Kichik biznes uchun yangi imkoniyatlar

24.08.2023, 10:11

Kichik biznes uchun yangi imkoniyatlar

Bundan ikki yil oldin Prezidentimiz ishbilarmonlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida 20 avgustni “Tadbirkorlar kuni” deb e’lon qilgan edilar. Bu – keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Tadbirkorlar – avvalo, o‘z mehnati bilan farovonlikka erishadigan, jamiyatda barqarorlik va hamjihatlik mustahkamlanishiga intiluvchi odamlar. U nafaqat o‘zini va oilasini, balki xalqni ham, davlatni ham boqadi. Tadbirkorlik iqtisodiyotgina emas, balki boshqa ko‘plab sohalar taraqqiyotiga ham turtki beradi, ularning barqarorligini ta’minlaydi.

Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan navbatdagi ochiq muloqotida ushbu islohotlar e’tirof etilib, erishilgan yutuqlar, kelgusi yilda amalga oshiriladigan loyihalar, yangi tashabbuslar va vazifalarni belgilab berildi.

E’tibor bering, 2021 yilda bo‘lgan ochiq muloqot bo‘yicha 57 ta, o‘tgan yili esa 55 ta tashabbus ilgari surilgan edi. Ularning natijasida biznesni yuritishda ko‘plab yengilliklar bo‘ldi.

Hozir shulardan ayrimlarini sanab o‘tamiz. Masalan, birgina qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish muddati qisqartirilib, o‘tgan bir yil ichida 6 mingta korxonaga 20 trillion so‘m qaytarib berilgan. Eng muhimi, ushbu soliq stavkasi 12 foizga tushirilgani hisobiga, qo‘shilgan qiymat zanjiri ishtirokchilari soni 26 mingtaga ko‘payib, faoliyati “soyadan” chiqqan.

Kredit berishda aylanmadagi tovarlar, eksport shartnomalari, akkreditivlar va kelgusi tushumlardan ham garov ta’minoti sifatida foydalanish tizimi yaratildi. Bu imkoniyat orqali tadbirkorlarga 1 milliard dollar kreditlar berilgan.

Bojxona hududida qayta ishlash tizimi soddalashtirildi. Natijada, ushbu bojxona rejimidan foydalanuvchi tadbirkorlar soni 2 barobarga ko‘paydi. Bir yil ichida ushbu imkoniyat orqali 455 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.

O‘tgan bir yilda kichik tadbirkorlar soni 40 mingtaga ko‘paydi, o‘rta tadbirkorlar soni 2 mingtaga oshib, 10 mingga yetdi. Yirik korxonalar soni esa bir yilda 400 taga ko‘payib, 1,5 mingta bo‘ldi. Berilgan yengilliklardan foydalanib, bir yilda 155 ta korxonaning yillik aylanmasi 100 million dollardan oshdi. Kiritilgan yillik xorijiy sarmoyalar hajmi esa ilk bor 10 milliard dollarga yetdi.

Ushbu erishilgan yutuqlarning tag zamirida albatta, davlatimiz rahbarining ishbilarmonlarga qaratib kelayotgan yuksak e’tibor yotibdi. Mamlakatimizda ishbilarmonlarning erkin faoliyat yuritishlari uchun yaratilayotgan qulayliklar, zarar shart-sharoitlar bugun natijasini berayotir.

Hech shubhasiz, kelgusida sohaga bo‘lgan e’tibor yanada ortadi, tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha katta ishlar qilinadi. Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotidagi nutqini tinglab, ularga bo‘lgan e’tibor oshishiga amin bo‘ldik. Chunki davlatimiz rahbari kelgusida qilinishi lozim bo‘lgan beshta asosiy yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tdi.

Birgina kichik biznesni rivojlantirishdagi loyihalarga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, kichik biznes – bu mahallaga, tumanga yangi muhit olib kiradigan, odamlarimizga shij́oat beradigan katta kuchdir. Iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan ko‘plab davlatlarda ish o‘rinlarining 70-80 foizi shu soha vakillari tomonidan yaratilmoqda. Barcha nufuzli kompaniyalar tarixi ham aynan kichik va o‘rta biznesdan boshlangan.

Shu jihatdan, so‘nggi yillarda mamlakatimizda mikro-biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha katta amaliy ishlar qilindi. Dasturlar orqali mikro-biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga har yili 1 milliard dollardan ziyod mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Natijada bugun har bir mahallada kamida 40-50 nafar yangi tadbirkor paydo bo‘lib, minglab doimiy ish o‘rinlari yaratilmoqda.

Davlatimiz rahbari kichik biznesni manzilli qo‘llab-quvvatlash, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish borasida hali qilinishi lozim bo‘lgan qator tashabbuslarni ilgari surdi. Unga ko‘ra, endi kichik tadbirkorlarning “oyoqqa turib olishi” va faoliyatini kengaytirishi uchun mutlaqo yangi yondashuvlar joriy etiladi. Bunda ushbu soha vakillarini tadbirkorlikka o‘qitish, ularga loyiha tayyorlab berish, faoliyatini moliyalashtirish, mahsulotlariga bozor, biznesiga sheriklar topish bo‘yicha yaxlit eko-tizim yaratiladi.

Umuman olganda, davlatimiz rahbarining kichik biznesga alohida e’tibor qaratishi kelgusida tadbirkorlarning sonini ortishiga, endi ish boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlarni oyoqqa turib olishida, sifatli va eksportbop mahsulotlar tayyorlashgacha bo‘lgan jarayonlarni bosib o‘tishida zamin yaratadi.

Sardor G‘IYOSOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    269
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+