Intilishi kuchli ayol uchun tadbirkor bo‘lish oson

19.09.2023, 11:11

Intilishi kuchli ayol uchun tadbirkor bo‘lish oson

– Mamlakatimizda ishbilarmon, tashabbuskor ayollarning g‘oya va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, kasanachilik asosida yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yurtimizda o‘z tadbirkorligini eng quyi pog‘onadan boshlab, bugungi kunda yirik ishbilarmonga aylangan ayollarimiz juda ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Intilishi kuchli ayol uchun tadbirkor bo‘lish oson. Lekin biznesni ochgandan keyin haqiqiy ishbilarmon bo‘lib qolish nihoyatda qiyin. Faoliyat boshlaganda ko‘p to‘siqlar yuzaga keladi. Muammolarning oqilona yechimi katta g‘ayrat talab qiladi. Bularning bariga bardosh berolmagan tadbirkor o‘z biznesini rivojlantira olmaydi. Modomiki, muntazam harakat talab qilinadi. Doimiy tarzda yangi texnologiyalarni o‘zlashtirmasa, globallashuv masshtabiga kira olmasa, ish to‘xtaydi. Ayniqsa, ayol kishiga ana shu bosqichlarni bosib o‘tish oson bo‘lmaydi. Hammasi mablag‘ga bog‘liq emas, mablag‘i bo‘lgan taqdirda ham o‘z-o‘zidan tadbirkor bo‘lib qolmaydi. Unda motivatsiya, intilish va albatta, bilim bo‘lishi kerak.

“Masquerade little star” oilaviy korxonasi faoliyatini bundan 15 yil oldin boshlaganida biroz cho‘chiganim rost. Lekin oila a’zolarimning ko‘magi bilan va albatta, yurtimizda tadbirkor ayollarga yaratilgan qulay sharoitlar tufayli bugun shijoatli tadbirkorga aylandim.

Oldinlari turli ko‘rgazmalarga borib, tadbirkor xotin-qizlarga havas qilardim, ularning erishgan yutuqlarini ko‘rib men ham e’tirof etilarmikanman, deya o‘ylardim. O’z oldimga maqsad qo‘yib, tinimsiz qilgan harakatlarim bugun asta-sekin o‘z mevasini bermoqda. Dastlab faoliyatimni bolajonlar uchun turli ertak qahramonlarining kiyimlarini tikishdan boshladim. Ilk davrda qo‘l ostimda sanoqligina ishchi bor edi. Asosiy ko‘makchi uydagilarim edi. Bugungi kunda 35 xildan ortiq mahsulot ishlab chiqaryapmiz. Asosan bolalar sahna liboslari, ertak qahramonlari va raqqosalar uchun liboslar, milliy va zamonaviy liboslar, sport kiyimlari, milliy mato sumkalar, milliy taqinchoqlar va zebigardonlar kabi turli xil yo‘nalishdagi mahsulotlar butun yurtimiz bo‘ylab va qo‘shni Qirg‘izistonga yetkazib berilmoqda.

O’tgan yili USAID xalqaro agentligining 37 ming dollarlik grantini yutib olib, o‘zimizga kerakli bo‘lgan uskunalarni horijdan xarid qilishga erishdik. Kelgusida yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida kasanachilik asosida yana 100 nafar mahalladoshimizimizning bandligini ta’minlashni rejalashtirganmiz. Bunda asosan uyda ishsiz o‘tirgan, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga ko‘mak berishni niyat qilyapmiz.

Juda ko‘plab xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashgan bo‘lsam ham, O‘zLiDePning “Ishbilarmon ayol – 2023” ko‘rik-tanlovida ishtirok etganim kabi hayajonlanmaganman. Bu yerda tadbirkor va hunarmand opa-singillarimiz bilan tajriba almashdik. Hamkorlikda yangi loyihalarni boshlashga kelishib oldik. Bularning barchasi mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasidir.

Go‘zal IBRAGIMOVA,

“Masquerade little star” oilaviy korxonasi rahbari,

“Ishbilarmon ayol – 2023” ko‘rik-tanlovining Xorazm viloyat hududiy bosqichi g‘olibi

  • Ko'rildi
    111
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+