Xalqaro tashabbuslar dunyo e’tibori markazida

21.09.2023, 09:46

Xalqaro tashabbuslar dunyo e’tibori markazida

Keyingi olti yil ichida O’zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlik mislsiz yuksak darajaga ko‘tarildi. 140 ta qo‘shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi. O’zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh assambleyasining 6 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi, Orolbo‘yi mintaqasi aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus Trast fondi faoliyat yuritmoqda.

O’zbekiston BMTning qator nufuzli tuzilmalari a’zosi etib saylandi va ularning ishida faol ishtirok etib kelmoqda. Birgalikda global kun tartibga ega, xususan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, turizmni rivojlantirish, kambag‘allik va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha yirik xalqaro tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Mamlakatimiz to‘laqonli a’zo sifatida BMTning maqsad va nizomlariga qat’iy rioya qiladi, o‘z ovozi va mavqeiga ega davlat sifatida esa favqulodda muhim va dolzarb tashabbuslarni ilgari suradi. Bu, ayniqsa, 2017 yili, Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasi 72-sessiyasida ilk chiqishidan buyon yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Shundan so‘ng O’zbekiston rahbari BMT Bosh assambleyasining 75-, 76-sessiyalari hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasi Oliy darajadagi segmentida ham ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida so‘zlagan nutqidagi prinsipial fikrlarni alohida ko‘rsatib o‘tish lozim deb o‘ylamiz. Eng avvalo, huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat bo‘lmish Yangi O’zbekistonni barpo etish siyosatini qat’iy davom ettirish haqidagi bayonotni zikr etish joiz. Bu degani, O’zbekiston “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yo‘lidan dadil ilgari boradi. O’z navbatida, shuni ta’kidlaymizki, bu, avvalo, xalqimizning manfaatlariga to‘la javob beradi. Xususan, global tahdidlarga qaramasdan, so‘nggi olti yilda yalpi ichki mahsulot hajmi bir yarim martadan ortiq ko‘paydi va 2030 yilga qadar bu ko‘rsatkichni yana 2 barobarga oshirish rejalashtirilgan. Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosat tufayli mamlakatimizda 2017 yildan buyon kambag‘allik ikki barobarga kamaydi. 2030 yilgacha uni 7 foizga tushirish reja qilingan.

Tashqi siyosatda O’zbekiston uchun bundan buyon ham Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, barqarorlik, o‘zaro hamkorlik va rivojlanish muhitini mustahkamlash yo‘lidan qat’iy borish muhim ahamiyatga ega.

2017 yildan buyon O’zbekiston va barcha qo‘shni mamlakatlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli davlat chegaralari, transport koridorlari va suvdan foydalanish bo‘yicha muammolarni bartaraf etishga muvaffaq bo‘lindi. Xususan, mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro savdo ikki yarim barobardan ziyod, qo‘shma korxonalar soni esa besh marta o‘sdi. Mintaqamiz iqtisodiy rivojlanish markaziga, Sharq va G’arbni, Shimol va Janubni bog‘laydigan transport-kommunikatsiya ko‘prigiga aylanib bormoqda.

Shavkat Mirziyoyev kuni kecha  BMTning yuksak minbarida ilgari surgan global va mintaqaviy dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan qator tashabbuslarga to‘xtalib o‘tsak.

Birinchidan, Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etish va uning doirasida “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

Ikkinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi shafeligida urush hududlaridan qaytganlar bilan tizimli ishlash bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashini tuzishga qaratilgan amaliy qadamlarni tashladi.

Uchinchidan, so‘nggi paytlarda ayrim mamlakatlarda ko‘zga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirildi. O’zbekistonda YuNYeSKO shafeligida Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik xalqaro markazini tashkil etish taklif qilindi.

To‘rtinchidan, inkor qilish, yakkalab qo‘yish va sanksiyalar qo‘llash oddiy afg‘on xalqining ahvolini yanada og‘irlashtirishi uqtirildi. Mintaqamizga tinch va barqaror, mintaqaviy hamkorlikda faol ishtirok etadigan, qo‘shnilari va boshqa mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli sheriklik uchun ochiq Afg‘oniston kerak.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, 1945 yilda asos solingandan buyon BMT xalqaro miqyosda tinchlik va xavfsizlikni saqlash, barqaror rivojlanishni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashda markaziy muvofiqlashtiruvchi rol o‘ynaydigan tom ma’nodagi universal xalqaro tuzilmaga aylandi. O’zbekiston esa BMTning teng huquqli va to‘laqonli a’zosi sifatida tenglik, hamkorlik, ko‘p qirralilik va xalqaro siyosiy tizimni himoya qilish tamoyillariga sodiqligini ko‘rsatmoqda

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    80
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+