Suv bor joyda hayot bor, musaffolik barqaror

19.09.2023, 10:28

Suv bor joyda hayot bor, musaffolik barqaror

Prezidentimizning Farmoni bilan “O’zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi hamda uni 2023 yilda o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha  qarori qabul qilindi. 5 ta ustuvor yo‘nalish hamda 100 ta maqsaddan iborat bo‘lgan mazkur strategiyada kelgusi yetti yilda amalga oshirilishi  lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab berilgan.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, sug‘oriladigan ekin yer maydonlaridan foydalanib, aholining ehtiyoji uchun oziq-ovqat mahsulotlari, iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur xom ashyo yetishtirish dolzarb vazifa sanaladi. Mamlakatimizda sug‘oriladigan maydonlarning unumdorligini oshirish, meliorativ holati va suv ta’minotini yaxshilash maqsadida davlat dasturlari doirasida keng ko‘lamli irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari amalga oshirilmoqda. Biroq global iqlim o‘zgarishi natijasida so‘nggi yillarda davriy ravishda kuzatilayotgan suv tanqisligi va ichki irrigatsiya tarmoqlarining asosiy qismi yaroqsiz holatga kelganligi sug‘oriladigan ekin yerlarining meliorativ holati yomonlashishiga va yillar davomida foydalanishdan chiqib ketishiga olib keldi.  Yillar davomida irrigatsiya va melioratsiya holati yomonlashuvi natijasida foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni bosqichma-bosqich qayta foydalanishga kiritish, yer osti suv zaxiralaridan samarali foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda ichki irrigatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish orqali suv yo‘qotilishini kamaytirish vaqti keldi. Sug‘oriladigan va lalmi yerlar, tog‘ va tog‘oldi hamda cho‘l-yaylov hududlarining tuproq unumdorligini oshirish, suv va boshqa tabiiy resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Muammoning maqbul yechimlarini topish uchun zamonaviy usullar asosida mamlakat oziq-ovqat ta’minoti barqarorligiga erishish, yangi serhosil qishloq xo‘jaligi ekinlari, ularning birlamchi urug‘chiligini yaratish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar tashkil etiladigan bo‘ldi.   

Olimlarning ta’kidlashicha, kelgusi o‘n yillikda iqlim o‘zgarishi va qo‘shni mamlakatlarda suv iste’molining ortishi respublikamiz iste’moli uchun Amudaryo va Sirdaryo kabi daryolardan suv olinishi kamayishi kutilyapti. Natijada qurg‘oqchilik va cho‘llanish jarayoni yanada kuchayib ketishi hamda aholi turmush darajasiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin. Endilikda ko‘p suv talab qiluvchi ekinlarni bosqichma-bosqich suvni kam talab qiladigan ekinlarga almashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqilayotir.  Iqlimning o‘zgarishi natijasida kelib chiqadigan suvsizlik ekin rivojiga ham, hosilga ham jiddiy ta’sir qiladi.   Yozda haroratning keskin ko‘tarilishi, cho‘llanish, ichimlik suvining yetishmasligi, yog‘ingarchilikning kamayayotgani barchamizni ogohlikka chaqirmoqda.

Mana yetti yildirki, sohaga innovatsion bilim va g‘oyalarni olib kirish, qishloq xo‘jaligini ekstensiv rivojlantirish orqali ko‘p mahsulot yetishtirishga alohida ahamiyat qaratilayotir. Chunki unumdor yer va suv resurslari cheklangani uchun tobora soni oshayotgan aholi ehtiyojini qondira olmayotganimiz bois ayrim qishloq xo‘jalik mahsulotlarini import qilishga majbur bo‘layapmiz.  Chunki mamlakatdagi suv resurslarining 90 foizi qishloq xo‘jaligi sohasida ishlatiladi. Ularning kamayishi boshqa davlatlarga nisbatan biz uchun ko‘pdan ko‘p salbiy oqibatlar keltirishi aniq. Suv tanqisligi qishloq xo‘jaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligi bois aholining turmush darajasi yomonlashib, eksport kamayib,   inflyatsiya kuzatilishi, oziq-ovqat narxi oshib, bandlikni ta’minlashda jiddiy muammolar yuzaga kelishi tabiiy. 

“O’zbekiston – 2030” strategiyasi asosida suv resurslarini kompleks rivojlantirish va suvdan maqsadli samarali foydalanishni rivojlantirish, boshqaruv qarorlarni qabul qilish jarayonini yaxshilash, boshqarish mexanizmlarining samarali turlarini joriy etish hamda fermer xo‘jaliklari va boshqa suv iste’molchilari suv resurslardan oqilona foydalanishini  talab etish borasida amaliy takliflar ishlab chiqilmoqda. Bu muhim hujjat suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish, suvdan maqsadli va samarali foydalanishni tiizmli yo‘lga qo‘yish, ushbu texnologiyalarni keng miqyosda joriy etish maqsadida davlat tomonidan rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash mexanizmini yaratish borasida dasturilmala bzlib xizmat qilishi tabiiy. 

Bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarida faoliyat olib borayotgan fermer, dehqon xo‘jaliklari va korxonalarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish uchun o‘n foizli kreditlar ajratilishi, atmosferaga zararli tashlanmalar hajmini kamaytirish maqsadida xalqaro “karbon market” tizimi doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar tomonidan barpo etiladigan yashil maydonlarni tashkil qilish xarajatlarini qisman  jalb qilingan grant mablag‘lari hisobidan kompensatsiya qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi hamda barpo etilgan yashil maydonlar, ayniqsa, yaylovlarni ozuqabop ekinlar bilan, qishloq xo‘jaligi yerlarini daraxtlar bilan qoplash bo‘yicha kompensatsiyalar issiqxona gazlarini zararsizlantirish darajasiga mutanosib ravishda ajratilishi aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, chor atrof musaffoligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb  etadi.

Arziqul SHEROV,

  O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi raisining

birinchi o‘rinbosari, apparat rahbari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    233
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+