan vazifalar esa mamlakatimizda biznes muhitini yaxshilash borasida  erishilgan natijalar bilan qanoatlanib qolmayotganimizni, tadbirkorlarga avvalgidan-da qulayroq shart-sharoit vujudga keltirilishini anglatadi.

Respublikamizda tadbirkorlikka bunday katta e’tibor qaratilayotgani bejiz  emas, albatta.  Buning sabablari, yuzaga keltirgan omillar ham  partiyamiz asosiy g‘oyalari, maqsadlarida aks etgan.  Dasturimizda bayon qilinganidek, O’zLiDeP qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit – mamlakat va uning iqtisodiyotining jadal va barqaror rivojlanishi garovi, deb hisoblaydi. Siyosiy, ijtimoiy, madaniy erkinlikni iqtisodiy erkinlik, jumladan, xususiy biznes vakillarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Partiyamiz fikriga ko‘ra, xalq farovonligi, jamiyatimizdagi tinchlik va barqarorlik ko‘p darajada mamlakatda aynan xususiy sektorning roli kuchayishiga bog‘liq.

Shuning uchun ham  mamlakatimizda tadbirkorlik yanada keng quloch yozishidan beistisno barcha manfaatdor, desak yanglishmaymiz. Masalan, mamlakatimizda har yili yaratilayotgan ish o‘rinlarining 90 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Hozirgi kunda ushbu tarmoqda 5 milliondan ziyod aholi, ayniqsa, yoshlarimiz mehnat qilayotgani xususiy biznesning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni ham ortib borayotganidan dalolat. Tadbirkorlar sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, tibbiyot, qo‘yingki, qariyb barcha sohalarga yangi va zamonaviy texnologiyalar, uslublar, yondashuvlarni joriy etayotganini  ham  qayd etish kerak.  Aholini turli-tuman mahsulotlar bilan ta’minlash, narxlar barqarorligini saqlash, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish, zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda xususiy sektorning ahamiyati beqiyos.  Strategik vazifalarning amalga oshishi ham tadbirkorlikning rivoji bilan bevosita aloqador.  Ayon bo‘lyaptiki, tadbirkorlar va butun xalqimiz manfaati bir-biriga nihoyatda vobasta, hamohang. Tadbirkorlar uchun yaratilayotgan shart-sharoit bevosita va bilvosita  mamlakatimizning barcha sohalardagi salohiyati o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Demak, hech ikkilanmay, tadbirkorlik –  barcha sohalar lokomotivi, deyish mumkin.

Xulosa shuki,  hayot va amaliyot  partiyamizning  g‘oyalari  asosli, pishiq-puxta,  xalqchilligini, O’zLiDeP maqsadni to‘g‘ri olganini isbotlamoqda.   

Muloqotda e’lon qilingan, tadbirkorlar faoliyat maydonining  yanada kengayishi, xususiy biznesning oldingidan-da emin-erkin ish yuritishiga xizmat qiluvchi o‘zgarishlar, islohotlar esa mazkur qatlam manfaatlarini himoyalovchi O’zLiDeP zimmasiga ham ko‘pgina vazifalarni yuklaydi. Yangi tartib-taomillar mohiyati va ahamiyatini keng ko‘lamda  targ‘ib qilish, ularning amalga oshirilishi yuzasidan deputatlik  va jamoatchilik nazoratini  yo‘lga qo‘yish shular jumlasidan. Partiya ana shu vazifalarni bajarishga kirishmoqda.

 Sardor Maripov,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

Partiya dasturiy ko‘rsatmalarini ishlab chiqish

va mafkuraviy ishlar bo‘limi mudiri

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    65
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+