“O’zbekiston – 2030” - mamlakatimizning iqtisodiy taraqqiyoti strategiyasidir

15.09.2023, 16:57

“O’zbekiston – 2030” - mamlakatimizning iqtisodiy taraqqiyoti strategiyasidir

“O’zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotining muhim yo‘nalishlari belgilab berilgan muhim hujjat, kelgusi yetti yilda el-yurt ravnaqi yo‘lida amalga oshiriladigan islohotlarimiz bardavomligi uchun muhim dasturilamal vazifasini o‘taydi. Unda barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi bandligi va farovonligini ta’minlash borasida qator ustuvor vazifalar belgilab berilgan. 

Viloyatimizda sanoatni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar bajarilib, iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni jalb etish asnosida yangi-yangi korxonalar ishga tushirilib, minglab yangi ish o‘rinlari yaratilayotir. Partiya elektorati bo‘lgan tadbirkorlar, fermerlar  faoliyatini asossiz tekshiruvlarga chek qo‘yildi, eksportyorlar rag‘batlantirildi, yoshlar va xotin-qizlarning ishbilarmonlik tashabbuslari to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda. Natijada, tadbirkorlar soni olti barobarga ko‘payib, mahalliy ishlab chiqarish rivojlandi. Ozod yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini zamonaviy bozor munosabatlari talablaridan kelib chiqib yanada erkinlashtirish, ular ustidan turli tekshiruvlarga moratoriy joriy qilish, korxonalarni xususiylashtirish, raqobatni qo‘llab-quvvatlash orqali davlatning iqtisodiyotga aralashuvini cheklash borasidagi islohotlar yuksak samara berayotir.

Prezidentimiz tashabbusi bilan viloyatimiz eksport salohiyatini  oshirish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va sifatini jahon andozalari darajasida saqlash, chet ellik investorlar bilan hamkorlikni  yanada yaxshilash maqsadida “Uzbekistan GTL” zavodi ishga tushirilib,  Yangi O’zbekistonning neft-kimyo sanoati tarixida birinchi sintetik neft ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.   Asosiy maqsad - uglevodorod xom ashyosini qayta ishlashni chuqurlashtirish evaziga yuqori ko‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan polimer mahsuloti turlarini ko‘paytirish orqali sohaning eksport salohiyatini yuksaltirish hamda import o‘rnini bosuvchi materiallar ishlab chiqarishni ko‘paytirishdan iborat.    

E’tirof etmoq joizki, so‘nggi yillarda viloyat iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish uchun 10 milliard dollar investitsiya jalb qilindi. Tadbirkorlar soni 2,5 baravar ortib, qo‘shimcha 325 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Yangi-yangi loyihalar amaliyotga tatbiq etilib, mahalliy xom ashyodan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.    

O’tgan yetti yilda mamlakat yalpi ichki mahsulot hajmi 52 milliard dollardan 80 milliard dollarga oshdi va bu mamlakatimiz jadal rivojlanayotganining muhim ko‘rsatkichidir. Strategiyada birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxsni, agar u sud maslahatxonaga kirguniga qadar soliqlar va yig‘imlar, shu jumladan, penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplagan bo‘lsa,  javobgarlikdan ozod qilinishi ko‘rsatib o‘tilgan. Bundan buyon tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan har bir jinoyat ishi bo‘yicha tergov hamda sud jarayonida tegishli mansabdor shaxs jinoyat ishi materiallarini ish yurituviga qabul qilgan vaqtdan boshlab tadbirkorni himoya qilishga Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, shuningdek, tadbirkorlik sub’ekti a’zo hisoblangan boshqa tashkilotni jamoat himoyachisi sifatida jalb etish tartibi joriy etilishi tadbirkorlarning huquqiy himoyasini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Sug‘urta mukofotining 50 foizi miqdorida subsidiya berish qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga hosilni sug‘urtalashda  haqiqiy ko‘mak bo‘ladi.

Biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kelgusi yillarda biznes uchun qo‘shilgan qiymat, foyda, aylanma va mol-mulk soliq stavkalari oshirilmasligi qat’iy kafolatlanib, 2024 yildan boshlab, yangi uy-joy sotib olgan aholiga hamda qo‘shilgan qiymat solig‘ining yarmi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotgan fermerlarga qiymat solig‘ining 50 foizi qaytarib beriladi. Ijtimoiy reyestrga kirgan aholini ishga olgan korxonalarga xodimining daromad solig‘i qaytarib beriladi. Vaqtida soliq to‘layotgan korxonalarga qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarish muddati bir kun etib belgilanadi hamda ularda soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi va davlat xaridlarida ustunlik beriladi.

Islohotlar bardavomligi yuksak samara berayotganligi bois, xalqimizning turmush tarzi, yashash sharoiti kun sayin yaxshilanib, ongu tafakkuri o‘zgarib, kun sayin yuksalib bormoqda.  Bir so‘z bilan aytganda, “O’zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimizda iqtisodiyotni yuksaltirish, aholi  bandligi va farovonligi oshirish,   odamlarni hayotdan rozi qilish yo‘lidagi ezgu ishlar bardavomligini ta’minlashda bizga dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

Mazkur strategiyada belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar tadbirkorlar uchun shart-sharoit yaratish, yangi-yangi loyihalarni amaliyotga tatbiq etish, islohotlarni jadallashtirishga ko‘maklashish borasida zimmamizga ulkan vazifalar yuklaydi. Deputatlarimiz va faollarimiz viloyatda mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish orqali bandligini ta’minlash borasida partiyaviy loyihalarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib bormoqdalar. Maqsad - voha iqtisodiy taraqqiyotini yanada  rivojlantirish, barqarorlikni ta’minlash barobarida xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash, vatanimiz ravnaqi yo‘lidagi ishlarni yanada jadallashtirish, xalqimizga farovon hayot baxsh etishdir. 

  Shuhrat ASLANOV,

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi raisi,

xalq deputatlari viloyat kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    102
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+