Tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot tarafdorimiz

27.09.2023, 17:00

Tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot tarafdorimiz

Birlashgan Millatlar Tashkiloti – butun yer sayyorasida tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan eng nufuzli tuzilma. BMT a’zosi bo‘lgan har bir davlat xalqaro munosabatlarning asosiy tamoyillarini o‘zida aks etgan va xalqaro shartnomalardan iborat tashkilot ustavida belgilangan majburiyatlarga amal qiladi.

Qurolli to‘qnashuvlar, xalqaro tinchlik va barqarorlikka tahdidlar kuchaygan sharoitda BMTning tinchlik va xavfsizlik, barqarorlik, inson huquqlarini himoya qilish, barqaror rivojlanishni ta’minlash yo‘lida a’zo davlatlar sa’y-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan universal xalqaro tuzilma sifatidagi roli va mas’uliyati tobora ortib bormoqda.

Keyingi yillarda O’zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlik yuksak darajaga ko‘tarildi. 140 ta qo‘shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi. O’zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 6 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi, Orolbo‘yi mintaqasi aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus Trast fondi faoliyat yuritmoqda.

O’zbekiston BMTning qator nufuzli tuzilmalari a’zosi etib saylandi va ularning ishida faol ishtirok etib kelmoqda. Birgalikda global kun tartibga ega, xususan, oziq-ovqat xafsizligini ta’minlash, turizmni rivojlantirish, kambag‘allik va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha yirik xalqaro tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Mamlakatimiz tashkilotning to‘laqonli a’zosi sifatida BMTning maqsad va nizomlariga qat’iy rioya qiladi, o‘z ovozi va mavqeiga ega davlat sifatida esa Tashkilot faoliyatiga oid favqulodda muhim va dolzarb tashabbuslarni ilgari suradi. Bu, ayniqsa, 2017 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilk chiqishidan buyon yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbari Bosh Assambleya 78-sessiyasida ham hamjihatlik va amaliy hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘ygan holda mamlakatlarni jipslashtirish zarurligini qayd etdi.

Bu borada aniq misol sifatida umumiy xavfsizlik va taraqqiyotga qaratilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi”ni ko‘rsatish mumkin. Uning asosiy maqsadi turli mamlakatlar va xalqlarning bugungi kuni va istiqboli uchun mas’uliyatni har tomonlama chuqur anglash, ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb qilishdan iborat.

BMT Bosh kotibi tashabbusi bilan 2024 yilda Kelajak sammiti o‘tkazilishi xalqaro va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishga, Tashkilotning ta’siri va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Davlatimiz rahbarining yuksak minbardan turib so‘zlagan nutqidagi mamlakatimiz bo‘yicha qator prinsipial fikrlarini alohida ko‘rsatib o‘tsak. Birinchi navbatda, bu huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat bo‘lmish yangi O’zbekistonni barpo etish siyosatini qat’iy davom ettirish haqidagi bayonotiga taalluqlidir. Ya’ni, O’zbekiston “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yo‘lidan dadil ilgari borishini anglatadi.

O’z navbatida, xalqimiz manfaatlariga to‘la javob beradi. Xususan, global tahdidlarga qaramasdan, so‘nggi olti yilda yalpi ichki mahsulot hajmi bir yarim martadan ortiq ko‘paydi va 2030 yilga qadar bu ko‘rsatkichni yana 2 barobarga oshirish rejalashtirilgan. Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosat tufayli mamlakatimizda 2017 yildan buyon kambag‘allik ikki barobarga kamaydi. 2030 yilgacha uni 7 foizga tushirish reja qilingan.

Tashqi siyosatda O’zbekiston uchun bundan buyon ham Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, barqarorlik, o‘zaro hamkorlik va rivojlanish muhitini mustahkamlash yo‘lidan qat’iy borish muhim ahamiyatga ega. Uni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish O’zbekiston tashqi siyosatida bundan buyon ham ustuvor maqsad bo‘lib qoladi. 2017 yildan buyon O’zbekiston va barcha qo‘shni mamlakatlarning birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli davlat chegaralari, transport koridorlari va suvdan foydalanish bo‘yicha muammolarni bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro savdo ikki yarim barobardan ziyod, qo‘shma korxonalar soni esa besh marta o‘sdi. Mintaqamiz iqtisodiy rivojlanish markaziga, Sharq va G’arbni, Shimol va Janubni bog‘laydigan transport-kommunikatsiya ko‘prigiga aylanib bormoqda.

Shu o‘rinda, Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan global va mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan qator tashabbuslarga to‘xtalib o‘tsak. Birinchidan, O’zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ushbu sohada hamkorlikni kuchaytirish maqsadida yaqinda mintaqamiz davlatlari tomonidan Yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlari haqidagi bitim imzolandi. Bu sohada BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan samarali hamkorlik o‘rnatish maqsadida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etish va uning doirasida “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

Ikkinchidan, ekstremizm tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun birgalikdagi harakatlarni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi. Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Milliy strategiyamiz doirasida ilgari ekstremizm g‘oyalari ta’sirida bo‘lgan shaxslarni sog‘lom hayotga qaytarish va jamiyatga moslashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. O’zbekiston bu yo‘nalishdagi harakatlarni davom ettirish uchun BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi shafeligida urush hududlaridan qaytganlar bilan tizimli ishlash bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashini tuzishga qaratilgan amaliy qadamlarni tashladi.

Uchinchidan, Shavkat Mirziyoyev so‘nggi paytlarda ayrim mamlakatlarda ko‘zga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Jahon miqyosida dinlararo bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish maqsadida O’zbekistonda YuNYeSKO shafeligida Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik xalqaro markazini tashkil etish taklif qilindi.

Buyuk olimlarning boy merosini o‘rganish, islomning asil insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil O’zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

To‘rtinchidan, Prezidentimiz Afg‘onistonning muzlatilgan xalqaro aktivlarini bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga yo‘naltirish uchun maqbul mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqirdi.

Qayd etish joizki, BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida ishtirok etish Prezidentimizga AQShda qator uchrashuvlar o‘tkazish imkonini berdi. Xususan, Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchilarining “C5+1” formatidagi birinchi sammitida ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari butun mintaqa rivoji uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan, jumladan, transport yo‘laklarini rivojlantirish va boshqa shu kabi ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi.

Umuman olganda, O’zbekiston BMTning teng huquqli va to‘laqonli a’zosi sifatida tenglik, hamkorlik, ko‘p qirralilik va xalqaro siyosiy tizimni himoya qilish tamoyillariga sodiq ekanini ko‘rsatmoqda. Prezidentimizning chiqishi O’zbekiston so‘nggi yillarda xalqaro  nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish, mamlakatlar o‘rtasida hamkorlik, muloqot, global harakatlarni yo‘lga qo‘yish, butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilish tashabbuskori bo‘layotganini yana bir karra yaqqol ko‘rsatdi.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari

  • Ko'rildi
    108
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+