Mustaqillik — barcha yutuqlarimiz asosi

28.08.2023, 14:26

Mustaqillik — barcha yutuqlarimiz asosi

Bu yil mamlakatimiz hayoti va taqdirida tub burilish yasagan, tom ma’nodagi buyuk, olamshumul voqea — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi e’lon qilinganiga 32 yil to‘ladi. Bu tarix uchun ko‘p muddat emas, lekin o‘tgan davrning har daqiqasi bunyodkorlik, yangilanish, dunyoga chiqish maqsadi bilan chuqur mazmun va mohiyat kasb etdi.

Mustaqillik el-yurtimiz uchun jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallab, hayotning turli soha va tarmoqlarida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratib, barcha yutuq va marralarimizning asosiy manbai bo‘lib kelmoqda.

Istiqlol tufayli xalqimizning asriy orzulari ro‘yobga chiqdi, millatning g‘ururi, or-nomusi, sha’ni tiklandi. Ayniqsa, so‘nggi olti-yetti yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizning butun dunyoga ochilishi uchun barcha sharoitlarni yaratmoqda.

O‘tgan qisqa davrda barcha sohalarda bo‘lgani kabi ta’lim sohasida ham katta o‘zgarishlar, yangilanishlar bo‘ldi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki ilm-fan, ta’lim rivojisiz hayotda yuksalish bo‘lmaydi. Hozir dunyo mamlakatlarining aksariyati asosiy e’tiborni ilm-fanni rivojlantirishga, ilm-fan orqali ishlab chiqarishni, sanoatni va boshqa tarmoqlarni yuksaltirishga qaratayotgani sababi ham shunda.

Shu jihatdan, keyingi yillarda O‘zbekistonda ta’lim, ilm-fan sohasini rivojlantirish davlat siyosatida ustuvor dajarajaga ko‘tarildi. O‘tgan olti-yetti yilda mamlakatimizda ushbu sohani rivojlantirish uchun ko‘plab huquqiy hujjatlar — qonunlar, qarorlar, farmonlar, farmoyishlar, dasturlar qabul qilindi.

O‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish, ta’lim tizimini zamon talablari asosida tashkil etish bo‘yicha ulkan islohotlar amalga oshirildi. Birinchi navbatda, o‘qituvchilar majburiy mehnatdan – paxta terimi, obodonlashtirish ishlariga jalb etilishdan xolos qilindi. Ta’lim dargohlaridagi ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham ta’lim tizimini, ilm-fan sohasini yanada rivojlantirish uchun, o‘qituvchilar maqomini, nufuzini oshirish uchun alohida moddalar kiritildi. Sohani rivojlantirish uchun yaratilgan huquqiy asoslar hayotda qisqa vaqt ichida amaliy natijalarini bera boshladi.

Yuksak salohiyatli o‘quvchilarni tayyorlash ma’naviy boy va intellektual rivojlangan avlodni shakllantirish maqsadida Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi. Hozir bunday maktablar respublikamizning barcha viloyatlarida faoliyat olib bormoqda. Bu maktablar ma’lum fanlar bo‘yicha ixtisoslashgan.

Har bir sinfda 15-20 ta o‘quvchi ta’lim oladi. Ularda o‘qish dunyoning yuzdan ortiq mamlakatlarida e’tirof etilgan “A — Level” ta’lim dasturi asosida, fanlar chuqur o‘zlashtiriladigan tarzda o‘qitiladi. Ta’lim xorijiy va o‘zbek tilida olib boriladi. Bu esa ushbu maktablarda ta’lim olayotgan yoshlarning dunyoning nufuzli oliygohlariga kirib o‘qishlari uchun imkoniyat yaratadi.

Mustaqillik yillarida, xususan, oxirgi yillarda umumta’lim fanlari bo‘yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega pedagog kadrlarga har oy qo‘shimcha 20 foizdan 50 foizgacha ustama to‘lash, o‘qituvchilarga imtiyozli iste’mol kreditlarini berish, olis hududlarga borib ishlayotgan yuqori malakali pedagoglar uchun ustamalar belgilash joriy etildi. Bularning barchasi muallim shaxsiga ko‘rsatilgan yuksak e’tibor va e’zoz namunasi, emasmi?

