“Yoshlar daftari”: Yangi imkoniyatlar va kompleks yondashuv

28.09.2023, 16:37

“Yoshlar daftari”: Yangi imkoniyatlar va kompleks yondashuv

Mamlakatimizda ertangi kunimiz egalari — yoshlarning doim izlanish va intilishda bo‘lishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularga barcha sohalarda o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit hamda imkoniyatlar yaratib berish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sanaladi.

Shu nuqtai nazardan, so‘nggi yetti yilda yurtimizda yoshlarga muammo emas, rivojlanishning asosiy drayveri, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning faol ishtirokchisi, yangi g‘oyalarning dadil tashabbuskori, xalqimizning tayanchi va suyanchi sifatida yondashilmoqda.

Yigit-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og‘ir, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari, chin yetim va nogironligi bo‘lgan yoshlarga manzilli ko‘maklashish bo‘yicha mutlaqo yangicha tizim yaratildi.

Yoshlar bandligini ta’minlash, ularning muammolarini hal etishga qaratilgan mutlaqo yangi tizim — “Yoshlar daftari” joriy etilgani mazmun-mohiyatiga ko‘ra, juda sodda va samarali usul ekani allaqachon isbotlandi. Uning berayotgan ijobiy hosilalarini bugun yigit-qizlarimiz o‘z hayotida his etib turibdi.

Agar raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, joriy yil boshidan ushbu daftarga kirish uchun 360 436 ta onlayn murojaat kelib tushgan. Shundan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning 340 440 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilib, 243 591 nafariga amaliy yordam ko‘rsatildi.

Ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj 14 187 nafar yoshlarga 36,2 mlrd. so‘mlik asbob-uskuna va mehnat qurollari ajratilib, o‘z hududlarida doimiy ish bilan ta’minlandi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 40 mingdan ortiq yoshlarga 107,4 mlrd. so‘m miqdorda to‘lov-shartnoma xarajatlari qoplab berilib, ta’limni davom ettirish imkoniyati yaratildi.

Davolanishga ehtiyoji mavjud 26 519 nafar yoshlarga xorij va yurtimizdagi shifoxonalarda davolanishlari va zaruriy dori-darmonlari xaridi uchun 26,2 mlrd. so‘m sarflandi. Doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmagan 6 438 nafar yoshlarga esa 28,5 mlrd. so‘m miqdorda harbiy xizmat badali qoplab berilib, bandligi ta’minlandi.

Bular hali hammasi emas. Kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan va og‘ir hayotiy vaziyatdagi 18 838 nafar yoshlarga 22,8 mlrd. so‘m miqdorda zaruriy moliyaviy ko‘mak ko‘rsatildi va qariyib 19 ming nafar yoshlarning ijtimoiy ahvoli yaxshilanishiga erishildi.

Zamonaviy kasblarni egallashga hamda xorijiy tillarni o‘rganishga qiziquvchi 3 024 nafar yoshlarga 12,3 mlrd. so‘m ajratildi. Ular “Veb-dasturlash”, “Dizayn”, “Modeling”, “Veb ilovalar yaratuvchisi” kabi kasblarga o‘qitildi.

Vatan ichra vatanli, ya’ni boshpanali bo‘lish har bir yosh oilaning orzusi. Yangi turmush qurgan yigit-qiz yo‘qki, farzandlarini o‘zining uyida dunyoga keltirib, ulg‘aytirishni istaydi. Bu borada uy-joyga ehtiyoji bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj 746 nafar yosh oilaga 1,5 mlrd. so‘m miqdorda 1 yillik turar-joy ijara xarajatlari qoplab berilgani yurtimizda hech bir yosh davlatimizning e’tibori va g‘amxo‘rligidan chetda qolmayotganidan dalolat beradi.

Mamlakatimizda yoshlar bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik faoliyatlarini qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, kasb-hunar egallashga ishtiyoqi yuqori 1 195 nafar yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish uchun 807 mln. so‘m ajratilib, ularning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga erishildi.

Dehqonchilik va tomorqa xo‘jaligini yuritish bilan shug‘ullanayotgan 582 nafar yoshlarga 807 mln. so‘mlik urug‘lik va ko‘chatlar xaridi uchun subsidiya ajratilgan holda, har birining 5-10 mln. so‘mgacha sof daromad olishlariga ko‘maklashildi.

E’tiborli tomoni, davlatning alohida ko‘magiga muhtoj “Og‘ir” toifadagi yoshlar bilan ishlash bo‘yicha 2023 yilda har bir mahallada yoshlarning balansi shakllantirilib, bu orqali 9 million nafar yoshlar 3 toifaga ajratildi va ular bilan individual ishlash tizimi joriy etildi.

Albatta, mamlakatimizda yoshlar masalasiga bu darajada katta e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Zero, ularning muvaffaqiyatlari va farovonligi mamlakat taraqqiyotiga katta ta’sir qiladi. Yoshlarda g‘ayrat, ijodiy fikrlash, innovatsion g‘oyalar bor. Ularning o‘z ishiga zamonaviy yondashuvlarni qo‘llashi kelgusida raqobatbardosh iqtisodiyot yaratishga yordam beradi.

Muxtasar aytganda, ushbu daftarning hayotga tatbiq etilishi bilan ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalar, ijtimoiy ko‘makka muhtoj yoshlar turmush tarzida tub o‘zgarishlar yuz berdi. Davlatimiz tomonidan yoshlarga ko‘rsatilayotgan ko‘mak jamiyatimiz o‘z a’zolari haqida qayg‘urayotganidan dalolat beradi. Bu jamiyatda ijtimoiy ong, mas’uliyat va faollikni shakllantirishga xizmat qiladi.

Shahnoza XOLMAXAMATOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

  • Ko'rildi
    199
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+