Partiyaviy mas’uliyat yanada oshadi

19.09.2023, 14:42

Partiyaviy mas’uliyat yanada oshadi

Prezidentimizning tegishli Farmoni bilan “O’zbekiston 2030”  strategiyasini amalga oshirish va uning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish barcha davlat organlari va tashkilotlari tomonidan eng ustuvor vazifa sifatida kutib olindi. Jumladan, “O’zbekiston-2030 strategiyasi xalq strategiyasi” shiori ostida belgilangan islohotlarning o‘z vaqtidagi ijrosini ta’minlash yuzasidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish lozimligi va eng muhimi turli yoshdagi va kasbdagi yurtdoshlarimiz tomonidan o‘rinli tashabbus va foydali fikr-mulohazalarni qoldirish imkonini beruvchi on-layn portalni ishga tushurish ko‘zda tutilganligi e’tiborlidir. Bu esa o‘z navbatida parlamentdan tortib, mahalliy Kengash deputatlarigacha, shu jumladan xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashiga  O'zLiDeP dan saylangan viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari zimmasiga yuksak mas’uliyat yuklaydi.

Chindan ham, strategiyaning biror bir yo‘nalishi yo‘qki, inson qadrini ulug‘lash, bunyodkor xalqimizni rozi qilish, yurtdoshlarimizga munosib turmush sharoiti yaratish singari ezgu maqsad va marralar o‘z ifodasini topmagan bo‘lsin. Shu bois ushbu muhim strategik hujjatning insonparvar mazmun-mohiyatini aholining barcha qatlamlariga, ayniqsa, O'zLiDeP elektoratiga keng tushuntirish partiyamizning har bir faoli zimmasidagi muhim vazifalardan biridir.

Joylarda allaqachon boshlab yuborilgan targ‘ibot tadbirlarida Oliy majlis Qonunchilik palatasiga hamda xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylangan deputatlar ishtirokida o‘tkazib kelinayotgan targ‘ibot tadbirlari o‘z kutilgan natijasini berib turibdi. Keyingi paytda viloyatning Buxoro shahri, Vobkent, Peshku, G’ijduvon, Qorako‘l, Olot tumanlari va boshqa bir qator hududlarda o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlari shular jumlasidandir. Uchrashuvlar chog‘ida strategiyadagi barcha yo‘nalishlarga oid aniq raqam, dalillarning keltirilayotganligi bunday tadbirlarning yuqori saviyada va uyushqoqlik bilan o‘tkazilishini ta’minlayapti.

Strategiyada ta’kidlanganidek, 2030 yilgacha iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish, tibbiy yordamga muhtoj aholini 70 foiz murojaatlarni birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal etish, kambag‘allikni 2 barobarga qisqartirish, maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 100 foizga yetkazish va boshqa vazifalar yuzasidan bildirilayotgan fikr-mulohazalar shular jumlasidandir.

Strategiyadagi eng muhim yo‘nalishlardan biri-barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan ikkinchi yo‘nalishda iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlik, sanoat, qishloq-xo‘jaligi sohalarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan bir qator tashabbuslar ilgari surilganki, ular ijrosini ta’minlashga ham buxorolik partiya faollari, mahalliy Kengash deputatlari davr talablaridan kelib chiqqan holda va partiyaviy mas’uliyat bilan vijdonan yondoshishlariga aminman.

Bobomurod Ochilov,

O'zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi apparat rahbari,

xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    91
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+