Ta’lim sohasidagi yangilanishlarning asosiy qismini oliy ta’lim tizimidagi islohotlar tashkil etadi. Istiqlol yillari ayniqsa, keyingi yetti yilda olim ta’limda bu soha katta o‘zgarisharga yuz tutdi. E’tibor bering, bir paytlar respublikamizda 40 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib ularning soni 200 taga yetdi.

Mamlakatimizning nafaqat yirik shaharlarida, balki olis hududlarida ham oliy o‘quv yurtlari ochilib, yoshlarning ta’lim olishlari yo‘lga qo‘yildi. Oliy ta’lim tizimida o‘quv muassasalarining ko‘payishi, xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikning kuchayishi mamlakatimizda ko‘pdan beri yuzaga kelgan yana bir muammoni hal qilish imkonini berdi.

Davlatimiz rahbari oliy o‘quv yurtlarini ham, ulardagi ta’lim o‘rinlarini ham ko‘paytirishga e’tibor qaratdi. Mamlakatimizda yoshlarning oliy ta’lim olishiga katta sharoitlar yaratib berilyotgani tufayli oliy ta’lim muassasalari soni 2,5 barobarga ortdi. Bu orqali yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshirildi.

Ahamiyatlisi, keyingi yillarda oliy ta’lim tizimiga nodavlat va xususiy sektorning, shuningdek, ko‘plab xorijiy oliy o‘quv yurtlari va filiallarining kirib kelishi ijobiy holat bo‘ldi. Bir jihatdan oliy ta’limning qamrovi kengaysa, ikkinchidan, davlat va nodavlat ta’lim muassasalari o‘rtasida ijobiy ma’nodagi o‘zaro raqobatni ta’minlaydi, tizimda bozor qonunlari ishlay boshlaydi.

Ta’lim va ilm-fan sohasida o‘tgan 7 yilda amalga oshirilgan islohotlar natijasida jiddiy o‘zgarishlar, yangilanishlar yuzaga keldi. Qisqa vaqt ichida maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, oliy o‘quv yurtlari soni bir necha barobarga ko‘paydi. Bularning barchasiga mustaqillik sharofati hamda davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tgan davrda olib borilayotgan islohotlar tufayli erishyapmiz, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ta’lim sohasiga bu darajada katta e’tibor qaratilayotgani, ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash maqsadlariga katta kuch va mablag‘lar yo‘naltirilayotgani bejiz emas. Zero, yurtimizni taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqish, barcha kuch-g‘ayratni birlashtirish va fidokorona mehnat qilish orqali Yangi O‘zbekistonni, pirovardida, Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etish mumkin. Jamiyatda oliy ma’lumotga ega, yuksak malakali mutaxassislar qancha ko‘p bo‘lsa, rivojlanish shuncha tez va samarali bo‘ladi.

Prezidentimizning shu yil 27 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, bu yilgi tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan shior asosida kutib olinishi qalbimizda faxr va iftixor to‘yg‘ularini jo‘sh urdirdi. Zero, buning zamirida mustaqillikning naqadar ulug‘ ne’mat ekanligi, shu ulug‘ va muqaddas Vatanda o‘tayotgan tinch-osuda hayotimiz, farovon turmushimizning qadriga yetishdek ulug‘ g‘oya va maqsad mujassam.

Shu kunlarda butun xalqimiz davlatimiz mustaqilligining 32 yilligini keng nishonlashga katta taraddud ko‘rayotgan bir paytda barcha sohada amalga oshirilayotgan xaqchil islohotlarni ko‘rib, qalbimizdan bir tilak o‘tadi: har lahzada yangilanib, ko‘rkamlashib borayotgan O‘zbekiston manfaati yo‘lida mehnat qilishdan aslo tolmaylik. Hamisha Vatanimiz xizmatiga kamarbasta bo‘laylik!

G‘ayrat ABDIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    417
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+